Bizning ustuvor vazifamiz — inson salohiyatini ro‘yobga chiqarishga har tomonlama ko‘maklashish, uning asosiy huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdan iborat.
Bu jamiyatda tinchlik va barqarorlik, farovon hayotni ta’minlashning asosiy shartidir.
Prezident Shavkat Mirziyoevning
“Yangi O‘zbekiston strategiyasi” kitobidan
Inson huquqlarini ta’minlash haqida gap borganida, avvalo, ta’kidlash joizki, bu tamoyil har bir mamlakat Konstitutsiyasi asosida amalga oshadi. Jumladan, O‘zbekistonda ham Konstitutsiya va qonun normalari so‘zsiz ishlashi uchun ishonchli huquqiy kafolat yaratilgan. Ayniqsa, keyingi yillarda yurtimizda inson huquqlarini ta’minlash borasida juda katta natijalarga erishildi.
Xususan, inson huquqlarini rag‘batlantirish, himoyalash va ularga rioya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berildi. Sud-huquq sohasi tubdan isloh qilindi. Bu jarayonda sud hokimiyati fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qiladigan tuzilmaga aylandi. Prezidentimiz “sudyaning ongida — adolat, tilida — haqiqat, dilida— poklik bo‘lishi kerak”, degan g‘oyani ilgari surdi. Ana shu g‘oya asosida jinoiy jazolar liberallashtirildi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sud idoralarining ko‘p yillar davomida saqlanib kelgan, asosan, jazolashdan iborat bo‘lgan funksiyasiga chek qo‘yildi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiya qabul qilindi. O‘zbekiston BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a’zo etib saylandi. Bu ham mamlakatimizda yuritilayotgan oqilona siyosatning yuksak xalqaro e’tirofi sifatida bo‘y ko‘rsatdi.
Prezidentimiz xalqaro miqyosda ham inson huquqlarini ta’minlashning tashabbuskori bo‘lib kelayotir. Davlatimiz rahbari taklifi asosida BMT Bosh Assambleyasining “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyusiyasi qabul qilindi. Prezidentimiz BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida o‘zbek tilida so‘zlagan nutqida ushbu nufuzli tashkilot shafeligida Yoshlar huquqlari bo‘yicha jahon konferensiyasini o‘tkazish, BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini qabul qilish, “Inson huquqlari sohasida ta’lim” deklaratsiyasining 10 yilligiga bag‘ishlab global forum o‘tkazish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ilgari surdi. Eng muhimi, bu tashabbuslarning barchasi xalqaro hamjamiyat tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlandi. O‘zbekistonda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash xalqimiz uchun farovon va munosib turmush sharoitini yaratib berishga qaratilgan demokratik islohotlarning bosh mezoniga aylanib ulgurdi.
Albatta, bu boradagi ishlar kelgusi besh yillik — taraqqiyotimizning yangi bosqichida ham tizimli va izchil davom etadi.
Shavkat Mirziyoev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishishga bag‘ishlangan tantanali marosimidagi nutqida “Asosiy qomusimiz kafili sifatida Konstitutsiya va qonunlarimiz talablarini so‘zsiz bajarish, “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyilni to‘la ro‘yobga chiqarish bundan buyon ham faoliyatimning bosh mezoni bo‘lib qoladi”, deya alohida ta’kidladi.
Fuqarolarning huquq va erkinliklari, asosiy manfaatlarini himoya qilish, inson huquqlari sohasida xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar bilan hamkorlikni rivojlantirishda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi alohida o‘rin tutadi. Markaz davlat organi sifatida O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarish bo‘yicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning o‘zaro hamkorligini, milliy ma’ruzalar tayyorlanishini, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirishni ta’minlash borasida ish olib bormoqda.
Milliy markaz tashkil etilganiga 25 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan mamlakatimizda 10 noyabrdan 10 dekabrgacha Inson huquqlari oyligi o‘tkazilmoqda.
Markaz tashkil etilgandan buyon o‘tgan chorak asr davomida u inson huquqlari sohasidagi davlat siyosatining samarali amalga oshirilishi, ushbu masalalarga rioya etilishini o‘rganish, tahlil qilish, umumlashtirish, milliy ma’ruzalar tayyorlash, bu sohadagi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish, xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarning tavsiyalari bo‘yicha milliy harakat rejalarini ishlab chiqishda faollik ko‘rsatmoqda.
Keyingi yillarda markaz faoliyati tubdan yangicha ruhda faoliyat ko‘rsatmoqda. 2020 yilda qabul qilingan Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiyasida mamlakatda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash bo‘yicha davlat siyosatini amalga oshirishning asosiy vazifalari va yo‘nalishlari belgilandi.
Jumladan, strategiyada O‘zbekistonning inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro reytinglar va indekslar bo‘yicha dunyodagi 50 ta yetakchi mamlakat qatoriga kirishini ta’minlash vazifasi qo‘yilgan.
Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz tomonidan mazkur strategiyani amalga oshirish uchun davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan qonun ustuvorligini qaror toptirish, davlat va jamiyat tomonidan alohida himoya qilinishga muhtoj shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va ularga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, gender tenglikni ta’minlash, sifatli ta’lim va tibbiy xizmatlar olish uchun keng imkoniyatlar yaratish, keksa yoshdagilarni ijtimoiy integratsiyalash, bolalar, yoshlar, xotin-qizlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va migrantlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan qator tadbirlar ishlab chiqilgan va izchillik bilan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston hozirgi paytda BMTning inson huquqlari bo‘yicha 6 ta asosiy shartnoma va 4 ta fakultativ protokoliga qo‘shilgan.
2030 yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlari mamlakatimizda har bir insonning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlashni ko‘zda tutadigan “hech kimni e’tibordan chetda qoldirmaslik” tamoyili asosida hayotga tatbiq etilmoqda.
Markaz inson huquqlariga taalluqli qonunlar va boshqa normativhuquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda bevosita ishtirok etadi, shuningdek, ularga ekspert xulosalari, takliflari va mulohazalarini tayyorlaydi.
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining “Inson huquqlari, erkinliklari va manfaatlari sohasida O‘zbekiston Respublikasi qonunlari va xalqaro shartnomalarini bajarish bo‘yicha davlat organlari faoliyati ustidan fuqarolik institutlariga jamoatchilik nazoratini olib borishga ko‘maklashish” loyihasi amalga oshirilmoqda.
BMTning fuqaroligi bo‘lmagan insonlar sonini kamaytirishga qaratilgan chaqirig‘iga javoban mamlakatimizda 2020 yilda 50 ming vatandoshimizga O‘zbekiston fuqaroligi taqdim etildi. Bu yil yana 20 ming odamga fuqarolik berilishi rejalashtirilgan. BMTning Qochqinlar ishlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi O‘zbekistonning ana shu sohadagi tashabbusini o‘rganish lozimligini e’tirof etdi.
O‘zbekiston Prezidenti huzurida Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha maslahat kengashi tuzilgan, “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni ham ta’sis etilgan. Bugungi kunda mamlakatimizda 9200 dan ko‘proq nodavlat notijorat tashkilot jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Milliy markaz Islom hamkorlik tashkilotining Inson huquqlari deklaratsiyasi mualliflaridan biri hisoblanadi. Shuningdek, markaz BMTning inson huquqlari ta’limi sohasidagi “Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasi” jahon dasturi asosida davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, ta’lim muassasalari vakillari uchun umuminsoniy qadriyatlar, inson huquqlarini hurmat qilish va ularga rioya etish tamoyillari, shuningdek, fuqarolarning huquqiy axborotdan foydalanishini ta’minlashga yo‘naltirilgan ta’lim mashg‘ulotlarini olib bormoqda.
Milliy markaz tomonidan huquqtartibot organlari xodimlarining inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlari va milliy qonunchilikni qo‘llash bo‘yicha malakalarini oshirish uchun maxsus “Inson qadr-qimmati — oliy qadriyat” o‘quv moduli ishlab chiqilgan.
Bir qancha tashkilotlar bilan hamkorlikda “Pandemiya sharoitlarida yangi migratsiya shakllari, migratsiyani boshqarish va migrantlarni himoya qilish” mavzusida xalqaro anjuman o‘tkazilmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazda fuqarolar qabul qilinadi, jismoniy va yuridik shaxslarning yozma murojaatlari o‘rganiladi, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun zarur choralar ko‘riladi. Xususan, tegishli davlat organlari bilan hamkorlikda aholining buzilgan huquqlarini tiklash, qonuniy huquqlari va manfaatlarini amalga oshirish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatiladi, paydo bo‘lgan muammolarni hal qilish vositalari to‘g‘risida huquqiy maslahatlar beriladi. Fuqarolarning murojaatlarini o‘rganish natijasida davlat organlariga ularning inson huquqlariga amal qilish va himoyalash sohasidagi faoliyatini takomillashtirish yuzasidan tavsiyalar tayyorlanadi.
Inson huquqlari oyligi doirasida fuqarolarning, shu jumladan, imkoniyati cheklangan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga doir davra suhbatlari, mazkur masalalarga bag‘ishlangan yangi nashrlar taqdimotlari, oliy ta’lim muassasalari talabalari, maktab o‘quvchilari uchun mahorat darslari va amaliy mashg‘ulotlar, “COVID-19 pandemiyasi davrida inson huquqlari bo‘yicha ta’lim” mavzusida respublika tanlovi, Xalqaro inson huquqlari kunida faollarni “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishonlari bilan tantanali taqdirlash marosimi o‘tkaziladi.
Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, qonun va adolat ustuvorligini ta’minlash — yangi O‘zbekistonni barpo etishning eng muhim shartiga aylangan. Shu bois, inson huquqlarini ta’minlash borasidagi islohotlarimiz amaliy natijadorligi bilan uzviy davom etishiga shubha yo‘q.
Erkin ERNAZAROV,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist
- Qo'shildi: 01.12.2021
- Ko'rishlar: 5461
- Chop etish