2021 yil 27 iyul kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazida shu mavzuda xalqaro forum bo'lib o'tdi. Xalqaro migratsiya tashkilotining O'zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu anjuman 30 iyul – Butunjahon odam savdosiga qarshi kurash kuniga bag'ishlandi.
Tadbirdan ko'zlangan asosiy maqsad – milliy va xalqaro tajribalarni o'zaro almashish, odam savdosiga qarshi kurashning dolzarb masalalarini muhokama qilish va ushbu sohadagi o'zaro aloqalar masalalari bo'yicha Markaziy Osiyo mamlakatlari o'rtasida transchegaraviy hamkorlikni rivojlantirishdir.
Forumda vazirlik va tashkilotlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, inson huquqlari bo'yicha milliy institutlar, BMTning ixtisoslashgan tuzilmalari, O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston va Tojikistonning ilmiy-ta'lim muassasalari, fuqarolik jamiyati institutlari, shuningdek xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov tadbir ishtirokchilarini qutlar ekan, odam savdosiga qarshi kurash dunyo kun tartibidagi dolzarb masalalardan biri bo'lib qolayotganiga e'tiborni qaratdi. BMT ma'lumotlariga ko'ra, dunyo bo'yicha har yili 2,7 millionga yaqin odam odam savdosi qurboniga aylanmoqda.
Anjumanda Xalqaro migratsiya tashkilotining Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy muvofiqlashtiruvchisi Zeynal Gadjiev, Xalqaro migratsiya tashkilotining O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sanjarbek Toshbaev va boshqalar so'zga chiqdi. Ishtirokchilar odam savdosining so'ngi tendentsiyalari, ushbu hodisa bilan bog'liq qiyinchiliklar, shu jumladan KOVID-19 pandemiyasining odam savdosiga ta'siri va oqibatdarini muhokama qildilar.
Dunyoda eng shafqatsiz, g'ayriinsoniy jinoyatlardan biri bo'lgan odam savdosi har kuni dunyoning turli burchaklarida qanchadan-qancha ayollar, erkaklar va bolalarning aldanib, ekspluatatsiya ob'ektiga aylanishiga sabab bo'lmoqda. Odam savdosi – bu milliy chegaralardan chiqib, odamlarni insoniy qadr-qimmatidan mahrum etadigan global muammodir.
O'zbekiston odam savdosiga qarshi kurashish bo'yicha xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, milliy qonunchilik va mexanizmlarni takomillashtirish bo'yicha izchil choralarni ko'rmoqda.
2019 yilda O'zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasining tashkil etilishi bu yo'ldagi muhim ijobiy qadamlardan biri bo'ldi. Shuningdek, xalqaro tajribani hisobga olgan holda, 2020 yilda yangi tahrirdagi “Odam savdosiga qarshi kurash to'g'risida”gi Qonun ishlab chiqildi va qabul qilindi.
Qonunga muvofiq, odam savdosidan jabrlanganlarni identifikatsiya qilish, aniqlash ularga zarur yordam ko'rsatish hamda ularni himoya qilish, shuningdek ularning odam savdosiga qayta jalb etilishi xavfining oldini olish maqsadida amalga oshiriladi. Qonunda odam savdosi qurbonlarini ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish tartibi ham belgilangan.
Ushbu sohada amalga oshirilgan ishlar natijasida 2021 yil 1 iyul kuni AQSH Davlat departamentining Odam savdosi to'g'risidagi global hisobotida O'zbekiston ilk marotaba dunyo bo'ylab odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo'yicha samarali sa'y-harakatlarni amalga oshirayotgan ikkinchi toifadagi (TIER 2) davlatlar darajasiga ko'tarildi.
AQSH Davlat departamenti hisobotida mazkur sa'y-harakatlar doirasida O'zbekistonda odam savdosiga qarshi kurashish bo'yicha yangi qonun qabul qilingani alohida qayd etilgan. Ushbu qonunda odam savdosidan jabrlanganlarni himoya qilish qoidalari yanada mustahkamlanganligi, Jinoyat kodeksiga o'zgartishlar kiritilib, majburiy mehnat va bolalar mehnati bo'yicha jinoiy javobgarlik kuchaytirilganligi alohida ta'kidlangan.
Xalqaro anjumanda qayd etilganidek, odam savdosiga qarshi global darajada kurashish maqsadida xalqaro tashkilotlar tomonidan bir qator universal hujjatlar qabul qilingan. Xususan, O'zbekiston tomonidan BMTning Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash to'g'risidagi konventsiyasi (2003 yil 30 avgust), shuningdek Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash konventsiyasini to'ldiruvchi Odam savdosining, ayniqsa, ayollar va bolalar savdosining oldini olish hamda unga chek qo'yish va uning uchun jazolash haqidagi protokoli (2008 yil 8 iyul) ratifikatsiya qilingan.
Ayni chog'da, BMTning 2000 yil 15 noyabrdagi Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash konventsiyasini to'ldiruvchi Odam savdosining, ayniqsa, ayollar va bolalar savdosining oldini olish hamda unga chek qo'yish va uning uchun jazolash haqidagi qo'shimcha protokoli odam savdosiga qarshi kurashishning umume'tirof etilgan yagona huquqiy instrumenti hisoblanadi.
Ushbu universal xalqaro hujjat “Palermo protokoli” nomi bilan mashhurdir. Uni, 2020 yil may holatiga ko'ra, 176 ta davlat ratifikatsiya qilgan bo'lib, ushbu hujjatda ilk bor “odam savdosi” tushunchasiga keng ta'rif berilgan. Hujjat uni imzolagan mamlakatlar zimmasiga odam savdosiga qarshi kurashish, aybdorlarni jazolash va qurbonlarni himoyalash kabi majburiyatlarni yuklaydi.
Tadbirda Protokolning asosiy maqsadi bu sohadagi jinoyatchiliklarning nafaqat oldini olish yoki jabrdiydalarni himoya qilish, balki odam savdosi bilan bog'liq xatti-harakatlarga nisbatan jazo qo'llash jabhasida xalqaro hamkorlikni yo'lga qo'yishdan iborat ekanligi alohida ta'kidlandi.
Muhokamalar davomida odam savdosidan jabrlanganlarni kam identifikatsiyalashning asosiy sabablari va odam savdosi bilan bog'liq jinoyatlarning yetarli darajada samarali tergov qilinmasligi holatlari tahlil qilindi. Odam savdosini keltirib chiqaradigan sabablarga qarshi muvaffaqiyatli kurashish uchun mavjud muammolarni hal qilishda yondashuvlarni sifat jihatidan o'zgartirish, vakolatli organlarning yaqin o'zaro ta'siri va tizimli ishlashi, davlat va fuqarolik jamiyati sa'y-harakatlarini birlashtirish zarurligi qayd etildi.
Forum yakunlari bo'yicha O'zbekistonda odam savdosiga qarshi kurash bo'yicha ta'sirchan mexanizmlarni yaratish, odam savdosidan jabrlanganlarni aniqlash va ularga zarur ijtimoiy yordam ko'rsatish tizimini takomillashtirishga qaratilgan bir qator tavsiyalar ishlab chiqildi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 27.07.2021
- Ko'rishlar: 4101
- Chop etish