Pol`shada O'zbekistonning inson huquqlari sohasidagi islohotlariga bag'ishlangan kitob nashr etildi

Varshavada “Inson huquqlarini hurmat qilish: O'zbekistondagi sud-huquq islohotlari misolida” nomli risola nashrdan chiqdi. Yangi kitob Pol`shaning “Marszatek Holding” nashriyot-matbaa markazi tomonidan chop etildi.

Risola O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev rahbarligida keyingi besh yilda mamlakatda inson huquqlariga amal qilish va ushbu sohaning zarur huquqiy-normativ asoslarini yaratish borasida amalga oshirilgan muhim islohotlar samaralariga bag'ishlangan. Uning sahifalarida O'zbekiston Prezidentining asarlari, ma'ruza va nutqlaridagi g'oya va fikrlardan ko'plab iqtiboslar berilgan.

Kitob bir nechta fasldan iborat. Muqaddima qismida 2021 yilda O'zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yilligi keng nishonlanishi alohida ta'kidlangan. Bu tarixiy sana “Yangi O'zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” degan ezgu g'oya asosida keng bayram qilinadi.

Dastlabki faslda davlatimiz rahbarining 2021 yilda Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasi tahlilga tortilgan. Yana bir faslda O'zbekistonda 2021 yilning “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” yili deb nomlangani va shu nomdagi Davlat dasturi izchil amalga oshirilayotgani haqida so'z boradi.

Kitobning navbatdagi faslida Prezident Shavkat Mirziyoevning BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqi e'lon qilingan. Mazkur nutqning mohiyati va ahamiyati chuqur talqin etilgan sahifalarda O'zbekiston Inson huquqlari bo'yicha kengash a'zosi sifatida birinchi marta ushbu nufuzli xalqaro tashkilotga saylangani va uning tarkibida qat'iyat bilan faoliyat olib borayotgani qayd etilgan.

Yurtboshimizning demokratik islohotlari yangi O'zbekistonni bunyod etishga qaratilgan bo'lib, bu o'zgarishlar ortga qaytmaydigan tus oldi. Kitobda O'zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Inson huquqlari yo'lida harakatga da'vat” tashabbusini ilgari surish uchun barcha xorijiy va xalqaro sheriklari bilan yaqin hamkorlikni davom ettirayotgani e'tirof etilgan.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi O'zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgach qo'shilgan birinchi xalqaro huquqiy hujjatdir. O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalari Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qoidalariga to'la mos keladi.

O'zbekiston Konstitutsiyasining norma va printsiplaridan kelib chiqib, bundan besh yil oldin Harakatlar strategiyasi qabul qilindi hamda mamlakatda keng ko'lamli va shiddatli demokratik islohotlar boshlab yuborildi. Bugungi kunda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi amalda tatbiq etilayotgani ham alohida e'tiborga sazovor.

Ayniqsa, so'nggi yillarda mamlakatda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, fuqaro va tadbirkorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralarini kuchaytirish, odil sudlovni samarali ta'minlash hamda sud`yalar hamjamiyati rolini oshirish bo'yicha shiddatli yangilanishlar amalga oshirilmoqda. Natijada odil sudlov jarayonida inson huquqlarini himoya qilish darajasi yangi bosqichga chiqdi.

Kitob sahifalaridan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidovning “Yangi O'zbekistonning inson huquqlari sohasidagi yangi tashabbuslari” nomli maqolasi ham joy olgan. Maqolada O'zbekiston Prezidenti BMT yuksak minbaridan ayni sohada ilgari surgan milliy, mintaqaviy va xalqaro tashabbuslarning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida atroflicha fikr yuritilgan.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech