Qiynoqlarning oldini olish bo'yicha milliy tizim xalqaro standartlarga muvofiqlashtirilmoqda

O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasida hech kim qiynoqqa solinishi, zo'ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emasligi mustahkamlab qo'yilgan.  Bu boradagi islohotlar natijasini oxirgi to'rt yilda sudlar tomonidan fuqarolarning huquqlarini tiklash borasida 2 ming 770 nafar shaxs oqlangani misolida ham ko'rish mumkin. Qolaversa, so'nggi uch yilda ichki ishlar organlarining 460 nafar xodimi jinoyatga qo'l urgan bo'lsa, shundan 16 nafari qiynoq bilan bog'liq jinoyat sodir etgan.  

30 mart kuni qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirish bo'yicha ishlab chiqilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasi mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida o'tkazilgan davra suhbatida shu haqda so'z bordi. Tadbir Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo'mitasi hamda Parlamentning Inson huquqlari bo'yicha vakili (Ombudsman) hamkorligida tashkil etildi.

Ma'lumki, qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirish bo'yicha ishlab chiqilgan loyiha jamoatchilik muhokamasi uchun normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida joylashtirilib, xalqimiz muhokamasidan o'tkazilmoqda.  Davra suhbatida mazkur normativ-huquqiy hujjat loyihasining mazmun-mohiyati va ahamiyati muhokama qilindi.

Loyihaga ko'ra, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili (Ombudsman) huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo'yicha jamoatchilik guruhlari tarkibi kengaytirilmoqda. Jamoatchilik guruhlariga ekspertlar jalb qilinadi, kasbiy malaka, tajriba hamda gender tengligi bo'yicha mezonlar belgilanadi.  

Bundan tashqari, qiynoqning oldini olish faoliyati samaradorligini oshirish bo'yicha “Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarning yagona reestri” elektron tizimini yuritish yo'lga qo'yiladi. Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar telefon orqali, shu jumladan, murojaat qilishi mumkin bo'lgan Ombudsmanning “call-markazi”, ya'ni murojaatlarni telefon orqali qabul qilish markazi hamda veb-saytida maxsus rukn tashkil qilinadi.

Shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Jinoyat, Jinoyat protsessual va Jinoyat-ijroiya kodekslarining yangi tahrirdagi loyihalari ishlab chiqiladi. Bu hujjatlarda qiynoqning oldini olish tartibi, qiynoqdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik yordam ko'rsatish, qiynoq jinoyatini sodir etgan shaxslarga nisbatan shartli hukm qilish, jazoni o'tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish, jazoni yengilrog'i bilan almashtirish, javobgarlikka tortish muddatining o'tganligi, amnistiya institutlarining qo'llanilmasligi nazarda tutiladi.

Pirovardida davra suhbati ishtirokchilari jamoatchilik muhokamasiga havola etilgan O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori loyihasi qiynoqning oldini olish bo'yicha milliy tizimni umume'tirof etilgan xalqaro-huquqiy standartlarga muvofiqlashtirishga xizmat qiladi, degan fikrga keldilar.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech