G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filialida “O'zbekiston – dilbar vatanim” (Ustoz Abdulla Oripov haqida xotiralar) hamda Dante Alig'erining “Ilohiy komediya. Do'zax” (Abdulla Oripov tarjimasining qayta nashri) kitoblarining taqdimoti bo'lib o'tdi.
"... O'sha Qo'ng'irtovda bizning bolalik yillarimiz o'tgan. Bahor kelganda havoni o't-o'lanning yoqimli xushbo'y hidi qoplar, sharros yomg'ir quyganda biz tog' cho'qqisi unguridagi kichik-kichik qoyalarga bekinib olardik. O'sha yuksaklikdan shimol tarafdagi yam-yashil bepoyon kengliklarni tomosha qilar edim, to'yib-to'yib nafas olar edim..."
O'zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov haqida ishlangan hujjatli fil'm namoyish etilayotgan zalga kirib borar ekanmiz, ona yurtini jondan tortiq sevgan shoirimizning yurtimizda boshlanajak qutlug' to'yi nafasini sezdik, ushbu taraddud ko'nglimizga ravshanlik baxsh etdi.
Mamlakatimizda o'zbek adabiyoti va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo'shgan atoqli shoir, taniqli jamoat arbobi, O'zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi muallifi Abdulla Oripovning betakror ijodiy merosi nihoyatda qadrlanadi. Ardoqli shoirimizning Vatanga muhabbat, vafo va sadoqat tuyg'usini, olijanob insoniy fazilatlarni madh etgan etuk badiiy asarlari, sermazmun hayoti va ijtimoiy faoliyatining xalqimiz ma'naviyatini yuksaltirish, yosh avlod tarbiyasidagi o'rni beqiyosdir.
G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filialida O'zbekiston dilbar vatanim (Ustoz Abdulla Oripov haqida xotiralar) hamda Dante Alig'erining Ilohiy komediya. Do'zax (Abdulla Oripov tarjimasining qayta nashri) kitoblarining takdimoti bo'lib o'tdi.
– Ko'ngillar obodligi, el obodligi, birinchi navbatda, adabiyot bilan belgilanadi,– dedi O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid taqdimot muqaddimasida. – Adabiy-ma'rifiy tadbirlarning ustozlar xotirasiga bag'ishlanishida juda katta hikmat bor. Zero, qalblar hamisha mana shunday adabiyot bilan uyg'oq va barhayot yashaydi.
Xotiralarni o'zida jamlagan O'zbekiston dilbar vatanim deb nomlangan kitobning birinchi qismi Abdulla Oripov siyrati deb nomlanadi. Unda O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, yuridik fanlar doktori, professor Akmal Saidovning sevimli shoirimiz bilan qariyb 30 yillik muloqotlari asnosida qog'ozga tushirilgan esse, maqola va xotiralari joy olgan.
Ikkinchi qismi Buyuklar kahkashonida deb nomlangan. O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi, taniqli olim, iqtisodiyot fanlari doktori, professor, badiiy adabiyot va she'riyat muxlisi Qalandar Abdurahmonovning ushbu bo'limdan joy olgan xotira-essesi ustoz shoirimizning yorqin xotirasiga bag'ishlangan.
Kitobning Jondek aziz xotira deb nomlangan qismida ustozni ziyorat qilib, suhbatlarini olish uchun borgan shogirdlarning samimiy gurunglari nafasi ufurib turgan yodnomalarga o'rin berilgan. Yurt tanho, Vatan tanho: Abdulla Oripov yodi matbuot ko'zgusida deb nomlangan bo'limidan esa shoir vafotidan keyin ommaviy axborot vositalarida e'lon qilingan xotira, yodnoma va xabarlar joy olgan.
Mushoirada talabalar shoir she'rlarining turli tillardagi tarjimalaridan namunalar o'qib berdilar.
Muxtasar TOJIMAMATOVA,
"Yangi O'zbekiston" gazetasi muxbiri
- Qo'shildi: 16.03.2021
- Ko'rishlar: 4450
- Chop etish