Soat 18:00 dan keyingi qurilish shovqinlari uchun jarima to‘laysiz

Odatda unchalik ham e’tibor bermaydiganimiz turli baland tovushlar, shovqinlar inson salomatligiga zarar keltiradi. Bugungi kunda ko‘cha-ko‘ylardagi shovqinlar o‘lchovi 50-60 detsibelgacha yetadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 42 detsibeldan yuqori shovqin uyqusizlik, asab buzilishi uchun yetarli bo‘lar ekan. 70-90 detsibelgacha shovqin esa asablar taranglashishiga, 120 detsibeldagi shovqin asab kasalliklarini yuzaga keltirishga sabab bo‘ladi. Shuning uchun ham aholini shovqinning zararlaridan himoya qilish, bu borada zarur chora-tadbirlarni ko‘rish muhim.  

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Ekologik partiya fraksiyasining bugungi yig‘ilishida “Aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qizg‘in muhokama qilindi.  

Qonun loyihasi bilan aholini shovqindan himoya qilish jarayoni tartibga solinmoqda. Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyalariga ko‘ra, insonning dam olish vaqti 8 soat bo‘lishi kerak. Shundan kelib chiqib, tungi vaqt – 23:00 dan 07:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida, shuningdek, dam olish va bayram kunlari soat 22:00 dan 09:00 gacha vaqt oralig‘ida fuqarolar osoyishtaligini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.  

Qurilish-montaj ishlariga ish kunlarida soat 9:00 dan 18:00 ga qadar ruxsat berish nazarda tutilmoqda. Bugungi kunda baland tovushli mototsikllardan foydalanish, ayniqsa, tungi vaqtlarda poyga o‘ynash holatlari ortib bormoqda. Transport vositalarining bu kabi ortiqcha shovqini uchun ham javobgarlik belgilanmoqda. Buning uchun Ichki ishlar organlariga tegishli chora ko‘rish bo‘yicha vakolatlar berilmoqda.  

Shovqindan zararlangan taqdirda sud tartibida kompensatsiya undirish tartibi belgilanmoqda. Shuningdek, ma’muriy javobgarlik miqdorini oshirish masalasi ham ko‘zda tutilgan.  

Ushbu tartiblar milliy bayramlar, ommaviy sport va madaniy tadbirlar, shuningdek, diniy rasm-rusumlar va marosimlarni bajarish natijasida yuzaga keladigan shovqinga nisbatan tatbiq etilmaydi.  

Muhokamalarda deputatlar shovqin faqat dam olish vaqtida emas, kunduzi — ish vaqtida ham ta’sir qilishi mumkinligini aytib, bunda qanday tartibda choralar ko‘rilishi mumkinligi bilan qiziqdilar. Bundan tashqari, to‘yxonalardan chiqadigan baland shovqinlar masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.    

Qizg‘in savol-javoblar davomida deputatlar tomonidan ko‘tarilgan masalalarga javoblar qaytarildi.  

Muhtarama Komilova, O‘zA

Powered by GSpeech