O‘zLiDeP va MTDP “Taraqqiyot bloki”ni tuzdi (+video)

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi hamda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi “Taraqqiyot bloki”ni tashkil etish yuzasidan bitim imzoladi.

Mazkur blokni tuzishdan asosiy maqsad — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi va “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyalari sa’y-harakatlarini birlashtirish orqali partiyalarning dasturiy maqsad-vazifalarini samarali amalga oshirish, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirishda siyosiy kuchlarni birlashtirishdan iborat.   

Qayd etilganidek, partiyalarning parlamentda yagona kuch sifatida birlashishiga dasturiy maqsadlar, siyosiy mafkura va yo‘nalishlar mushtarakligi va g‘oyaviy uyg‘unligi, shuningdek, ko‘p yillik faoliyat davomida to‘plangan amaliy tajriba asos bo‘lib xizmat qiladi. Ikkala partiya dasturiy qarashlar, maqsad va vazifalar jihatidan o‘zaro yaqin bo‘lib, siyosiy maydonda g‘oyaviy jihatdan o‘ng qanotda joylashgan — O‘zLiDeP o‘ng-markaz, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi esa o‘ng partiya hisoblanadi.

“Taraqqiyot bloki” 93 nafar deputatni birlashtirib, parlamentdagi ko‘pchilikni tashkil etgan holda yetakchi siyosiy kuchga aylanadi. “Taraqqiyot bloki” Prezidentimiz boshchiligida mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoyani kuchaytirish va kambag‘allikni qisqartirish, ochiqlik siyosatini yuritish, mamlakat iqtisodiyoti va xalqaro nufuzini oshirish sohalarida tarixiy islohotlar amalga oshirilganligini e’tirof etgan holda bu boradagi ishlarni izchil davom ettirish mamlakatimizni yuksaltirishning yagona to‘g‘ri yo‘li, deb hisoblaydi.   

Ta’kidlanganidek, “Taraqqiyot bloki” qudratli Yangi O‘zbekistonni barpo etish, sog‘lom, bilimli va ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalash, kuchli iqtisodiyotni shakllantirish, adolat, qonun ustuvorligi, xavfsizlik va barqarorlikni kafolatli ta’minlash maqsadida qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi, uni amalga oshirishga qaratilgan hukumat dasturini to‘la qo‘llab-quvvatlaydi. Barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash, milliy manfaatlarni qat’iy himoya qilish, ko‘p asrlik milliy-tarixiy tajribaga tayanib faoliyat yuritishni muhim deb hisoblaydi.   

“Taraqqiyot bloki”ning dastlabki yig‘ilishida uning ustuvor faoliyat yo‘nalishlari belgilab olindi. Jumladan:   

– milliy iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va eksport salohiyatini oshirish, monopol sohalarni bozor tamoyillariga o‘tkazish;   

– har bir fuqaroning xususiy mulk huquqi daxlsizligini ta’minlash, fuqarolarning iqtisodiy faoliyat erkinligini rag‘batlantirish orqali aholi turmush darajasini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;   

– so‘z erkinligiga qarshi har qanday urinishlarga qarshi turish va mustaqil nodavlat matbuot tizimini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash hamda erkinlik va ochiqlik siyosatini izchil davom ettirish;   

– ta’lim sifatini oshirish va inson salohiyatini rivojlantirish, nodavlat ta’lim muassasalarini qo‘llab-quvvatlash, davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish;   

– sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish, tibbiy sug‘urtani joriy qilish, nodavlat tibbiyot tashkilotlarini rivojlantirish;   

– soliq ma’murchiligi tizimini soddalashtirish, barcha tadbirkorlar uchun soliqni to‘lash borasida adolatli va teng sharoitlar yaratish, soliq stavkalarining o‘zgarmasligini ta’minlovchi siyosat yuritish;  

– davlat byudjeti xarajatlarini qisqartirish, raqamlashtirish orqali byurokratiyani bartaraf etish, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish;   

– fuqarolarga shaxsiy tanlov imkonini beruvchi xususiy jamg‘arma pensiya tizimini yaratish, raqobatbardosh va bozor mexanizmlari orqali boshqariladigan zamonaviy, shaffof pensiya tizimiga o‘tish;   

– mamlakat suvereniteti va xavfsizligini kafolatlash.

Yig‘ilishda ta’kidlandiki, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi va “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyalari ushbu blok orqali umumiy manfaatlarga erishish yo‘lida hamkorlikni yanada samarali yo‘lga qo‘yadi. Mazkur tashabbus milliy manfaatlarga xizmat qilib, mamlakatni yanada rivojlangan, qudratli, adolatli va zamonaviy davlatga aylantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ladi.   

Muhtarama Komilova,

Doniyor Yakubov, Anvar Ahmedov (video), O‘zA

Powered by GSpeech