O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo'yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqiga xalqaro jamoatchilik va mamlakatimiz fuqarolari tomonidan keng ijobiy munosabatlar bildirilmoqda.
O'zbekiston Inson huquqlari bo'yicha kengash a'zosi sifatida ushbu uchrashuvda birinchi marta ishtirok etayotgan bo'lsa-da, davlatimiz rahbariga birinchi bo'lib nutq so'zlash imkoniyati berildi va ushbu nutqning mamlakatimizning davlat tili - o'zbek tilida yangragani millionlab yurtdoshlarimiz qalbini g'ururga to'ldirdi. Bu yurtimiz obro'-e'tibori xalqaro miqiyosda tobora ortib borayotganidan ham dalolatdir.
Mutaxassislarning fikricha, O'zbekistonning Inson huquqlari bo'yicha kengashga saylanishi mamlakatimizda inson huquqlari sohasida jiddiy o'zgarishlar ro'y berganidan dalolatdir. Prezidentimiz nutqida ana shu asosiy demokratik o'zgarishlarning ayrimlariga alohida e'tibor qaratildi.
Avvalambor, 2020 yilda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi qabul qilindi. Mazkur hujjatda inson huquqlari va erkinliklarini ta'minlash bo'yicha izchil davlat siyosatini amalga oshirishning asosiy vazifalari va yo'nalishlari belgilandi. Inson huquqlari bo'yicha milliy strategiyani ishlab chiqish jarayonida xalqaro mutaxassislar, xususan, BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi ekspertlari ishtirok etgan.
Mamlakatimizning ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy hayotida ayollarning rolini oshirishga katta ahamiyat berilmoqda. Ushbu maqsad yo'lida yanada muhim natijalarga erishish uchun kelgusida 2 ta mintaqaviy anjuman, ya'ni Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari bilan muloqot hamda mintaqaviy ayollar biznes forumini o'tkazish rejalashtirilgan.
O'zbekiston parlamenti tomonidan BMTning Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi ratifikatsiya qilinadi. Prezidentimiz Jenevadagi chiqishida bu haqda alohida to'xtaldi.
Respublikamiz aholisining yarmidan ko'pini yoshlar tashkil etishini hisobga olib, navqiron yigit-qizlar huquqlarini himoya qilish masalasiga alohida e'tibor qaratilmoqda. Shu ma'noda, davlatimiz rahbari ilgari surgan BMT homiyligida Yoshlar huquqlari bo'yicha Butunjahon konferentsiyasini o'tkazish, BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining o'ninchi forumida bu borada tegishli Konventsiya loyihasini taqdim etish va Yoshlar huquqlari bo'yicha maxsus ma'ruzachi institutini tashkil etish tashabbuslari juda muhim ahamiyat kasb etadi.
O'zbekiston Prezidenti BMTning Inson huquqlari bo'yicha ta'lim va tarbiya deklaratsiyasi 10 yilligiga bag'ishlangan Global forum o'tkazish tashabbusi bilan ham chiqdi.
Ma'lumki, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish taklifi doirasida fuqaroligi bo'lmagan shaxslar sonini qisqartirish maqsadida o'tgan yil davomida mamlakatimizda 50 ming kishi O'zbekiston fuqaroligini olgan. Joriy yilda esa yana 20 mingdan ortiq yurtdoshimiz fuqarolik pasportini oladi.
Yana bir muhim jihat: yaqin-yaqingacha majburiy mehnat, bolalar mehnati masalasida ko'p jihatdan jiddiy tanqid eshitishimizga to'g'ri kelgan. Lekin oxirgi 4-5 yil ichida yurtimizda bolalar va majburiy mehnatga batamom chek qo'yildi. Masalan, birgina 2020 yilning o'zida mamlakatimizda odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish yo'nalishidagi vazifalarni tartibga solish maqsadida 19 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan.
Sodda qilib aytganda, keyingi yillarda O'zbekistonda majburiy mehnat va bolalar mehnatini bartaraf etish borasida ulkan ishlar amalga oshirildi. Joriy yilda Bolalar ombudsmani to'g'risidagi qonun qabul qilinishi bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko'taradi.
Bundan tashqari, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashiga uchta taklif bilan murojaat qildi:
Birinchidan – sud kengashlari faoliyatining universal tamoyillarini ishlab chiqish;
Ikkinchidan – Qiynoqlarga qarshi konventsiyaning Fakultativ protokolini O'zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilish;
Uchinchidan – BMTning Qiynoqlar bo'yicha maxsus ma'ruzachisini ushbu masalalarda birgalikda ishlash uchun O'zbekistonga taklif qilish.
Davlatimiz rahbari BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Mishel Bacheletning mamlakatimizga tashrifini kutayotganimizni alohida ta'kidladi.
Prezidentimiz ta'biri bilan aytganda, O'zbekiston inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini to'liq amalga oshirishda davom etadi. Binobarin, Yurtboshiimiz nutqining tub mohiyati O'zbekistonning demokratiya, inson huquqlari va erkinliklarini targ'ib qilish hamda himoya qilish yo'lidan borishga qaratilgan qat'iy va jiddiy qarorini yana bir bor tasdiqlaydi.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, demokratik islohotlarimiz jiddiy bo'lib, yangi O'zbekistonni shakllantirishga qaratilgan. Prezidentimizning ushbu tarixiy nutqi esa inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari bilan bog'liq barcha jabhalarni qamrab olgani bilan nihoyatda ahamiyatlidir.
Ayniqsa, O'zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlarini yanada rivojlantirish, so'z erkinligini har tomonlama qo'llab-quvvatlash, qiynoqlarning oldini olish, Qiynoqlarga qarshi konventsiyaning Fakul`tativ protokolini ratifikatsiya qilish masalalariga qat'iyat bilan yondashilayotgani yurtimizda inson qadr-qimmati eng oliy qadriyat ekanidan yana bir bor dalolat beradi.
Madina Nurulloeva,
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi
Umumiy bo'limining yetakchi mutaxassisi
- Qo'shildi: 26.02.2021
- Ko'rishlar: 4518
- Chop etish