O'zbekiston-YUNESKO: Xivada xalqaro madaniyat forumi o'tkaziladi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining "BMT yangiliklari" saytida O'zbekistonning qadimiy shaharlaridan biri bo'lmish Xivada YUNESKO bilan hamkorlikda xalqaro madaniyat forumi o'tkazilishi haqida ma'lum qilindi.

YUNESKO necha o'n yillardan buyon Markaziy Osiyo mintaqasining umumiy tarixi va boy madaniy merosiga alohida e'tibor qaratib kelmoqda. Tashkilot tomonidan bu borada, xususan, "Ipak yo'li" loyihasi amalga oshirilmoqda.

Loyiha doirasida mintaqada turli madaniyatlar, shu jumladan, ovqatlanish va kiyinish madaniyati yuksalishi hamda noyob tarzda o'zaro uyg'unlik kasb etishida qadimiy savdo yo'llarining tutgan o'rni hamda ahamiyatini o'rganish ko'zda tutilgan. YUNESKO ekspertlarining fikricha, Xivada tashkil etiladigan xalqaro madaniyat forumi Markaziy Osiyo mintaqasining ana shu betakror tarixi va madaniyatini o'rganish va keng targ'ib etish uchun yana bir qulay imkoniyatdir.

Shuni alohida ta'kidlash kerakki, "Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” deb nomlangan ushbu xalqaro forum O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 fevraldagi Farmoni bilan tasdiqlangan 2017–2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturiga kiritilgan. Davlat dasturining 219-bandidan joy olgan mazkur tadbirni  2021 yil 20 avgustda o'tkazish belgilangan.

Bu haqda so'z borganda, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2020 yil 23 sentyabr` kuni BMT Bosh Assambleyasi 75-yubiley sessiyasi yuksak minbaridan ilk bor o'zbek tilida yangragan ma'ruzasida nafaqat xalqimiz, balki mintaqamiz, butun dunyo jamoatchiligi manfaatlariga qaratilgan bir qator yangi va dolzarb tashabbuslarni ilgari surganini ta'kidlash lozim.

Davlat rahbarining o'sha chiqishida YUNESKO bilan hamkorlikda 2021 yilda qadimiy Xiva shahrida “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” degan mavzuda xalqaro forum o'tkazish tashabbusi ham kun tartibiga qo'yilgan va YUNESKO rahbariyati tomonidan qo'llab-quvvatlangandi.

Bu tashabbusning ahamiyati shundaki, O'zbekiston Prezidenti tomonidan ushbu muhim taklif mintaqamizning madaniy-tarixiy va sivilizatsiyalarga doir merosining global ahamiyatidan kelib chiqqan holda ilgari surilgan. O'zbekiston uchun "Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida" xalqaro forumini o'tkazish bir qator omillarga ko'ra juda muhim hisoblanadi.  Jumladan:

birinchidan, mamlakatimiz yangi tashqi siyosiy yo'lini amalda tatbiq etishda "madaniyat diplomatiyasi" vositalaridan samaralari foydalanish imkoni yaratiladi;

ikkinchidan, mintaqamiz mamlakatlari jamoatchiligi orasida biz barchamiz "Markaziy Osiyo" deb ataluvchi yagona makonga mansub ekanimizni chuqur anglash tuyg'usini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi, binobarin, davlatlarimiz o'rtasidagi do'stlik va  yaxshi qo'shnichilik aloqalarini rivojlantirishda bu o'ta muhim omil hisoblanadi;

uchinchidan, O'zbekiston va Markaziy Osiyodagi boshqa mamlakatlar xalqlarining jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo'shgan ulkan hissasi yana bir bor, yangidan namoyon etiladi;

to'rtinchidan, Markaziy Osiyo xalqlarining ilmiy va intellektual merosini o'rganishga nisbatan xalqaro ilmiy hamjamiyat qiziqishini oshirishga e'tibor qaratiladi;

beshinchidan, Markaziy Osiyoda madaniy va tarixiy merosni tiklash va targ'ib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga jahon jamoatchiligining diqqati va ko'magi jalb etiladi;

oltinchidan, Xiva shahri, umuman, O'zbekistonning tarixiy diyor maqomidagi sayyohlik brendi targ'ib etiladi;

yettinchidan, xalqaro forumning YUNESKO bilan hamkorlikda o'tkazilishi mazkur nufuzli xalqaro tashkilot bilan o'zaro amaliy munosabatlarimizni yanada mustahkamlaydi.

Xulosa o'rnida shuni ham aytish joizki, "Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida" xalqaro forumini o'tkazish uchun aynan Xiva shahri tanlangani bejiz emas. Chunki Xiva – Buyuk ipak yo'lida joylashgan eng qadimiy shaharlardan biri. Xiva ming yillar davomida ta'lim va ma'rifat, ilm-fan va madaniyat markazi sifatida insoniyat uchun sivilizatsiya beshigi bo'lib xizmat qilgan. 

Xiva shahri ichidagi «Ichan-Qa'la» nomli noyob tarixiy shaharcha 1990 yilda YUNESKOning Butunjahon merosi ro'yxatiga kiritilgan. Binobarin, «Ichan-Qa'la» Buyuk ipak yo'lining muhim manzilgohi –savdo karvonlari sahro bo'ylab olis safarga otlanishdan oldin nafas rostlaydigan oxirgi obod qo'nimgoh hisoblangan.

G'ulom Mirzo

Powered by GSpeech