2021 yil 14 dekabr kuni “Zamonaviy konstitutsionalizm: milliy va xorijiy tajriba” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi. Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz, Barqaror rivojlanish markazi hamda Davlat va huquq instituti hamkorligida Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston Respublikasidagi Delegatsiyasi ko‘magida tashkil etildi.
Ma’lumki, joriy yil oktyabr oyida mamlakatimizdagi O‘zbekiston Prezidenti saylovida barcha nomzodlarning saylovoldi uchrashuvlarida elektorat vakillari tomonidan mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish taklifi ilgari surilgan edi. Shu munosabat bilan Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoev senator va deputatlar, keng jamoatchilik, xalqimiz bilan yana bir bor maslahat qilib, jahon konstitutsiyaviy tajribasini o‘rganib, puxta o‘ylagan holda Asosiy qonunimizni takomillashtirish masalasini ko‘rib chiqish lozimligini ta’kidlagandilar.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Konstitutsiyamiz mustaqillik yillarida erishgan barcha yutuq va marralarimizning mustahkam huquqiy poydevori bo‘lib xizmat qiladi. Bir paytning o‘zida u yashayotgan davrimiz, xalqimiz va hayotning o‘zi, islohotlar talabi va ehtiyojidan kelib chiqib takomillashtirib boriladi. Zero, xar qanday demkoartik islohotlar mustahkam konstitutsiyaviy-huquqiy asosga ega bo‘lsagina bardavom va samarali bo‘ladi.
Harakatlar strategiyasi doirasida Konstitutsiyamizning 21 ta moddasiga 9 marotaba 32 ta o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Saylov davridagi elektorat takliflarini umumlashtirib, Prezidentimiz Asosiy qonunimizni yanada takomillashtirishning 9 ta yo‘nalishini belgilab berdilar.
Bo‘lajak xalqaro Forumda ishtirkochilar ushbu masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashadilar.
Avvalo, ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda Yangi O‘zbekistonni barpo etish, erkin va adolatli fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan o‘zaro bog‘liq va mohiyatan bir-birini taqozo etuvchi tub demokratik siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy-huquqiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Davlat va konstitutsiyaviy tizim, jamiyatda siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’naviy sohalarda o‘ta muhim
o‘zgarishlar kuzatilmoqda.
Shu bilan birga, globallashuv, raqamlashtirish, iqlim o‘zgarishi va jadal o‘zgarib borayotgan hayot mamlakatimizni yanada modernizatsiya qilish, tinchlik, barqarorlik va milliy mustaqillikni mustahkamlash borasida yangi va yangi yechimini kechiktirib bo‘lmaydigan, o‘ta dolzarb vazifalarni qo‘ymoqda.
Shu boisdan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida o‘ta ahamiyatli va jiddiy vazifalar belgilangan. Mamlakatni modernizatsiya qilishning yetti yo‘nalishi bo‘yicha 50 dan ortiq kodekslar, qonunlar, strategiyalar, konsepsiya va dasturlarni qabul qilish va hayotga tatbiq etish ko‘zda tutilgan, 100 dan ortiq boshqa tashabbuslar ilgari surilgan. Strategiya qonunchilik, huquqni anglash, huquqiy tafakkur va huquqni qo‘llash tizimini, jamiyatning siyosiy va huquqiy ongini umuminsoniy qadriyatlar va barqaror rivojlanish tamoyillariga yo‘naltiradi.
Jahon amaliyoti islohotlarni amalga oshirishda aynan jamiyat va davlatni modernizatsiya qilishning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini rivojlantirish muhim ahamiyatga egaligini ko‘rsatmoqda. Bugun dunyoda biror bir konstitutsiya ilk bor qabul qilingan tahririda saqlanib qolmagan. Birgina XXI asrda dunyoning 90 ga yaqin davlatida konstitutsiyaviy islohotlar muvaffaqiyatli amalga oshirildi, 57 tasida yangi konstitutsiya qabul qilindi. Bunda Konstitutsiyaga eng ko‘p o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritgan o‘nta davlatlar sirasiga Meksika, Yangi Zelandiya, Braziliya, Shveysariya, Avstriya, Isroil, Chili, Kolumbiya, Gruziya va Hindiston kiradi.
Bunda turli mamlakatlardagi konstitutsiyaviy o‘zgarishlar asosan tashqi va ichki xatarlarni inobatga olib, ularga javob berishga qaratilganligi bilan o‘zaro o‘xshashligini ta’kidlash joiz. Zamonaviy konstitutsiyalar bundan yuz yil oldin unchalik ko‘zga tashlanmagan yangidan-yangi – atrof-muhit, gender tengligi, inson, ayniqsa, nogironligi bo‘lgan shaxslar, kelajak avlod huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kabi masalalarni qamrab olgan. Ularda, shuningdek, axboriy jamiyatni shakllantirish, raqamli ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash, ilmiy-texnikaviy va innovatsion rivojlanish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektron demokratiya va xalq qonunchilik tashabbusi elementlarini joriy etish kabi boshqa zamonaviy masalalar ham o‘rin olgan.
Konstitutsiyaviy islohot bugungi va istiqboldagi muvaffaqiyatli va barqaror taraqqiyotning zaruriy huquqiy sharti va asosidir. Xususan, u “samarali va yaxshi boshqaruv” tizimini joriy etishning muhim vositasi sifatida hokimiyat tarmoqlari o‘rtasidagi o‘zaro tiyib turish va muvozanat tizimini mustahkamlash, hisobdorlik, ochiqlik, oshkoralik va shaffoflikni oshirishga yordam beruvchi konstitutsiyaviy “qoidalar”ni o‘rnatadi. Natijada boshqaruv sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan ushbu o‘zgarishlar siyosiy tizim barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi. Bu esa, o‘z navbatida, iqtisodiyotni rivojlantirishga foyda keltiradi, sarmoya kiritish va taraqqiyotni ta’minlash uchun qulay va barqaror muhit yaratadi.
Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasining hayotga izchil tatbiq etilishi demokratik islohotlarni yangi sifat bosqichiga olib chiqmoqda. Bu, birinchi o‘rinda, “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyilni to‘la ro‘yobga chiqarishni nazarda tutadi. Qayd etish lozimki, “inson qadri” – fuqarolarning tinch va xavfsiz hayotini, asosiy huquq va erkinliklarini, munosib turmush sharoitini ta’minlash va zamonaviy infratuzilmani yaratish, mamlakatning har bir fuqarosi uchun malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, sifatli ta’lim, ijtimoiy himoya va sog‘lom ekologik muhitni yaratish demakdir.
Bunga, eng avvalo, “Yangi O‘zbekiston – xalqchil va insonparvar davlat” g‘oyasi va “inson – jamiyat – davlat” tamoyilini hayotga faol tatbiq etish, Prezident, Parlament va Hukumat o‘rtasida vakolatlarni aniq taqsimlash, hokimiyatlar bo‘linishi tizimida o‘zaro tiyib turish va muvozanatni mustahkamlash, erkin va adolatli fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, zamonaviy xalqaro hamjamiyatda o‘zining munosib o‘rnini topish orqali erishiladi.
Fuqarolik institutlari, parlamentarizm, ko‘ppartiyaviylik tizimini shakllantirish va rivojlantirish haqiqiy demokratiya timsoli hisoblanadi. Taraqqiyot strategiyasida joylardagi muammolarni hal etishda mahalliy boshqaruv hokimiyati organlarining roli va mas’uliyatini yanada oshirish, davlat funksiyalarining aksariyat qismini markazdan hududlarga o‘tkazish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar belgilangan.
Xususan, hududlarni rivojlantirishda mahalliy Kengashlarning rolini oshirish, fuqarolik institutlarining samarali faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoit yaratishga e’tibor qaratiladi. Birgina 2021 yilning o‘zida mahalliy Kengashlar tomonidan fuqarolarning 29 mingdan ortiq muammolari ijobiy hal etilganligini inobatga oladigan bo‘lsak, ular faoliyatining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini mustahkamlash “Xalqparvar davlat” g‘oyasini yanada keng hayotga tatbiq etishga xizmat qiladi.
O‘zini-o‘zi boshqarish instituti har qanday konstitutsiyaviy tuzum va fuqarolik jamiyatining asosiy ustunlaridan biri bo‘lsa, oila – jamiyatning eng muhim bo‘g‘inidir. Shu ma’noda ushbu institutlarning konstitutsiyaviy asoslarini mustahkamlash inson, jamiyat va davlat, ma’naviy-ijtimoiy sohalarni rivojlantirish, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, fuqarolar farovonligini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Taraqqiyot strategiyasida “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” prinsipini hayotga tatbiq etish bo‘yicha konstitutsiyaviy normani mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Bunda, jahon tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, “ijtimoiy davlat” tushunchasi faqatgina “ijtimoiy ta’minot” bilan cheklanib qolmaydi, balki ijtimoiy farqlar (mulkiy tengsizlik, jamoaviy, umumiy ne’matlardan foydalanish – ta’lim, sog‘liqni saqlash) va nizolarni (mehnat va kapital o‘rtasidagi va boshqalar) minimallashtirishni o‘z ichiga olgan kengroq talqinni talab qiladi.
Davlat – ijtimoiy munosabatlarning sub’ekti bo‘lgan inson muammosini hal etish masalalari davlatning ustuvor vazifasiga aylangan, ijtimoiy muammolarni hal qilishda jamiyatning barcha siyosiy va iqtisodiy tizimi ishtirok etishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan, shaxsning ijtimoiy ehtiyojlarini himoya qilish uchun normativ-huquqiy baza yaratilgan va amalda faoliyat ko‘rsatgan taqdirdagina ijtimoiy davlatga aylanadi. Davlat o‘z fuqarolariga g‘amxo‘rlik qilishi shart. Ijtimoiy davlatning mazmun-mohiyati aynan shundan iborat.
Kuchli ijtimoiy siyosatni olib borish ijtimoiy munosabatlar tizimini tartibga soluvchi hokimiyat instituti bo‘lmish davlatning tabiatiga xosdir. Bu mohiyatan davlatning o‘z fuqarolariga ijtimoiy g‘amxo‘rligini nazarda tutadi.
Bu vazifa mas’uliyatga aylansa, davlat ijtimoiylashadi. Ijtimoiy davlat – bu bozor iqtisodiyoti, turli pandemiya va epidemiyalar sharoitida o‘z fuqarolariga ma’lum bir minimal farovonlikni kafolatlaydigan davlat. Bu – jamiyat tuzilmasini tashkil
etishning muayyan bir shakli bo‘lib, unda ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy munosabatlar yuqori darajada rivojlangan bo‘lib, uning maqsadi insonning shaxs sifatida imkoniyatlarini to‘la ro‘yobga chiqarish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash. Ya’ni, davlat o‘z fuqarolariga, jumladan pandemiya sharoitida ham, ijtimoiy kafolatlar taqdim etishi uchun javobgarligini anglatadi.
Xalqaro siyosiy va huquqiy qarashlarda ijtimoiy davlat g‘oyasi o‘z ifodasini ikki asosiy tushunchada aks etadi – “umum farovonlik va xurramlikni ta’minlovchi davlat” (Buyuk Britaniya) va “ijtimoiy xuquqiy davlat” (1949 yilda Germaniyaning Asosiy qonunida mustahkamlangan).
Keyinchalik ushbu g‘oya 1958 yilda Fransiya Konstitutsiyasining 1-moddasida ham mustahkamlangan bo‘lib, unda “Fransiya ajralmas, dunyoviy, demokratik va ijtimoiy Respublikadir ...”, deb ta’kidlangan. Hozirda ushbu atamalar Yevropa, Osiyo, Afrika, Lotin Amerikasi davlatlarining ko‘plab konstitutsiyalarida mavjud. Biroq, ularning aksariyatida faqat “ijtimoiy davlat” atamasi mavjud bo‘lib, uning mazmun-maqsadlari to‘liq yoritilmagan.
Asosiy qonunlarida faqat “ijtimoiy davlat” iborasi mavjud bo‘lgan ko‘plab mamlakatlardan farqli o‘laroq, Rossiya Konstitutsiyasida uning mazmuni quyidagicha belgilangan: “Rossiya Federatsiyasi – siyosatining maqsadi insonning munosib hayoti va erkin rivojlanishini ta’minlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan ijtimoiy davlatdir”. Bir tomondan, bunday ta’rif siyosiy maqsad sifatida berilgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, unda – ijtimoiy davlatning ustuvor asoslari: insonning munosib hayoti va erkin rivojlanishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Shuningdek xorijiy mamlakatlarning konstitutsiyaviy islohotlarida “birdamlik” tamoyilini hayotga keng tatbiq etish, huquqiy, ijtimoiy davlat qurish, adolatli ijtimoiy siyosatni amalga oshirish, inson kapitalini rivojlantirish orqali jamiyat va davlatning barqaror rivojlanishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ta’kidlash joizki, adolatli fuqarolik jamiyati – bu erkin shaxslar jamiyati bo‘lib, bu yerda kuchli o‘rta mulkdorlar sinfi mavjud hamda insonning har tomonlama kamol topishi, fuqarolarni erkin, jamiyatning madaniy, ijtimoiy faol va qonun oldida mas’uliyatli a’zolari etib tarbiyalash uchun zarur moddiy va boshqa shart-sharoitlar yaratilgan. Shu ma’noda, konstitutsiyaviy islohotlarda quyidagi ustuvor masalalarga e’tibor qaratilmoqda:
birinchidan, aholi farovonligini ta’minlash, milliy iqtisodiyotni rivojlantirish va insonning iqtisodiy huquqlarini ta’minlashning eng muhim va zarur sharti sifatida xususiy mulkning (jumladan, yer va foydali qazilmalarga nisbatan) daxlsizligi va himoyasi tamoyillarini amalga oshirish. Xususiy mulk daxlsizligi ustuvorligidan kelib chiqib, davlat idoralari axborotiga ishonib mulkka ega bo‘lgan shaxslarning huquqlarini buzishga yo‘l qo‘ymaydigan konstitutsiyaviy-huquqiy bazani yaratishga alohida e’tibor qaratiladi;
ikkinchidan, sud fuqarolar va tadbirkorlarning huquqlarini tiklash, xususiy mulkni himoya qilish tarafdori bo‘ladigan, ijro hokimiyati organlarini qonun doirasida harakat qilishga majbur qiladigan, jamiyat taraqqiyotiga, birinchi navbatda, uning iqtisodiy ravnaqiga xizmat qiladigan tizimni yaratish. Bunday tizim inson huquqlarini himoya qilishda muhim ahamiyatga kasb etadi. Birgina 2021 yilning o‘zida O‘zbekistonda 6,5 mingdan ortiq fuqaro va tadbirkorning huquqlari tiklandi;
uchinchidan, aksariyat davlatlar konstitutsiyalarida xususiy mulk huquqi insonning konstitutsiyaviy huquqlaridan biri sifatida e’tirof etilgan. Xususiy mulk huquqining Konstitutsiya darajasida mustahkamlanishi shu bilan izohlanadiki, u nafaqat shaxs va uning oilasi hayotining moddiy farovonligi va barqarorligi manbai sifatida muhim ahamiyatga ega, balki fuqaroning boshqa ko‘plab konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini: qadr-qimmati (munosib turmush darajasi), erkin tadbirkorlik faoliyati, uy-joy, sog‘liqni saqlash, ta’lim, madaniyatni rivojlantirish, erkin harakatlanish va boshqa huquqlarini amalga oshirishga ham xizmat qiladi. Bunda, xususiy mulk huquqining alohida ahamiyatini inobatga olib, zamonaviy konstitutsiyalarda ushbu huquqning o‘zini belgilash bilan bir qatorda, ko‘pincha, xususiy mulk huquqining ob’ektlari, sub’ektlari, huquqni amalga oshirish chegaralari va imkoniyatlari, uning cheklovlari, kafolatlari va himoya qilish usullari ham ko‘rsatiladi;
to‘rtinchidan, turli mamlakatlar konstitutsiyalarida nafaqat xususiy mulkning sub’ektiv huquqi, balki ob’ektiv huquq instituti sifatidagi xususiy mulkning eng muhim belgilari, eng avvalo, uning boshqa mulk shakllari bilan munosabatlari, xususiy mulkning ijtimoiy xususiyati belgilab qo‘yilgan. Xususiy mulkning konstitutsiyaviy institutsionalizatsiyasi uning ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan favqulodda omil ekanligi bilan ham chambarchas bog‘liq. Xususan, u konstitutsiyaviy qadriyatlar bo‘lmish bir tomondan huquqiy va demokratik davlat va boshqa tomondan – ijtimoiy davlat tushunchalari orasidagi mutanosiblikni o‘rnatishda ulkan ahamiyatga ega.
Xususiy mulk huquqini rivojlantirish va uni konstitutsiyaviy-huquqiy tartibga solishning eng muhim zamonaviy tendensiyalari quyidagilardan iborat:
- xususiy mulkning ijtimoiy funksiyasini kuchaytirish;
- xususiy mulkning konstitutsiyaviy va huquqiy kafolatlarining zaiflashuvi;
- yakka tartibdagi xususiy mulkning zaiflashuvi hamda jamiyat va davlat hokimiyatiga katta ta’sir ko‘rsatuvchi korporativ xususiy mulkning o‘sishi;
- konstitutsiyaviy xususiy mulk huquqi ob’ektlari doirasini kengaytirish, jumladan, axborotni xususiy mulk huquqi ob’ekti sifatida konstitutsiyaviy darajada mustahkamlash;
- xususiy mulkni konstitutsiyaviy va huquqiy tartibga solishning integratsiyasi va differensiatsiyasining uyg‘unligini ta’minlash.
Tarixda xususiy mulk kafolatlarini belgilab bergan konstitutsiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan birinchi hujjat Fransiyaning 1789 yildagi Inson va fuqaroning huquq va erkinliklari deklaratsiyasi bo‘lib, unda xususiy mulk insonning tabiiy va ajralmas, muqaddas va daxlsiz huquqi sifatida ko‘rsatilgan. Deklaratsiyadagi mulk masalalari “inson va fuqarolik huquqlari” bo‘limida aks ettirilgan va uning 2-bandida shunday deyilgan: “Har qanday siyosiy birlashmaning maqsadi insonning tabiiy va ajralmas huquqlarini ta’minlashdir. Bu huquqlar erkinlik, mulk, xavfsizlik va zulmga qarshilik ko‘rsatishni o‘z ichiga oladi”.
Xususiy mulk va unga bo‘lgan huquq erkinlik va xavfsizlik bilan bir qatorda eng oliy qadriyat sifatida e’tirof etiladi va ular insonning ajralmas huquqidir. Bundan tashqari, “Mulk daxlsiz va muqaddas huquq bo‘lganligi sababli, hech kim undan qonunda belgilangan ijtimoiy zaruratdan, adolatli va oldindan tovon undirilishi shart bo‘lgan hollardan tashqari, mahrum etilishi mumkin emas” (17-modda).
Ushbu Deklaratsiya 1946 va 1958 yillardagi Fransiya Konstitutsiyalarining reambulasiga kiritilgan. Biroq, Fransiyada xususiy mulk o‘ziga xos ikki tomonlama ma’noga ega, chunki bir tomondan u konstitutsiyaviy tushuncha bo‘lib, mulkning boshqa shakllari kabi daxlsizdir, boshqa tomondan esa jamiyat mulki xususiy mulkdan ustun qo‘yiladi.
Fransiyaning huquqiy hujjatlarida ijtimoiy davlat g‘oyasiga qarshi o‘laroq xususiy mulk daxlsizligiga nisbatan bir oz noaniq munosabat mavjud. Konstitutsiyada “Fransiya ... ijtimoiy respublikadir. Bu barcha fuqarolarning qonun oldida tengligini ta’minlaydi”. Ijtimoiy davlat xususiy mulk chegaralarini talqin qilishdan kelib chiqib, jamiyat oldida tenglikni ta’minlash majburiyatini oladi. Shu munosabat bilan bu boradagi Fransiya va boshqa xorijiy tajribalarni chuqurroq o‘rganish muhim ahamiyatga ega.
Hozirgi vaqtda ko‘pgina rivojlangan davlatlar global iqlim o‘zgarishlarini hisobga olgan holda o‘z konstitutsiyalariga maxsus ekologik bo‘limlarni kiritmoqdalar. Bu borada Fransiya, Rossiya va boshqa Yevropa davlatlarining ekologik xartiyalarini Konstitutsiyaning tarkibiy qismlari sifatida qabul qilish borasidagi tajribasi qiziqarlidir.
Xususan, Asosiy qonunlarda ekologik huquqning umume’tirof etilgan tamoyillari mustahkamlangan bo‘lib, ular jamiyat va tabiatning o‘zaro munosabatlari ehtiyojlariga mos kelishi kerak. Bu:
- ob’ektiv shartlilik (huquqiy tamoyil tabiatga, tarixga va jamiyatga mos kelgandagina haqiqiy deb tan olinishi mumkin);
- tarixiy shartlilik (davlat siyosati va davlat tuzumining o‘zgarishi bilan huquqiy tartibga solish tamoyillari o‘zgaradi. Agar ilgari yer va tabiiy ob’ektlar davlatning mutlaq mulkida bo‘lgan bo‘lsa, keyinchalik ular fuqarolarning xususiy mulkida bo‘lishi mumkin, ya’ni tabiiy ob’ektlarga mutlaq davlat monopoliyasi prinsipi o‘zgartiriladi);
- tizimlilik (ekologik huquqning barcha tamoyillarini umumiy huquqiy (konstitutsiyaviy) tamoyillarga, umumiy qism tamoyillariga va ekologik huquqning maxsus qismi tamoyillariga tasniflash).
Xulosa qilib shuni ta’kidlaymizki, insoniyat sivilizatsiyasi rivojlanishidagi zamonaviy tarixiy bosqichning eng muhim xarakterli xususiyati – “raqamli” va axborot jamiyatining shakllanishidir. Axborot va bilim rivojlanish, davlat tuzilmalarini yanada tejamkor va samarali tuzilmalarga aylantirishning strategik omillariga aylanmoqda.
Shu bilan birga, ko‘plab davlatlar to‘rtinchi sanoat inqilobiga qadam qo‘yayotgan sharoitda O‘zbekistonning raqobatbardoshligini ta’minlash, shuningdek, axborot jamiyatini shakllantirish maqsadida davlat tomonidan axborot texnologiyalari va “raqamli konstitutsiya institutlari”dan foydalanishni qo‘llab-quvvatlashning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini mustahkamlash masalasini ko‘rib chiqish zarur.
A.X.Saidov,
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi direktori, akademik
- Qo'shildi: 14.12.2021
- Ko'rishlar: 4848
- Chop etish