Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Senat Raisi xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning inson huquqlari boʻyicha vakillari bilan uchrashdi

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva mamlakatimizda “Raqamli transformatsiya sharoitida inson huquqlari: zamonaviy yondashuvlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun Oʻzbekistonga tashrif buyurgan xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning inson huquqlari boʻyicha vakillari – ombudsmanlari bilan uchrashdi.

Muloqotda inson huquq va erkinliklarini samarali himoya qilish, parlamentlar, ombudsmanlar hamda milliy inson huquqlari institutlari oʻrtasida tajriba almashish va hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda inson huquqlarini taʼminlashda xalq bilan bevosita muloqotning ahamiyatiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Senatorlarning hududlarda aholi bilan uchrashuvlari va sayyor qabullari, fuqarolar murojaatlarini oʻrganish, shuningdek, parlament nazorati mexanizmlari orqali qonunlar va davlat dasturlari ijrosini tahlil qilish borasidagi ishlar haqida maʼlumot berildi.

Bu jarayonda mahalliy Kengashlar bilan yaqin hamkorlik qilish, hududlardagi real ehtiyoj va muammolardan kelib chiqqan holda qonunchilikni takomillashtirish takliflarini tayyorlash muhim yoʻnalishlardan biri ekani qayd etildi.

Soʻzga chiqqanlar Oʻzbekistonning inson huquqlarini taʼminlash borasidagi xalqaro tashabbuslari, ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish, gender tenglikni taʼminlash, shuningdek, inson huquq va erkinliklarini kafolatlash mexanizmlarini takomillashtirish yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlarni alohida eʼtirof etdi.

Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohotlar inson huquqlarini himoya qilishning huquqiy va institutsional asoslarini yanada mustahkamladi. Jumladan, Senat va Ombudsmanga qonunchilik takliflarini kiritish huquqi berildi.

Shuningdek, Ombudsmanning vakolatlari kengaytirilib, Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish, inson huquqlari buzilishi holatlarini tekshirish, ogohlantirish va taqdimnomalar kiritish, zarur hollarda shaxslarni javobgarlikka tortish masalasini qoʻyish kabi muhim vakolatlar mustahkamlandi.

Muloqotda inson huquqlari umuminsoniy qadriyat va barcha uchun umumiy masʼuliyat ekani taʼkidlandi. Xalqaro huquq normalari va ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish, oʻzaro tajriba almashish hamda dolzarb masalalarga birgalikda yechim topish inson huquqlarini himoya qilish samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati

Nashr sanasi 21.08.2026 Ko'rishlar 63
Ulashish