Turkiston-u O‘trordan boshlanadigan yo‘l Zangezurda davom etadi
Yo‘lingiz tushib, Janubiy Qozog‘istonning Turkiston shahridan Chimkentga o‘tar bo‘lsangiz, sizni tun-kun birday serqatnov, keng va ravon yo‘l – Tamerlan, ya’ni Amir Temur shossesi qarshi oladi. Qozog‘iston – O‘zbekiston chegarasidan Toshkentga kiraverishda ham poyingizda Amir Temur shoh ko‘chasi yastanadi. Ikki qardosh xalq tomonidan jahongashta turkiy sarkardaga hurmat belgisining tasodifiy ifodasimi bu yo boshqa vaj-sabab ham bormikan?

Sohibqiron Amir Temur vafot etganiga 620 yil bo‘ldi. Aytish joiz, Janubiy Qozog‘iston viloyati ma’muriy markazi Turkistondan boshlanadigan, biz yuqorida eslagan yo‘lga nom berilishining tarixiy omili mavjud. Bundan olti asrdan ziyodroq muqaddam, aniqrog‘i 1405 yil ayni shu kunlarda tumonat otliq va piyoda qo‘shin, ot-ulov, tuyalar karvoni O‘tror qal’asidan Samarqandga tomon Amir Temur ibn Amir Tarag‘ay ibn Amir Barqulning muborak jasadini shu yo‘ldan olib o‘tgan.
Shimoli-sharqiy Osiyo bilan janubni, mintaqadagi qator davlatlarni o‘zaro bog‘lab turuvchi bu yo‘l o‘sha on turkiy el xotiridan o‘chmaydigan beqiyos yo‘qotish, motam-qayg‘u yo‘li bo‘ldi. Ma’lumki, 1405 yil qahraton qishda Xitoyga yurish tadorigi ko‘rilayotgan bir payt O‘tror shahrida Amir Temur to‘satdan vafot etadi. Sohibqironning muborak jasadi noiloj shu yo‘nalish orqali Samarqandga olib ketiladi.
Ikki davlat osha cho‘zilgan shu yo‘l, mana 620 yildirki, Amir Temur nomi bilan yuritiladi. Umuman, turli davrlarda Chimkent trassasi, Toshkent trakti, deya turlicha atalgan Amir Temur shoh ko‘chasi, ko‘cha bo‘yida qad ko‘targan yirik inshoot, masjid, madrasa, choyxonalar, keyinroq barpo etilgan kinoteatr, turar joy mavzesi keng maydon – hamma-hammasining nomlanishi Sohibqiron, O‘zbekiston yoki Qozog‘iston bilan bog‘liq.
Chimkentdan shimolga yursang Turkistonga, janubga yo‘l solsang Samarqandga borasan, degan gap o‘sha davrdan qolgan. Qo‘ying-ki, bu tarixiy izlar qo‘shni yurtdagi Tamerlan shossesidan bizning Amir Temur shoh ko‘chamiz, keyin mashhur Oloy bozorimizdan o‘tib, Toshkentning qoq markazida “Ot yeldirib ketayotgan ulug‘vor sarkarda” haykaliga tutashadi.

Xullas, Qozog‘iston, qo‘hna Turkiston, yanayam qadimiy O‘tror qal’asidan boshlangan yo‘l O‘zbekiston hududi orqali qardosh Tojikiston va so‘ngra butun turk olami – Qirg‘iziston, Turkmaniston, Kaspiy dengizi orqali esa qardosh Ozarbayjon bilan Turkiyani bog‘lay oladi.
O‘zingdan o‘chmas iz, chuqur xotira qoldirmoqchi bo‘lsang, ariq kavlab, suv keltir, ko‘prik tikla, yo‘l qur, deydi don xalqimiz. Mana yana bir yangilik: Janubiy Kavkazdagi qondosh qavmimiz Ozarbayjon ikki turk elni bog‘lovchi Zangezur yo‘lagini ochmoqda. Ikki tomonlama xavfsiz, zamonaviy, ravon qatnov ta’minlanadigan bu xalqaro trassa nafaqat Turkiya va Ozarbayjonni, balki Yevropa va Xitoyni ham birlashtiradi.
Zangezur loyihasi strategik ahamiyatga ega transport-logistika tizimini vujudga keltiradi. Ellarni bir-biriga yaqinlashtiradi, do‘stlikni mustahkamlaydi. Ikki qit’aning o‘nlab mamlakatlari o‘rtasida savdo-sotiq rivojlanadi. Zamonaviy texnologiya, investitsiya almashinuvi imkoniyati kengayadi. Davlatlar iqtisodiyoti gurkiraydi, turmush darajasi yaxshilanadi, aholi farovonligi ta’minlanadi.
“O‘rta Zangezur yo‘lagi” nomi bilan yuritilayotgan Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi Xitoy va Kaspiy dengizi akvatoriyasini bog‘laydi. Keyin Ozarbayjon bilan Gruziyadan o‘tib hududi ikki qit’a – Osiyo va Yevropaga bo‘lingan Turkiyaga, demak-ki ko‘hna qit’aga qo‘shiladi.
Darvoqe, Boku – Tbilisi – Kars temir yo‘li ham o‘tgan yil 14 avgustdan e’tiboran ushbu global “qon tomiri” – Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagining bir qismi sifatida tasdiqlandi. Bu haqda Turkiya transport va infratuzilma vaziri Abdulqodir O‘ral o‘g‘li e’lon qildi.
Umuman, Zangezur loyihasi asosida o‘nlab qo‘shni, qardosh va do‘st davlatlar ikki va ko‘p iomonlama aloqalarni chuqurlashtirish uchun keng, ravon “aqlli” yo‘llar ochiladi. “Taraqqiyot yo‘llari” deb atalayotgan ushbu savdo-transport yo‘lagi Turkiya hududi orqali Fors ko‘rfazi davlatlarini Yevropa Ittifoqi bilan ham bog‘laydi.
Yevropa juda ulkan bozor ekanligiga shubha yo‘q. Zero, 50 ga yaqin mamlakatda qariyb 750 million aholi yashaydigan mintaqa har qanday mamlakat uchun jozibador manzil bo‘la oladi. Shu nuqtai nazardan Turkiya orqali ko‘hna qit’aga chiqish mintaqamiz davlatlari iqtisodiyotini ko‘tarish uchun ajoyib imkoniyatdir. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu mamlakat samolyotlari 59 aeroportdan dunyoning 351 shahriga ucharkan. Birgina 2024 yil 230 million yo‘lovchi turk havo yo‘llaridan foydalangan.
Odatda do‘stlik, yaxshi qo‘ni-qo‘shnichilik ramzi bo‘lgan yo‘llar qurilishi o‘nlab yillar davom etishi mumkin. Binobarin, ramziy ma’noda ellarni bir-biriga bog‘laydigan qon tomirlari sifatida e’tirof etiladigan xalqaro yo‘llar insoniyatga asrlar mobaynida xizmat qiladi.
Axir, Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on туманидаги qadim ko‘prikni buyuk jahongir Iskandar Zulqarnayn qurdirgani haqidagi ma’lumot kimni hayratga solmaydi, deysiz?! Amir Temurning avlodlari – Boburiylar uzoq hind diyorida barpo etgan, kishi aqlini shoshirib, mislsiz estetik zavq ulashadigan betakror me’morchilik san’atining yorqin namunalari necha yuz yillardan buyon butun bashariyatga xizmat qilyapti-ku!!!
Irismat Abduxoliqov, O‘zA sharhlovchisi
- Qo'shildi: 03.03.2025
- Ko'rishlar: 859
- Chop etish