Prezidentimizning BMT Kengashidagi yangi tashabbuslari

So'ngi besh yillik davrda yangi O'zbekistonda inson, uning huquq va erkinliklariga bo'lgan qarash tubdan o'zgardi. Mamlakatimiz tarixda birinchi marta BMT tizimidagi eng nufuzli hukumatlararo organlardan biri — Inson huquqlari bo'yicha kengash a'zosi etib saylandi.

Hozirgi kunda mamlakatimizning inson huquqlari sohasidagi xalqaro tuzilmalar bilan yaqin hamkorlik aloqalari kengaymoqda. Shu bilan birga, huquqni himoya qilish borasida hukumatga qarashli bo'lmagan tashkilotlar bilan amaliy muloqotlar izchil yo'lga qo'yilgan.

2020 yilda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi qabul qilinib, mazkur hujjatda inson huquqlari va erkinliklarini ta'minlash bo'yicha davlat siyosatini amalga oshirishning asosiy vazifalari va yo'nalishlari belgilab berildi. Umuman, so'nggi yillarda O'zbekistonda amalga oshirilayotgan tub islohotlar ortga qaytarib bo'lmaydigan mohiyat kasb etmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Inson huquqlari bo'yicha kengashning 46-sessiyasida ishtirok etishi va unda nutq so'zlashi sessiyaning ahamiyatini yanada oshirdi, desak mubolag'a emas. Yurtboshimiz «O'zbekiston Inson huquqlari bo'yicha kengash a'zosi sifatida xalqaro huquqning inson huquqlariga oid umume'tirof etilgan printsip va normalarini qat'iy himoya qiladi va faol ilgari suradi», deya alohida ta'kidladi.

Inson huquqlari bo'yicha kengashning sessiyasida O'zbekiston Respublikasi birinchi marta teng huquqli a'zo sifatida ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari o'z nutqida inson huquqlari va erkinliklarini ta'minlash, gender siyosati, nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlarini ta'minlash, yoshlar huquqlarini himoya qilish, majburiy mehnat va bolalar mehnatini yo'q qilish, fuqaroligi bo'lmagan shaxslar sonini kamaytirish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida to'xtaldi.

Ushbu maqsadlarga erishish uchun 2021 yilda yoshlar va aholi salomatligini qo'llab-quvvatlash shiori ostida "Markaziy Osiyo mamlakatlari ayol yetakchilari muloqoti" va xalqaro forumi o'tkazilishi rejalashtirilgan.

Qonunchilik faoliyatini takomillashtirish maqsadida nogironlar huquqlari to'g'risidagi va Bolalar ombudsmani to'g'risida qonunlar qabul qilinadi.

Davlat rahbari Jenevadagi chiqishida fuqaroligi bo'lmagan shaxslar sonini kamaytirish muammosiga alohida e'tibor qaratdi. Xususan, 2020 yilda 50 ming vatandoshimiz O'zbekiston fuqaroligini olgan, 2021 yilda esa yana 20 ming kishiga fuqarolik berish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, davlatimiz rahbari O'zbekiston Respublikasi BMTning Qiynoqlarga qarshi konventsiyasiga qo'shimcha Ixtiyoriy protokolni ratifikatsiya qilish, inson huquqlari bo'yicha ta'lim tizimini rivojlantirish, BMTning inson huquqlari sohasidagi ixtiyoriy jamg'armasiga hissa qo'shish, fuqarolik jamiyati institutlarini takomillashtirishda davom etish va so'z erkinligini to'liq qo'llab-quvvatlash bo'yicha bir qancha tashabbuslarni ilgari surdi.

Xususan, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari to'g'risidagi kodekslar tayyorlanishi ta'kidlandi. Bu hujjatlarni tayyorlashda BMTning din va e'tiqod erkinligi masalalari hamda sudyalar va advokatlarning mustaqilligi bo'yicha maxsus ma'ruzachilari bildirgan takliflar to'liq hisobga olinadi.

Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, ushbu tarixiy nutq inson huquq va manfaatlari bilan bog'liq barcha jabhalarni qamrab olgani, shubhasiz, yurtimizda inson qadr-qimmati eng oliy qadriyat ekanidan dalolat beradi.

Muqaddas Qosimova,
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi xodimi

Powered by GSpeech