O'zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgach, jahon hamjamiyatining to'laqonli a'zosi sifatida o'zining Konstitutsiyasida demokratiyaga, inson huquqlariga sodiqligini e'lon qildi hamda shaxs manfaatlarining jamiyat va davlat manfaatlaridan ustuvor ekanligini tan oldi. Mamlakatimiz nufuzli xalqaro tashkilot – Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson huquqlari bo'yicha asosiy hujjatlariga qo'shildi va ularga rioya qilish majburiyatini o'z zimmasiga oldi.
Konstitutsiyamizning 13-moddasida O'zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy printsiplarga asoslanishi, inson, uning hayoti, erkinligi, sha'ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi hamda demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinishi kafolatlab qo'yilgan.
Shuningdek, Konstitutsiyaning 26-moddasi talabiga ko'ra, hech kim qiynoqqa solinishi, zo'ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas.
So'ngi to'rt-besh yil davomida ushbu konstitutsiyaviy normalar davlatimiz rahbarining bir qator farmonlarida o'z ifodasini topdi. Xususan, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 noyabrda qabul qilingan “Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmoni 2-bandida noqonuniy uslublar bilan, shu jumladan jinoyat protsessi ishtirokchilari yoki ularning yaqin qarindoshlariga nisbatan qiynoqqa solish, psixologik va jismoniy tazyiq va boshqa shafqatsiz, g'ayriinsoniy yoxud qadr-qimmatni kamsituvchi muomala turlarini qo'llagan holda olingan ma'lumotlardan jinoyat ishlari bo'yicha dalil sifatida foydalanishga yo'l qo'yilmasligi mustahkamlangan.
Prezidentimizning 2017 yil 22 dekabrda Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasida bundan buyon O'zbekistonda hibsga olingan va jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslarga nisbatan qiynoqqa solish, ruhiy hamda jismoniy bosim o'tkazish, boshqa g'ayriinsoniy zo'ravonlikka mutlaqo yo'l qo'yilmasligini ta'minlash, bunday harakatlarni sodir etgan xodim yoki kimningdir “buyurtmasi”ni bajargan har qanday shaxsni, kim bo'lishidan qat'i nazar, muqarrar qonuniy jazoga tortish bo'yicha vazifalar belgilangan.
O'zbekiston Prezidentining 2018 yil 14 maydagi qarori bilan ma'qullangan O'zbekiston Respublikasining Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish kontseptsiyasining 1,3,4-bandlarida qiynoqqa solish usullaridan foydalangan holda jinoyat sodir etishda aybdor bo'lgan shaxslarga nisbatan keskin jinoiy-huquqiy siyosatni davom ettirish vazifasi nazarda tutilgan.
Prezidentimizning 2018 yil 7 noyabrdagi qarori bilan ma'qullangan 2019 – 2021 yillarda O'zbekiston Respublikasi jinoyat-ijroiya qonunchiligini takomillashtirish kontseptsiyasida jinoiy-ijroiya tizimini umume'tirof etilgan xalqaro standartlar talablariga muvofiqlashtirish, ilg'or xorijiy amaliyotni hisobga olgan holda takomillashtirish, tizim faoliyatiga zamonaviy shakl va usullarni keng joriy etish, shaffoflik va oshkoralikni ta'minlash ustidan nazoratni takomillashtirish, jazoga hukm qilingan shaxslarning huquqlari himoyasini kuchaytirish, ularning sha'ni va qadr-qimmati hurmat qilinishini ta'minlashning ishonchli va samarali mexanizmlarini yaratish singari ustuvor vazifalar belgilangan (1.1, 1.4, 3.1, 3.2, 4-bandlari).
O'zbekiston Prezidenti 2020 yil 22 iyunda qabul qilgan “Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi farmonda qiynoqlarning oldini olish bo'yicha institutsional mexanizmlarni takomillashtirish, shu jumladan Fakul`tativ protokoliga qo'shilish masalasini ko'rib chiqish (ushbu Farmon bilan tasdiqlangan “Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini amalga oshirish bo'yicha “yo'l xaritasi”ning 58-bandida), inson huquqlari bo'yicha milliy institutlar faoliyatining huquqiy asoslarini, qiynoqlarning oldini olish bo'yicha milliy preventiv mexanizmni yanada takomillashtirish, ozodlikdan mahrum qilish joylarida va boshqa yopiq muassasalarda inson huquqlari buzilishlarining oldini olish (ushbu Farmon bilan tasdiqlangan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasining 4.3-bandida) vazifalari belgilangan.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 22 fevral` kuni BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi 46-sessiyasining Yuqori darajadagi segmentida so'zlagan nutqida qiynoqlarning oldini olish bo'yicha milliy preventiv mexanizmni takomillashtirish, odamning qadr-qimmatini yerga uradigan, insoniylikka zid bo'lgan har qanday qiynoq ko'rinishlarining oldini olish tizimini rivojlantirish mamlakatimizda demokratik o'zgarishlarni yanada chuqrlashtirish va BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi doirasidagi faoliyatimizning ustuvor yo'nalishlaridan biri ekanligi ta'kidlandi.
Shuningdek, Prezidentimizning 2021 yil 3 fevraldagi Farmoni bilan tasdiqlangan «2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi” hamda 2020 yil 22 iyundagi “Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi farmonida belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkilotining ustav va shartnomaviy organlari tavsiyalarini hisobga olgan holda qiynoqlarning oldini olish bo'yicha milliy preventiv mexanizmni takomillashtirish, odamning qadr-qimmatini yerga uradigan, insoniylikka zid bo'lgan har qanday qiynoq ko'rinishlarining oldini olish tizimini rivojlantirish vazifasi belgilangan.
Shuni qayd etish lozimki, O'zbekiston BMTning Qiynoqlarga qarshi konventsiyasini 1995 yilda ratifikatsiya qilib, inson huquq va erkinliklari sohasida, shu jumladan, qiynoqlarga yo'l qo'ymaslik uchun zarur tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratishga doir xalqaro majburiyatlarini bajarish yo'lida tizimli, izchil va bosqichma-bosqich chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda.
Jumladan, xalqaro majburiyatlarini bajarish doirasida BMTning Qiynoqlarga qarshi qo'mitasiga O'zbekistonning beshta ma'ruzasi taqdim etilgan. Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi doirasida qiynoqlarning oldini olish sohasida qonunchilik ijrosini ta'minlashga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
O'zbekiston Prezidenti BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi 46-sessiyasida milliy preventiv mexanizmni takomillashtirish hamda BMTning Qiynoqlarga qarshi konventsiyasi Fakul`tativ protokolining O'zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilinishini ma'lum qilgani, O'zbekistonni qiynoqlarga yo'l qo'ymaslik uchun zarur tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratishga doir xalqaro majburiyatlarini hisobga olib hamda Yurtboshimiz tomonidan bu yo'nalishda belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi va Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) bilan xamqorlikda Prezidentimizning “Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori loyihasi ishlab chiqdi.
Qaror loyihasida qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini quyidagi yo'nalishlarda takomillashtirish nazarda tutiladi:
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo'yicha jamoatchilik guruhlari tarkibini kengaytirish, unga inson huquqlari bo'yicha milliy institutlar ekspertlari, tibbiyot hodimlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillarini jalb qilish belgilanadi. Shuningdek, Jamoatchilik guruhlariga ekspertlarni jalb qilishda kasbiy malaka, tajriba hamda gender tengligi bo'yicha mezonlar belgilanishi nazarda tutiladi.
Jamoatchilik guruhlarining asosiy vazifalari va faoliyat yo'nalishlari sifatida:
- harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga monitoring tashriflarini amalga oshirish, u yerdagi shart-sharoitlarini o'rganish;
- qiynoq holatlari to'g'risidagi murojaatlarni qabul qilish, tezkor va xolisona ko'rib chiqish hamda uni keltirib chiqargan sabablarni bartaraf etish bo'yicha tavsiyalarni tegishli muassasaga (organga) taqdim qilish;
- ularni monitoring tashriflari bo'yicha hisobotga kiritish va Ombudsmanga taqdim qilish;
- qiynoq holatlarini aniqlash va ularni tezkor bartaraf etish bo'yicha tavsiyalarni tegishli muassasaga (organga) taqdim qilish;
- tegishli muassasaga (organga) qiynoqdan jabrlanganlarga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy yordam ko'rsatilishi bo'yicha taqdimnoma kiritish;
- qiynoqlar xavfini kamaytirish va oldini olish hamda bu sohada ilg'or tajribani joriy qilishga qaratilgan takliflar ishlab chiqish belgilanadi.
Jamoatchilik guruhlari a'zolari monitoring tashriflari davomida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar yoki ularning qonuniy vakillari bilan shaxsan va xoli uchrashishi, qonuniylik, hisobdorlik, ochiqlik va shaffoflik printsiplari asosida, mustaqil faoliyat olib borishi, davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari jamoatchilik guruhlari qonuniy faoliyatini amalga oshirishiga ko'maklashishi belgilangan.
Qiynoqning oldini olish faoliyati samaradorligini oshirish bo'yicha 2021 yil 1 yanvardan e'tiboran qator yangi ta'sirchan mexanizmlarni joriy etish nazarda tutilgan. Jumladan, “Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarning yagona reestri” elektron tizimini yuritish yo'lga qo'yiladi, shaxsning yaqin qarindoshi, qonuniy vakili va advokati ushbu tizimga kirib, shaxs saqlab turilgan joy va vaqt bilan bog'liq ma'lumotlarni oladi. Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar telefon orqali, shu jumladan videokonferentsaloqa rejimidan foydalangan holda murojaat qilishi mumkin bo'lgan Ombudsmanning “call-markazi” (murojaatlarni telefon orqali qabul qilish markazi) hamda veb-saytida maxsus rukn tashkil qilinadi.
O'zbekiston Respublikasining BMT Qiynoqlarga qarshi konventsiyasi Fakul`tativ protokoliga qo'shilishi yuzasidan takliflarni kiritish belgilangan.
O'zbekiston Respublikasi Jinoyat, Jinoyat protsessual va Jinoyat-ijroiya kodekslarining yangi tahrirdagi loyihalarida qiynoqning oldini olish tartibi, qiynoqdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik yordam ko'rsatish, qiynoq jinoyatini sodir etgan shaxslarga nisbatan shartli hukm qilish, jazoni o'tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish, jazoni yengilrog'i bilan almashtirish, javobgarlikka tortish muddatining o'tganligi, amnistiya institutlarining qo'llanilmasligi, bu boradagi normalarni Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g'ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo'llashga qarshi konventsiya talablariga muvofiqlashtirish masalalari nazarda tutilgan.
Xulosa qilib aytganda, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarorining qabul qilinishi mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklarini, eng avvalo, ularni jinoiy tajovuzlardan himoya qilishning ishonchli kafolatlarini ta'minlashga qaratilgan. Shu bilan birga, bu qaror yurtdoshlarimizning sha'ni va qadr-qimmati kamsitilishi, qonuniy manfaatlari cheklanishiga yo'l qo'ymaslik uchun xizmat qiladi.
Kamila Olimova,
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi xodimi
- Qo'shildi: 07.06.2021
- Ko'rishlar: 4201
- Chop etish