Mamlakatni rivojlantirish milliy strategiyalari nuqtai nazaridan BRMni amalga oshirish

2021 yil 23 iyun kuni Buxoro shahrida “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda global parlamentlararo hamkorlik” Xalqaro forumi o'z ishini boshladi.

Forum ishtirokchilari sessiyalar doirasida guruhlarga bo'linib, mavzuga oid dolzarb masalalarni muhokama qildilar.

Xususan, 2-sessiya ishtirokchilari mamlakatni rivojlantirish milliy strategiyalari nuqtai nazaridan BRMni amalga oshirish masalasini ko'rib chiqdilar.

Sessiyani Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari A. Saidov, BMT Taraqqiyot dasturining O'zbekistondagi doimiy vakili M. Dimovska olib bordi.

2015 yil sentyabr oyida dunyoning boshqa davlatlari singari O'zbekiston ham 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) kun tartibiga sodiqligini tasdiqladi va barqaror, izchil iqtisodiy o'sish, ijtimoiy integratsiya, atrof muhitni muhofaza qilish hamda tinchlik va xavfsizlikni ta'minlashga ko'maklashish kabi maqsadlarni milliy darajada amalga oshirish bo'yicha shartlarni qabul qildi. Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 20 oktyabrdagi qarori bilan 2030 yilgacha bo'lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalar va ularga erishishga doir “Yo'l xaritasi” tasdiqlandi.

O'zbekistonda BRMni amalga oshirish Harakatlar strategiyasiga muvofiq amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarga to'liq mos keladi. Harakatlar strategiyasining beshta ustuvor yo'nalishi BRMga erishish yo'li sifatida tasdiqlangan.

BRM milliy va mintaqaviy rivojlantirish strategiyalari va dasturlariga, shu jumladan, O'zbekistonning 2030 yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish kontseptsiyasiga kiritilgan. Hozirgi vaqtda BRM maqsadlari va indikatorlari 190 dan ortiq strategik hujjatlar, tarmoq va hududiy dasturlarga kiritilgan.

Sessiya davomida O'zbekiston Respublikasida olib borilayotgan islohotlarning barqaror rivojlanish maqsadlari va vazifalariga muvofiqligini ta'minlash masalalari, Malayziya tajribasi, shuningdek Yevropa Ittifoqining BRMni amalga oshirish strategiyasi, YeXHT Parlament Assambleyasi faoliyati, parlamentlararo aloqalar va turkiyzabon mamlakatlar hamkorligi va boshqa masalalar ko'rib chiqildi.

Manba: senat.uz

Powered by GSpeech