O'tmishi kabi kelajagi ham buyuk bo'lgan xalqning, tarix sahniga chiqib kelishi, oson bo'lmaydi. O'zining tarixiy taqdirida ko'plab, shonli, suronli va qonli davrlarni boshidan kechirgan xalq matonati va metin irodasi bilan jahon tarixida mustahkam o'rin tutadi. Bu ayni haqiqat. Faxr bilan aytish mumkinki, o'tmishda bo'lgani kabi xalqimiz ikkinchi jahon urushi davrida ham, o'z tabiyatiga xos bo'lgan shijoat, ishonch, mardlik va jasorat namunalarini ko'rsata olgani rost. Bu davr ham xalqimizning g'alabaga bo'lgan ishonchini, qat'iy irodasini buka olmadi. Ko'p millatli xalqimiz front ortida ham aslo orqaga tisarilmadi. Xalqimiz taqdiridagi ushbu davr uning bardoshini, matonatini, birdam va jipsligini yana bir bor sinovdan o'tkazdi.
Shunday ekan, uning tarix maydonidagi o'rni va qadrini munosib e'tirof etish insoniy burch, vijdoniy ishdir. Ushbu majburiyat burchi va mas'uliyat hissini chuqur idrok etgan davlatimiz rahbari asrlarga tatigulik ulug'vor buyuk ishga qadam qo'ygani tarixiy haqiqat bo'ldi desak mubolag'a bo‘lmas.
Muhtaram Prezidentimizning 2019 yil 23 oktabrda qabul qilgan "Ikkinchi jahon urushida, qozonilgan g'alabaning 75 yilligini munosib nishonlash to'g'risida"gi qarori bu yo'ldagi oqilona va odilona tashabbus bo'ldi. Faoliyatning ikkita qanoti bo'ladi. Bu g'ayrat-shijoatga yo'naltirilgan tashabbuskorlik va tashkilotchilikdir. Poytaxtimizda yangi tarixiy ma'lumotlar va har jihatdan puxta ishlangan loyihalar asosida "Matonat madhiyasi", "Mangu jasorat", “Ko'z yoshi” monumentlari hamda "Shon-sharaf" davlat muzeyini o'zida qamragan muhtasham "G'alaba bog'i" yodgorlik majmuasining bunyod etilishi ana shu fikrning isbotidir.
Hozirgacha respublikamizning turli millat vakillari, g'alaba bog'i yodgorlik majmuasi bo'ylab virtual, ya'ni g'oyibona sayr etishda davom etmoqda. Endilikda ko'rish va eshitish a'zolari orqaligina emas, balki, inson ongu shuuri - miyasiga joylanadigan ma'lumotga ehtiyoj sezilayotgandi. G'alabaning ilmiy-nazariy, falsafiy mohiyati va jahonshumul ahamiyatini tahliliy nazardan o'tkazish va tahlil qilish muhim vazifa sifatida ko'ndalang turardi. Barcha soha va jabhalar rivojiga ilm nazari orqali qarash va o'rganish masalasiga alohida e'tibor qilgan va barchani da'vat etgan Millat sardorining tashabbusi va tashkilotchiligi bilan amalga oshirilgan bu sharafli harakatni ilmiy-falsafiy jihatdan o'rganish ajdodlarimiz g'alabasiga munosib javobdir.
Akademik Akmal Saidov tomonidan tayyorlangan "G'alaba bog'i falsafasi" nomli zalvorli tadqiqotni mazkur yo'nalishdagi tashabbusning muhri bo'ldi deyish mumkin. Xalqimiz tabiatiga xos bo'lgan bag'rikenglik va mehridaryolikni o’z tabiatiga singdirgan Millatimiz sarvari bundan ko'zlangan maqsadni shunday e'tirof etadi. G'alaba yo'lidagi "buyuk tarixiy ishlarni, xalqimizning yengilmas kuchli irodasi va qahramonligini o'sha suronli yillar haqiqatini kelgusi avlodlarga aniq misollar asosida yetkazish, ularni jasorat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash g'oyat muhim ahamiyatga ega".
Jasorat va matonat boqiylikka yo'g'rilgan barhayotlik nishonidir. Dunyo xalqlariga mislsiz iztiroblar keltirgan, behisob qurbonlarga sabab bo'lgan Ikkinchi jahon urushini ko'z oldimizda jonlanishi bugungi kunning qadriga yetishimizga va ayni paytda tinchlik va osoyishtalikning qiymati bebaho ekanligini anglashimizga zamin hozirlaydi.
Davlat rahbari ta’kidlaganidek, urush yillaridagi mardlik va qahramonlik, biz uchun ulkan jasorat maktabi g'urur va iftixor manbaidir. Qolaversa, mardlik namunalarini ko'rsatgan barcha yurtdoshlarimizga yuksak ehtirom timsoli hamdir.
“Sovet ittifoqi qahramoni” unvoni bilan mukofotlangan 301 nafar yurtdoshimiz, “Slava” (Shuhrat) ordenining sohibiga aylangan 70 nafar yurtdoshlarimizga shuningdek, jangohlarda jasorat ko'rsatgan o'zbek generallarining avlodlariga cheksiz hurmat belgisi hamdir. Ushbu kitob G'alaba bog'ining ilmiy-nazariy falsafasi tarixiy hujjatlar asosida talqin qilingani bilan ahamiyatlidir.
Ushbu memuar olti fasldan iborat bo'lib, o'ziga xos kompozitsion yaxlitlikga ega. Fasllar bir-biri bilan uzviy bog'langan bo'lib mantiqiy izchillikka ega. Ular bir-birini boyitadi, to'ldiradi, izohlaydi.
Adolatsizlikka qarshi haqiqatning kurashi oxir oqibat g'alaba bilan yakunlanadi. Xalqimizning haqiqatning egilishi, bukilishi mumkin lekin, sinmasligi haqidagi naqli, kitobning birinchi faslida, ko'rgazmali tasvirlar bilan birgalikda aks etgan bo'lib, u "Tarixiy adolatsizlikdan - tarixiy haqiqat sari" deb nomlangan.
Aslida, ilm ham, zulm ham, hatto o'lim ham ibrat va saboq. Gap undan to'g'ri xulosa chiqaza bilishda. Shunday ekan, tarixiy saboqlar istiqbolli rejalar uchun, kelajakdagi maqsad-intilishlarni, orzu-umidlarni amalga oshishi uchun muhim omil. Butun dunyo bo'yicha 110 million askar ishtirok etgan bu urush unda qatnashgan va qatnashmagan barcha davlatlar uchun qaysidir ma'noda saboq bo'lishi muqarrar. Yovuzlikning umri qisqa, ezgulik bardavom bo'lishi haqidagi buyuk haqiqatni endilikda hamma yaxshi biladi. BMT ning Bosh kotibi Antoniu Guterrishning "O'tgan 75 yil davomida birorta ham yirik urush bo'lgani yo'q, biz uchinchi jahon urushiga yo'l qo'ymaslikka muvaffaq bo'ldik" - degan fikri yuqoridagi mulohazalarga asosdir. Bu borada jahon ahlini birdamlikka, tinchlikka da'vat etib, BMT ning oliy minbaridan turib Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning butun jahonga murojaati nechog'li ahamiyatli ekanini sezmaslik, also mumkin emas.
“Ajdodlarimiz jasorati mangu barhayot” degan g'oya asosida qilingan va qilinayotgan ishlar, keng jamoatchilik ommasiga ezgu maqsadni singdirish mexanizmi sifatida ahamiyatlidir. Yoshlar, harbiy xizmatchilar va bolalar o'rtasida o'tkazilgan "Nomingiz dillarda mangu yashaydi" mavzusidagi ijodiy insholar tanlovi, "Eslayman! Faxrlanaman! Nomingiz dillarda mangu!" mavzusidagi bolalar rasmlari tanlovi ana shular jumlasidandir. Bu maqsadli harakatning rejali mexanizmi sifatida katta ahamiyat kasb etgani aniq.
Monumental kitobning ikkinchi fasli G'alaba bog'ining g'oyasi va tashabbuskori bilan bog'lanadi. Tabiiyki, bu borada yurtboshimiz tomonidan ilgari surilgan g'oya va takliflar hamda topshiriqlar o'zining bunyodkorlik kuchiga ega bo'ldi. Millat sardori g'alaba bog'ining ochilish marosimida g'ururlanib o'ziga xos bir faxr bilan "bu betakror majmua qahramon xalqimizga munosib bo'lib, ham me’moriy jihatdan, ham tarixiy ma'naviy jihatdan g'oyat noyob va mahobatli obida bo'lib qad rostladi" – deyishlarida asos bor.
Bog'ga qadam qo'ygan har bir inson jasorat va matonatning timsolini, vatanga muhabbat va sadoqatning ramzini ich-ichidan his etadi. Shu paytgacha raqamlari yashirib kelingan, yangi ma'lumotlarning xalqimizga havola qilinishi tiklangan tarixiy haqiqatning chinakam tantanasi bo'ldi deyish mumkin. Buning isboti o'rnida Prezident e'tirof etgan ushbu raqamlar ham, xalqimizga xos bo'lgan matonat va adolatparvarlikni namoyish etadi. O'sha davrda quloq sifatida boshqa o'lkalarga surgun qilingan 59 mingdan ortiq vatandoshimizning harakatdagi armiyaga safarbar etilgani, urushda O'zbekiston fuqarolaridan halok bo'lganlar 396 ming nafar emas, balki bu raqam 538 mingdan ziyod bo'lgani, 158 mingdan ziyod O'zbekistonlik urushda bedarak yo'qolgani kabi faktlarning qayd etilgani, endilikda, qadrini bilgan, qaddini tiklagan o'zbek xalqining ongi, bongi va taratgan dongi baland pardalarda jaranglaganining belgisidir.
Kitobning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, 7 ta jadval asosida aniqlangan yangi ma'lumot va faktlarning qiyosiy tahlili va tafovutlarning berilganidir. Ma'lumotlar bilan tanishar ekansiz, o'zbek xalqining jasorati nafaqat jangohlarda balki front ortida ham ibratli bo'lganini ko'rish mumkin. Xullas, G'alaba bog'ini sayr etgan inson uning qadr-qimmat bog'i, xotira va tarbiya o'chog'i ekanligiga yana bir bor iqror bo'ladi. O'z farzandini urushga yuborib yo'llariga ilhaq, intizor bo'lib ko'z tikkan onalarning holati va ruhiyatini his etish uchun O'zbekistondagi barcha onalarga qo'yilgan haykal “Matonat madhiyasi” bo'lib xizmat qilishi muqarrar.
O'z yurtini sevgan, ota-onalarning duosi va da'vatlarini muqaddas tutgan farzandlarining jonbozligiga qo'yilgan "Mangu jasorat" monumenti ham sizni befarq qoldirmaydi. Bu yerda “Sovet ittifoqi qahramoni” unvoniga sazovor bo'lgan jangchilarning siymosi aks etgan barelyeflarning o'rnatilgani va O'zbekistonlik generallarning nomlari qayd etilgani, sizda ichki bir mehrni va minnatdorlik tuyg'yusini uyg'otmasdan qolmaydi. Ayniqsa, general Sobir Rahimov xotirasini tiklanishi, shuningdek, mashhur sarkarda Mirkomil Mirsharapov nomining qayd etilishi bejiz emas. Ularning vatanparvarligini o'zbek xalqidan olingan ushbu farmondagi bitiklardan ham bilish mumkin: "Yo hayot, yo asorat; yo hayot, yo o'lim; yo o'lim, yo g'alaba! Bir qadam orqaga chekinmaymiz!". O'zbek xalqining jangchilariga ularning el- yurtlaridan kelgan maktublarida ham ana shu ruhning mavjudligini sezmaslik mumkin emas.
Mumtoz merosimizda ashk degan tushuncha bor. O'z ona tuprog'ini rashk qilgan odamda vatan tuyg'uysi, oila qayg'usi bo'ladi. Ashk - ko'z yoshi demakdir. Ko'z yoshi ikki xil bo’ladi: sevinch va alam ko'z yoshlari. Biri shodlikdan, ikkinchisi iztirobdan yoshlanadi. Aslida, bu befarq emaslik, voqelikka faol munosabat, ogohlik va hushyorlikdan tug'iladi. Prezident iborasi bilan aytganda "doimo hushyor va ogoh bo'lgan holda tinchlik uchun kurashish, uning qadriga yetish, vatanni asrab-avaylash tuyg'ularini kuchaytirish" uchun ham bu harakat zarur.
G'alaba bog'i falsafasiga singdirilgan 12 halqali tuyg'ular silsilasini o'ziga jo etgan "Ko'z yoshi" majmuasi bu borada ibrat, ogohlik va hushyorlik ramzidir.
Insonning ko'ngil mulkiga safar uning qalbini ziyorat etishdir. Bu esa jisman, qalban, ham ruhan poklanishni taqozo etadi. Vatan tuyg'usini his etishga, urush dahshatini ko'rib o'zida yurt qismatiga, vatan taqdiriga nisbatan daxldorlik tuyg'usini va fuqarolik burchini anglashiga zamin hozirlaydi. Mung'ayib alam va anduhlar bilan mahzun holatdagi motamsaro onaga achinish va qalbida hamdardlik tuyg'usini his etgan kishi chinakam ma'noda yashayotgan bo'ladi. Qorong'u tundan so'ng tong otgani singari mahzuniy holatlar - masruriy damlarga aylanishi haq.
Mehribon va g'amxo'r onalarning ko'z yoshi va qilgan duolari, xalqimizning matonatli o’g’lonlari g'alaba nashidasini surishga imkon bergani rost. Bu tabiiyki, Alloh bergan ne'matlarga qanoat va shukronalik tuyg'usi bilan bog'liq. Bu esa chinakam ma'noda tahsin-u ofarinlarga loyiq bo'lgan shon-sharafimizning belgisi, faxr-u iftixorimizning manbai. G'oliblik gashtini surish, g'alaba sururini his etish, uni nishonlab to'y-u tantanalar qilish, elga osh berish bizga tarixiy me'ros. G'alaba bog'idagi 700 kishiga mo'ljallab qurilgan mahobatli amfiteatr ham ana shu maqsadning ifodasidir. Insonning kuch-qudrati aqli va jismidagina emas, balki, uning mahsuli sifatida yaratilgan texnika va qurollarda ham aks etadi. Siz g'alaba bog'idagi maydonchalarda o'rin olgan artilleriya, zenit qurilmalari, tank va samolyotlarni ko'rib, o'zingizda ham beixtiyor azm-u shijoat uyg'onganini his etasiz.
20 mingdan ortiq noyob eksponatlar saqlanayotgan Shon sharaf muzeyi bilan kitobning uchunchi faslida tanishasiz. Muzey - moziy muhri. U jasorat, matonat va vatanparvarlikni tarannum etadi. Davlat rahbari ta’kidlab o’tganlaridek, “qurbon bo'lgan yurtdoshlarimiz xotirasini unutishga, ulardan meros qolgan ezgulik va adolat g'oyalariga xiyonat qilishga haqqimiz yo'q”. Bu qolaversa, matonatli ajdodlarga minnatdor avlodlardan ta’zim ramzidir. Xalqimizning tarixiy qonida, amaliy ishlarida saqlanadigan ajdodlarimizning mardligi va jasorati yuksak namuna maktabi ekanini yosh avlod doimo yodda tutishi kerak. Ular “Qizil yulduz” ordeni bilan taqdirlangan Omonboy To'qmirzayev, yozuvchi va davlat arbobi Sharof Rashidov kabi elparvar insonlarning ezgu ishlarini bilishlari shart, albatta.
Urush davrining jangchi va san'atkor ayollari o'zlarining g'alabaga ishonch ruhidagi chiqishlari bilan askarlarni ruhlantirganidan ham ko’z yumib bo’lmaydi.
Ushbu memuarda O'zbekiston askarlarining Yevropa xaloskorlari bo'lgani, Fransiya “Qarshilik ko'rsatish harakati”dagi vatanparvarligi, Italyanlarning Aleksandrosi o'zbeklarning Sharifi bo'lgani, 1945-yildagi sovet-yapon urushida qatnashgan o'zbeklarning jasorati ayni paytda o'zbek razvedkachilarning uddaburonligi borasidagi matonati ham e'tibordan chetda qolmagan.
O'zbekiston bag'ri keng diyor ekanini endilikda butun jahon biladi. U front uchun ishonchli tayanch qo'rg'oni bo'lgani aniq. Shu haqida 4 - faslda mufassal ma'lumotlar olasiz. Bu esa sizni madaniy tafakkuri teran, g'urur-iftixori yuksak xalqni yengib bo'lmasligiga ishontiradi. Kitobning keyingi fasllarida urush davri bilan bog'langan holda, xotirotlar mardlik va mangulik ramzi bo'lgan G'alaba bog'i yodgorlik majmuasining ahamiyati, urush chin ma'noda madaniyatsizlik, tinchlik esa madaniyatli xalqlar amali ekani borasidagi ma'lumotlar bilan tanishasiz.
Kitobda mavzuga, sahifaga monand holda G'afir G'ulom, Hamid Olimjon, Zulfiya, Oybek, Maqsud Shayhzoda, Rauf Parfi, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Aleksandr Faynberg, Shavkat Rahmon, Normurod Narzullayev, Azim Suyun, Halima Xudoyberdiyeva, Mirpo'lat Mirzo, Ibrohim Yusupov, Anvar Obidjon, Omon Matjon, SIrojiddin Sayyid, Oydin Hojiyeva, Zulfiya Mo'minova, Qo'chqor Norqobil, E'tibor Oxunova, Ikrom Otamurod, Eshqobil Shukur, Sharifa Salimova, G'ulom Mirzo ka'bi o’nlab iqtidorli shoirlarning she'rlarini o'rinli tarzda keltirilishi kitobga badiiy mazmun va ziynat baxsh etgan.
Davlatimiz rahbari talabiga muvofiq o'tmishga berilgan baho, albatta xolisona, eng muhimi, turli mafkuraviy qarashlardan xoli bo'lishi zarurligi haqidagi fikrlariga javob tarzida ham ahamiyatlidir. Kitob ana shunday ruh bilan yozilgan. Bu muqaddas so'zlik - o'zligimiz ko'zgusidir. Millat sardori tashabbusining tamal toshi sifatida qimmatli desak, o'rinli bo'ladi.
G'alaba bog'i chinakam falsafiy majmua, buzilmas va bukilmas xalq irodasining falsafasidir. Bu falsafaning qon tomiri va jon tomiri qat'iyatli, bag'rikeng, mehridaryo xalqimizning kuchi va ishonchida, uning o'z g'oyasiga sadoqatli, e'tiqodda sobit ekanligining belgisidir.
Ushbu kitob Prezident e'tirof etgandek ogohlikka, hushyorlikka chorlaydi. Chunki tarixga hushyorlik, ogohlik nazari bilan ko'z tashlash muhim. Bu bizni ko'p narsalardan ogoh qiladi, maqsadlarimizni, yorug' kelajagimizni to'g'ri belgilashga xizmat qiladi.
G'alaba ham, erk ham osonlikcha qo'lga kiritilmaydi, u qurbonliklar evaziga, qon to'kish-u jon berishlar badaliga qo'lga kiritiladi, tarix bunga guvohdir. Zalvorli g'oyani o'ziga jo etgan ushbu salmoqdor kitob targ'iboti va tashviqotini keng yo’lga qo’yish maqsadga muvofiq. Uni targ’ib etuvchi notiq va voizlar tarkibini shakllantirish hamda ular kuchidan foydalanish muhimdir. Ular kitobning mohiyati borasida o'z mulohazalarni audioviziual imkoniyatlardan foydalangan holda targ'ib qilishlari mumkin. Toki ta'lim tizimi maskanlarida, mehnat tashkilotlarida bu kitob ish stoli ustida turishi maqsadga muvofiq.
Kitobni varaqlab kimmiz, kimning avlodimiz, bizning oldimizda qanday maqsadlar turibdi? Biz ularga munosibmizmi? Biz ajdodlarning orzu-armonlarini amalga oshira olayapmizmi kabi savolga har birimiz javob berishimiz uchun ham kitob qimmalidir.
Rahimboy Jumaniyozov,
filologiya fanlari nomzodi, dotsent
- Qo'shildi: 19.08.2021
- Ko'rishlar: 4020
- Chop etish