Qiynoq holatlarini aniqlash bo'yicha jamoatchilik guruhlari tarkibi kengaytiriladi

Prezidentning “Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhlari tarkibiga Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi, O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil ekspertlari, tibbiyot xodimlari, nodavlat-notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlari vakillarini jalb qilish tavsiya etildi.

Belgilanishicha, jamoatchilik guruhlariga ekspertlarni jalb qilishda, ularning monitoring tashriflarini amalga oshirish uchun yetarli bo‘lgan kasbiy malakasi, tajribasi hamda gender tengligi hisobga olinadi.

Jamoatchilik guruhlarining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilanmoqda:

  • harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga (gauptvaxtada hibsda saqlash qo‘llanilgan, ma'muriy qamoqqa olingan, jinoyat ishini yuritish chog‘ida ushlab turilgan va qamoqqa olingan, ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lgan jazolarga hukm qilingan, majburiy davolash muassasalari) qiynoqlar oldini olish bo‘yicha monitoring tashriflarini amalga oshirish;
  • harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda saqlash shart-sharoitlariga taalluqli ma'lumotlar yig‘ish;
  • qiynoq holatlari to‘g‘risida murojaatlar qabul qilish, ularni monitoring tashriflari bo‘yicha hisobotga kiritish va ombudsmanga taqdim qilish;
  • qiynoq holatlarini aniqlash va ularni tezkor bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalarni tegishli muassasaga (organga) taqdim qilish;
  • qiynoq holatlari to‘g‘risidagi murojaatlarni tezkor va xolisona ko‘rib chiqish hamda uni keltirib chiqargan sabablarni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalarni tegishli muassasaga (organga) taqdim qilish;
  • qiynoqdan jabrlanganlarga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy yordam ko‘rsatilishi bo‘yicha tegishli muassasaga (organga) taqdimnoma kiritish;
  • qiynoqlar xavfini kamaytirish va oldini olish hamda bu sohada ilg‘or tajribani joriy qilishga qaratilgan takliflar ishlab chiqish.

Belgilanishicha, jamoatchilik guruhi a'zolari monitoring tashriflari davomida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar yoki ularning qonuniy vakillari bilan shaxsan va xoli uchrashadi.

Jamoatchilik guruhlari qonuniylik, hisobdorlik, ochiqlik va shaffoflik prinsiplari asosida, mustaqil faoliyat olib boradi.

Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari jamoatchilik guruhlari qonuniy faoliyatini amalga oshirishiga ko‘maklashadi.

Jamoatchilik guruhlari a'zolari xavfsizligini ta'minlash monitoring tashriflari o‘tkaziladigan muassasa zimmasiga yuklatiladi.

Jamoatchilik guruhlari a'zolari qonunga zid harakat qilgan taqdirda monitoring tashriflari o‘tkazilayotgan muassasa ma'muriyati rahbari bu haqda ombudsmanni yozma ravishda xabardor qiladi.

Manba: kun.uz

Powered by GSpeech