Qiynoqlarning oldini olish bo'yicha tizimni takomillashtirishga qaratilgan Prezident qarori loyihasi muhokama qilinmoqda

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti 2021 yil 22 fevral kuni BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi 46-sessiyasida so'zlagan nutqida qiynoqlarning oldini olish bo'yicha milliy preventiv mexanizmni takomillashtirish, insoniylikka zid bo'lgan har qanday qiynoq ko'rinishlarining oldini olish tizimini rivojlantirish O'zbekiston uchun ustuvor yo'nalishlardan biri ekanligini ta'kidladi.

2021 yil – Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili davlat dasturida hamda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasida Birlashgan Millatlar Tashkilotining ustav va shartnomaviy organlari tavsiyalarini hisobga olgan holda, qiynoqlarning oldini olish bo'yicha milliy preventiv mexanizmni takomillashtirish vazifasi belgilangan.

Ushbu vazifa ijrosini ta'minlash maqsadida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori loyihasi ishlab chiqildi.

Qaror loyihasini qabul qilish zarurati quyidagi talablar bilan izohlanadi:

birinchidan, qiynoq holatlarining oldini olishga doir amalga oshirilayotgan ishlarning hozirgi holati talabga to'liq javob bermaydi;

ikkinchidan, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarni (gauptvaxta, maxsus qabulxona, vaqtincha saqlash hibsxonasi, tergov hibsxonasi, jazoni ijro etish koloniyasi, intizomiy qism, majburiy davolash muassasasida) ushlab turish qoidalarini buzish holatlarining oldini olish tizimini takomillashtirish zarur;

uchinchidan, qiynoqdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy, huquqiy va psixologik yordam ko'rsatish ishlarini takomillashtirish, qiynoqdan jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararni kompensatsiyalashning huquqiy asoslarini mustahkamlash kerak;

to'rtinchidan, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan muassasalarga monitoring tashriflarini amalga oshirish amaliyotini takomillashtirish lozim;

beshinchidan, O'zbekiston BMTning Qiynoqlarga qarshi konventsiyasini 1995 yilda ratifikatsiya qilgan va qiynoqlarga yo'l qo'ymaslik uchun zarur tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratishga doir xalqaro majburiyatlarni bajarish yo'lidagi chora-tadbirlarni tizimli va bosqichma-bosqich amalga oshirmoqda. Ushbu yo'nalishdagi ishlarni yanada kengaytirish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi 46-sessiyasida BMTning Qiynoqlarga qarshi konventsiyasi Fakul`tativ protokolini ratifikatsiya qilish tashabbusini ma'lum qildi.

Ushbu vazifalarning hal qilinishi mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuziga, shu jumladan iqtisodiy va siyosiy-huquqiy reyting hamda indekslardagi o'rniga ham ijobiy ta'sir ko'rsatadi.

Qaror loyihasida qiynoqlarning oldini olish tizimini takomillashtirish uchun quyidagilar nazarda tutilmoqda.

Birinchidan, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo'yicha vakili huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo'yicha jamoatchilik guruhlari tarkibini kengaytirib, unga inson huquqlari bo'yicha milliy institutlar ekspertlari, tibbiyot xodimlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillarini jalb qilish belgilanadi. Shuningdek, Jamoatchilik guruhlariga ekspertlarni jalb qilishda kasbiy malaka, tajriba hamda gender tengligi bo'yicha mezonlar ko'zda tutiladi.

Ikkinchidan, jamoatchilik guruhlarining vazifalari sifatida – harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda monitoring olib borish, qiynoq holatlari to'g'risidagi murojaatlarni qabul qilish, tezkor va xolisona ko'rib chiqish hamda uni keltirib chiqargan sabablarni bartaraf etish bo'yicha tavsiyalarni taqdim qilish, qiynoqdan jabrlanganlarga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy yordam ko'rsatilishi bo'yicha taqdimnoma kiritish, qiynoqlarning oldini olish bo'yicha ilg'or tajribani joriy qilishga qaratilgan takliflar ishlab chiqish belgilanadi.

Uchinchidan, jamoatchilik guruhi a'zolarining harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar yoki ularning qonuniy vakillari bilan shaxsan va holi uchrashishi, qonuniylik, hisobdorlik, ochiqlik va shaffoflik printsiplari asosida, mustaqil faoliyat olib borishi, davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari jamoatchilik guruhlari qonuniy faoliyatini amalga oshirishiga ko'maklashishiga doir qoidalar mustahkamlanadi.

To'rtinchidan, qiynoqning oldini olish faoliyati samaradorligini oshirish bo'yicha 2021 yil 1 yanvardan e'tiboran qator yangi ta'sirchan mexanizmlarni joriy etish nazarda tutilishi belgilangan. Jumladan, “Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarning yagona reestri” elektron tizimini yuritishni yo'lga qo'yish (shaxsning yaqin qarindoshi, qonuniy vakili va advokati ushbu tizimga kirib, shaxs saqlab turilgan joy va vaqt bilan bog'liq ma'lumotlarni oladi) hamda harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar telefon orqali, shu jumladan videokonferentsaloqa rejimidan foydalangan holda murojaat qilishi mumkin bo'lgan Ombudsmanning “call-markazi”ni (Murojaatlarni telefon orqali qabul qilish markazi) hamda veb-saytida maxsus ruknini tashkil qilish shunday mexanizmlar qatoriga kiradi.

Beshinchidan, qaror loyihasida O'zbekiston Respublikasining BMT Qiynoqlarga qarshi konventsiyasi Fakul`tativ protokoliga qo'shilishi belgilangan.

Oltinchidan, O'zbekiston Respublikasi Jinoyat, Jinoyat protsessual va Jinoyat-ijroiya kodekslarining yangi tahrirdagi loyihalarida qiynoqning oldini olish tartibi, qiynoq jinoyatini sodir etgan shaxslarga nisbatan shartli hukm qilish, jazoni o'tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish, jazoni yengilrog'i bilan almashtirish, javobgarlikka tortish muddatining o'tganligi, amnistiya institutlarining qo'llanilmasligi, Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g'ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo'llashga qarshi Konventsiya talablariga muvofiqlashtirish masalalari nazarda tutilgan.

Loyiha (ID-31036) jamoatchilik muhokamasi uchun normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida joylashtirilgan. Elektron manzil: https://regulation.gov.uz

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech