Bolalarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ta’lim-tarbiya jarayonida ularga nisbatan turli ko‘rinishdagi zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biriga aylandi. Ayniqsa, ota‑ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning haq-huquqlarini himoyalashga ustuvor ahamiyat qaratish zarur.
Bolalarni tarbiyalash, ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, tarbiya va ta’lim berish jarayonida ularga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini sodir etganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.

Bu kabi tartiblar “Bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasida o‘z aksini topgan.
Loyihada zimmasiga yuklatilgan majburiyatni lozim darajada bajarmagani uchun vasiylik, homiylik yoki tutingan ota-onalik vazifalarini bajarishdan chetlashtirilgan shaxslarga bolalar farzandlikka berilmasligi va ular vasiy yoki homiy etib tayinlanmasligi nazarda tutilmoqda. Sodda qilib aytganda, bolalarni tarbiyalashga qodir bo‘lmagan shaxslar asrab olish huquqidan mahrum etiladi.

Shuningdek, qonun loyihasida notariuslar zimmasiga bolani farzandlikka berish (olish), bolani vasiylikka yoki homiylikka berish haqida arizadagi imzoning haqiqiyligini shahodatlash bo‘yicha murojaat qilinganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga taqdim etib borish majburiyati yuklatilyapti.
Mazkur hujjat bolalarning huquq va manfaatlarini samarali himoya qilish, ularning oila muhitida tarbiyalanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari yig‘ilishlarida qizg‘in muhokama qilinib, qo‘llab-quvvatlandi.
M.Komilova,
O‘zA
- Qo'shildi: 23.09.2025
- Ko'rishlar: 118
- Chop etish