Parlament va OAV: ochiqlik, shaffoflik, hamkorlik

26 mart kuni Xalqaro press-klubning "Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va ommaviy axborot vositalari: ochiqlik, shaffoflik, hamkorlik" mavzuidagi sessiyasi bo'lib o'tdi.

Unda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ishtirok etdi va "Yangi O'zbekiston – yangi saylovlar" shiori ostida saylangan parlament bilan oldingi parlament o'rtasidagi farq haqida o'z fikrlarini bildirdi.

A.Saidov ta'kidlaganidek, 2017 yilda tasdiqlangan Harakatlar strategiyasi ijrosi doirasida O'zbekiston parlamentini har tomonlama rivojlantirish choralari ko'rilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoevning 2016 yildan buyon o'tgan qisqa davrda Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a'zolari bilan yigirma martadan ko'proq uchrashganining o'ziyoq davlat rahbari tomonidan milliy parlament taraqqiyotiga yuksak e'tibor qaratilayotganining ifodasidir.

Bunday doimiy yuksak munosabat natijasida keyingi yillarda parlamentimizning jamiyat hayotidagi roli va ahamiyati tubdan kuchaydi. Ilgari deputatlarni ko'pchilik tanimagan bo'lsa, endilikda parlament a'zolari ijtimoiy tarmoqlarda ham o'z so'zi va mavqeiga ega bo'lib bormoqda.

Siyosiy partiyalar va ularning quyi palatadagi fraktsiyalari faolligi oshdi. O'z navbatida, ochiqlik va oshkoralik, partiyaviy raqobat va sog'lom tanqid ruhida o'tayotgan majlislar parlamentning tom ma'nodagi "Xalq uyi"ga aylanishida muhim omil bo'lmoqda.

Misol uchun, "Hukumat soati" tadbirini olaylik. Oldin faoliyatimizda bunday tajriba kuzatilmagan. Endi esa navbati bilan fraktsiyalar tomonidan tayyorlanadigan ana shu tadbirlarda hukumat a'zolari bilan jonli va tortishuvlarga boy munozaralar o'tkazish odat tusiga kirdi. Afsuski, parlament hayotining ana shu qiziqarli jarayonlarini to'g'ridan-to'g'ri yoritishda OAV, xususan, televideniening faolligi hozircha unchalik sezilmayapti.

Parlament tarkibidagi o'zgarishlar ham alohida diqqatga loyiqdir. Xususan, bundan 30 yillar avval Oliy Majlis deputatlari tarkibida xotin-qizlar soni atigi 8 foizni tashkil etgan bo'lsa, endilikda bu ko'rsatkich 32 foizga yetdi. Bu borada O'zbekiston dunyoning 190 ta parlamenti orasida 32-o'rinni egallab, ayollarga keng o'rin berilgan 50 ta parlament safidan joy oldi.

Milliy parlamentda yoshlar soni 6 foiz bo'lib, bu jahon miqyosidagi ko'rsatkichdan (2 foiz) 3 barobar ko'pdir. Oliy Majlis palatalari tarkibidagi bunday muhim sifat o'zgarishlari, xususan, gender tenglik ta'minlanishi va yoshlarga imkon qadar keng yo'l ochilishi, albatta, parlament salohiyati yuksalishiga ham  ijobiy ta'sir ko'rsatdi. Parlamentimizning qonun ijodkorligi va parlament nazorati sohasidagi faoliyatida sur'at hamda samara tobora oshmoqda.

Yana bir muhim jihat. Ilgari Oliy Majlis xalqaro va mintaqaviy parlament tashkilotlarining aksariyatiga a'zolikdan chiqib ketgan bo'lsa, ayrimlariga a'zo ham bo'lib kirmagandi. Sodda qilib aytganda, milliy parlamentimizning parlamentlararo aloqalari uzilib qolgandi.

Bugungi kunda O'zbekiston parlamentining ovozi jahon bo'ylab yangramoqda. Bu haqda fikr yuritganda, davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini ta'minlashda parlamentlar rolini oshirish to'g'risidagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari surganini alohida ta'kidlash lozim.

Nega deganda, milliy parlamentlar xalqaro majburiyatlarni milliy strategiyalar va qonunlarga  uyg'unlashtirish jarayonida juda katta rol` o'ynaydi. Parlamentlar davlatlarning Barqaror rivojlanish maqsadlari va inson huquqlari doirasida zimmasiga olgan majburiyatlari bajarilishida shaffoflik va hisobdorlikni ta'minlaydi.

Muxtasar aytganda, bugun parlament a'zolari o'zlarining deputatlik kabinetlarida o'tirib emas, balki o'z saylov okruglarida va murojaatchilar yashaydigan joylarda, bevosita xalq orasida ish olib bormoqda. Zero, deputatga xalq ovoz beradi va deputat shu ovozga munosib bo'lishi kerak. 

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech