Parlament kutubxonasiga mingta kitob taqdim etildi

Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini ta'minlashda parlamentlar rolini oshirish to'g'risidagi maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari surdi.

Milliy parlamentlar xalqaro majburiyatlarni milliy strategiyalar va qonunlarga  uyg'unlashtirish jarayonida muhim ahamiyat kasb etishini inobatga olsak, ushbu tashabbusning hayotiy zarurat ekani ayonlashadi. Parlamentlar davlatlarning Barqaror rivojlanish maqsadlari va inson huquqlari doirasida zimmasiga olgan majburiyatlari bajarilishida shaffoflik va hisobdorlikni ta'minlaydi.

Shu nuqtai nazardan, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi inson huquqlari sohasida parlament bilan uzoq yillardan beri faol va samarali hamkorlik qilib kelayotgani juda muhim. Ayniqsa, so'nggi yillarda bu hamkorlik yangi bosqichga ko'tarildi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 iyunda qabul qilingan «Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to'g'risida»gi farmonida bildirilgan tavsiya asosida 2020 yil 25 sentyabrda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Kengashi va Senati Kengashining qo'shma qarori bilan Inson huquqlari sohasida O'zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo'yicha Parlament komissiyasi tuzildi.

Bugungi kunda Parlament komissiyasi inson huquqlari sohasida mamlakatimizning xalqaro majburiyatlariga rioya etilishini ta'minlashda hamda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini amalga oshirishda mutasaddi tashkilotlarga, shu jumladan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markaziga yaqindan ko'maklashmoqda.

Bunday samarali hamkorlik o'zaro ma'rifiy yo'nalishda ham faol olib borilmoqda. Jumladan, joriy yilning mart oyida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi 1 ming dona o'zbek, rus va ingliz tilidagi kitoblar jamlanmasini Qonunchilik palatasining axborot-resurs markaziga beg'araz taqdim etdi.

Ushbu kitoblarning asosiy qismi Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi va BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi tomonidan nashrga tayyorlangan va chop etilgan.

Taqdim etilgan kitoblar tarkibiga deputatlar faoliyati uchun nihoyatda zarur bo'lgan huquqiy adabiyotlar bilan bir qatorda badiiy asarlar, shuningdek “Demokratlashtirish va inson huquqlari” ilmiy-ma'rifiy jurnali to'plami ham kiritilgan.

Parlament kutubxonasidan o'rin olgan ushbu kitoblar deputatlarning mutolaa uchun ajratgan vaqtlari mazmunli o'tishiga hissa qo'shadi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech