Munosabat
10 dekabr – Xalqaro inson huquqlari kuni yurtimizda ham har yili keng nishonlanadi. Ayniqsa, inson huquqlari sohasi faollarini rag‘batlantirish maqsadida o‘tgan yili “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni ta’sis etilgani bu borada muhim ahamiyat kasb etdi.
Joriy yilda ham ushbu mukofot o‘z sovrindorlariga Xalqaro inson huquqlari kunida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori tomonidan tantanali ravishda topshiriladi.
O‘tgan yili “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishonining ilk sovrindori bo‘lgan “Mehrli qo‘llar” Imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar markazi rahbari taniqli aktrisa Ra’no Shodieva bilan muloqotda bo‘ldik.
– Men rahbarlik qilayotgan jamoat tashkiloti 2021 yilda “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishonining 12 sovrindoridan biri bo‘ldi, – deydi R. Shodieva. – Ushbu nufuzli mukofotni dastlabkilar qatorida olish baxtiga sazovor bo‘lganimdan juda baxtiyorman.
O‘zbekistonda ijtimoiy adolat prinsiplariga amal qilgan holda, ijtimoiy qatlamga yordam qo‘lini cho‘zish, qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bo‘lgan fuqarolarga, jismoniy imkoniyati cheklangan insonlarga to‘laqonli hayot kechirishi uchun shart-sharoitlar yaratish masalasi Prezidentimizning doimiy diqqat markazida turibdi. Binobarin, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish davlatimiz siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Bilasizmi, jamiyatimizda ba’zi-ba’zida nogironligi bor insonlardan hayiqish, o‘zini orqaga tortish holatlari uchrab turadi. Stereotip shunchalik kuchli shakllanganki, bunday nojoiz harakatlarimiz zamiriga nazar solib ham ko‘rmaymiz. Ya’ni, imkoniyati cheklanganlar ham oddiy, o‘zimiz qatori insonlar ekanini ba’zan negadir unutib qo‘yamiz.
Agar ularning ichki dunyosiga nigoh solsangiz, avvalo, qalblari nihoyatda tozaligiga amin bo‘lasiz. Shu bilan birga, bu qalblarda juda ko‘p ma’naviy ozor va muammolar borligini, hattoki bu muammolarning eng oddiysi ham hal etilmayotganini bilib olishingiz qiyin emas. Shuning uchun har birimiz omonat dunyoda barcha insonlarga, ayniqsa, jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarga nisbatan birday mehr ko‘rsatishga odatlanishimiz shart, deb o‘ylayman.
Bugungi kunda yurtimizda nogironligi bo‘lgan fuqarolar 760 ming nafarni tashkil qiladi. Shundan 24 ming 640 nafari bolajonlar va 326 ming 149 ming nafardan ortig‘i xotin-qizlardir.
Bu yil O‘zbekiston hukumati BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini imzolaganiga 10 yil to‘ldi. Yaqinda parlamentimiz ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qildi. Natijada nogironligi bo‘lgan shaxslarning o‘z imkoniyatlarini to‘la ochib berishi va ijtimoiy hayotga moslashuviga milliy va xalqaro huquqiy asos mustahkamlandi.
Fursatdan foydalanib, bir fikrni ilgari surmoqchi edim. Ya’ni, endi shu huquqiy negizga tayanib, inklyuziv ta’lim-tarbiyani rivojlantirishimiz kerak.
Menimcha, inklyuziv ta’lim to‘g‘risidagi qonunni ishlab chiqish vaqti keldi. Inklyuziv ta’limning maqsadi – har bir inson teng huquqlilik asosida bilim olishiga imkoniyat yaratishdir.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha, mamlakat miqyosida 3 foizlik kvota ajratilgan. Atigi 2 foiz nogironligi bo‘lgan fuqaro ish bilan ta’minlangan.
Yana bir taklif: nogironligi bo‘lgan yoshlarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha davlat dasturi ishlab chiqilishi zarur. Shu tariqa nogironligi bo‘lgan yoshlarimizga nisbatan jamiyatni rivojlantirishda muhim rol o‘ynovchi resurs sifatida qarashni shakllantirishimiz lozim bo‘ladi.
Oydin Ibrohimova yozib oldi
- Qo'shildi: 09.12.2021
- Ko'rishlar: 3480
- Chop etish