Yurtimizda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan shaxslarga psixologik, tibbiy va huquqiy yordam ko‘rsatish markazlari yo‘lga qo‘yilgan. Xo‘sh, bugun ushbu markazlarga asosan qanday insonlar murojaat qilyapti va ularga qanday yordam ko‘rsatilyapti?
Mazkur savolga Mirzo Ulug‘bek tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi psixologi Shahnoza Jumaqulova javob berdi.
—Har kuni kamida 6-7 nafar fuqaro markazimizga kelib murojaat qiladi. Hozirgi kunda bizga murojaatlar ko‘paygan. Ilgari odamlar markazimiz faoliyati haqida ma’lumotga ega emas edi. Murojaatlar ko‘payganining nimasi yaxshi? Bu, odamlar o‘z ustida ishlayotgani, haq-huquqini bilishga, o‘zini rivojlantirishga harakat qilayotganidan dalolat.
Zo‘ravonlikka uchragan odam bizga murojaat qilgach, eng avvalo, uning ruhiy holati bilan ishlaymiz. Biz ko‘proq insonning xarakterini o‘rganamiz. Tazyiq o‘tkazadigan agressor odam qurbonga aylangan odamning xarakterini yaxshi o‘rganib, uni yanayam ezishga harakat qiladi.
Shu bois, jabr ko‘rgan insonni komillik bosqichiga olib chiqishga harakat qilamiz. Komil inson bosqichiga chiqqach, o‘zini-o‘zi himoya qilishni, atrofidagilar bilan qanday munosabatga kirishishni biladi. Uning qanday haq-huquqlari borligini tushuntirib, yana qurbon bo‘lmaslik yo‘llarini o‘rgatamiz.
N.Rahmonova, A.Sodiqov (video), U.To‘xtayev (montaj), O‘zA
- Qo'shildi: 24.02.2025
- Ko'rishlar: 800
- Chop etish