2021-yil 16-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Senat aʼzolari, manfaatdor vazirlik va idoralar vakillari, mutaxassislar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Majlisda Oliy Majlis Senatining yigirma birinchi yalpi majlisida ko‘rib chiqilishi ko‘zda tutilgan masalalar dastlabki tarzda muhokama qilindi. Jumladan, inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi direktorining O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarining bajarilishi holati haqidagi axboroti ko‘rib chiqildi.
Majlisda o‘tgan ikki yil mobaynida O‘zbekiston inson huquq va manfaatlari himoyasini taʼminlash borasida salmoqli yutuqlarga erishgani taʼkidlandi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining milliy qonunchiligi va huquqiy amaliyotni inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarga moslashtirish maqsadida xalqaro mehnat tashkilotining “Mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga ko‘maklashuvchi asoslar to‘g‘risida”gi konvensiyasi va BMTning “Nogironlar huquqlari to‘g‘risida”gi konvensiyasi ratifikatsiya qilindi.
Bundan tashqari, senatorlar inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni bajarishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinganini taʼkidladilar.
Ushbu hujjatda qiynoqlarni aniqlash va oldini olish yuzasidan jamoat guruhlarini tashkil etish bo‘yicha bir qator normalar belgilangan, jumladan ularning javobgarligi, qiynoqdan jabr ko‘rganlarga ijtimoiy, huquqiy, psixologik yordam ko‘rsatish aniq belgilab qo‘yilgan.
O‘z navbatida, Oliy Majlis Senati tomonidan “O‘zbekiston Respublikasida 2030 yilgacha gender tenglikka erishish strategiyasi” ishlab chiqildi va tasdiqlandi.
Taʼkidlash lozimki, O‘zbekiston BMTning Inson huquqlari Kengashiga aʼzo bo‘lishi mamlakatda inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan ishlarda alohida masʼuliyat yuklaydi. Bu esa, o‘z navbatida, ushbu muhim jarayonga jalb qilingan respublikaning barcha davlat hokimiyati organlarining yuqori darajadagi javobgarligini belgilaydi.
Senatorlar inson huquqlari sohasida xalqaro standartlarni qo‘llash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishni taʼminlash borasida hali hal etilmagan masalalar mavjudligini taʼkidladilar. Inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni kechiktirib bajarish yoki noto‘g‘ri ijro etish holatlari alohida tilga olindi. Misol uchun, 46 ta bandning 11 ta band bo‘yicha tadbirlar amalga oshirilmagan.
“Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirish, mamlakat qonunchiligi va huquqni qo‘llash amaliyotiga inson huquqlarini taʼminlash sohasidagi BMT tavsiyalarini joriy etish bo‘yicha aniq tavsiyalar berildi.
Majlis yakunlari bo‘yicha qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.
- Qo'shildi: 17.11.2021
- Ko'rishlar: 3320
- Chop etish