O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari Akmal Saidov Qonunchilik palatasi deputatlari boshqarayotgan xorijiy davlatlar parlamentlari bilan tuzilgan do'stlik guruhlari rahbarlari bilan ishchi yig'ilishi o'tkazdi. Unda 2020 yilda guruhlarning amalga oshirgan faoliyati to'g'risida hisobotlar eshitildi.
Yig'ilishda do'stlik guruhlari rahbarlari joriy yilda amalga oshirilishi mo'ljallanayotgan rejalarga to'xtaldilar, deyiladi parliament.gov.uz sayti xabarida. Deputatlar parlament diplomatiyasi rolini oshirishga qaratilgan fikr-mulohazalarini bildirdilar. Xususan, hamkorlik jarayonida qonun ijodkorligi faoliyati bilan bir qatorda, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda madaniy-gumanitar sohalarda parlamentlarning imkoniyatlaridan keng foydalanishga kelishib olindi.
So'nggi yillarda qonun ijodkorligi faoliyati jarayonlariga yangicha yondashuvlar kirib kelmoqda. Qonunchilik palatasi faoliyatining ko'lami ham, ish hajmi ham mamlakatimizda kechayotgan keng ko'lamli o'zgarishlarga hamohang bo'lmoqda.
Eng muhimi, jamiyat hayotida parlamentning roli tubdan o'zgarmoqda. Xususan, qonunchilik tashabbusi huquqi sub'ektlarining qonun ijodkorligi jarayonidagi faolligi va mas'uliyati oshib bormoqda.
Qonun loyihalarining xalqaro shartnomalarga, O'zbekistonning xalqaro reytinglardagi o'rnini yaxshilash bo'yicha tavsiyalarga mosligini o'rganish amaliyoti yo'lga qo'yilmoqda. To'g'ridan-to'g'ri amal qiladigan, boshqacha aytganda, ijro etilishi uchun qonunosti hujjati ishlab chiqilishini talab etmaydigan qonunlarni qabul qilishga e'tibor kuchaytirilmoqda.
Deputatlarning saylov okruglaridagi faoliyati ham mazmunan o'zgardi. Xalq vakillarining har biri muntazam ravishda o'z okrugida bo'lib, hududning hayotidan doimiy xabardor bo'lib turibdi. Jamoatchilik bilan muloqotlar asnosida ko'tarilayotgan muammolar va amaliy takliflar Qonunchilik palatasida ko'rib chiqilayotgan masalalarda o'z aksini topmoqda.
Qonunchilik palatasining xalqaro hamkorlik bo'yicha faoliyati haqida so'z borganda, deputatlar oxirgi yillarda parlament diplomatiyasi yo'nalishida ham faollik ko'rsata boshlaganini alohida ta'kidlash lozim. Bugungi kungacha Qonunchilik palatasida 18 ta va Senat bilan hamkorlikda 32 ta do'stlik guruhlari shakllantirilgani buni tasdiqlaydi.
Shuningdek, “O'zbekiston-Yevropa ittifoqi” parlament hamkorligi qo'mitasi huzurida Oliy Majlis delegatsiyasi tashkil etildi. Shunday qilib, xorijiy davlatlar parlamentlari bilan hamkorlik guruhlarining umumiy soni 50 taga yetdi.
Pandemiya sharoitiga qaramay, 2020 yilda xorijiy davlatlar parlamentlari bilan hamkorlik guruhlari doirasida turli mavzularda 34 ta onlayn videomuloqot o'tkazilgan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 15.02.2021
- Ko'rishlar: 5352
- Chop etish