Mazkur nufuzli anjuman O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning BMT Inson huquqlari bo'yicha Kengashi 46-sessiyasidagi nutqida ilgari surilgan va xalqaro hamjamiyat tomonidan qo'llab-quvvatlangan tashabbus asosida tashkil etildi.
Uning ishida 500 ga yaqin ishtirokchi, shu jumladan 30 dan ortiq xorijiy davlatning 150 dan ziyod vakili – Angliya, Afg'oniston, AQSH, BAA, Belarus`, Bosniya va Gertsegovina, Germaniya, Daniya, Jazoir, Janubiy Koreya, Indoneziya, Madagaskar, Malayziya, Rossiya, Ruminiya, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Turkmaniston, Ukraina, Frantsiya, Xitoy, Shveytsariya, Shvetsiya, Shimoliy Irlandiya, Shotlandiya, Eron, Yaponiya, Qirg'iziston, Qozog'iston, Hindiston va boshqa mamlakatlarning nufuzli ekspertlari ishtirok etmoqda.
Konferentsiya kun tartibidan o'rin olgan asosiy masala – SOVID-19 pandemiyasi sharoitida BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari, shuningdek Milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini amaliyotga tatbiq etishda yoshlar ishtiroki, ularning huquqlarini samarali himoya qilish va mavjud xalqaro va mintaqaviy vositalarni umumlashtirishdan iboratdir.
Konferentsiyasining 12 avgust Xalqaro yoshlar kunida o'tkazilishida o'ziga xos ma'no bor. Uning ishida 15 ta xalqaro, 7 ta mintaqaviy, 11 ta xalqaro nodavlat tashkilot vakillari, shuningdek 15 ta xorijiy davlatning inson huquqlari bo'yicha milliy institutlari, 10 ta mamlakatning yoshlar ishlari bo'yicha parlamentlari va davlat organlari, 5 ta davlatning ta'lim va tadqiqot institutlari, O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan 18 ta xorijiy mamlakatning diplomatik vakolatxonalari mutasaddilari qatnashmoqda.
SOVID-19 pandemiyasi sababli xalqaro konferentsiya virtual shaklda o'tkazilmoqda. U uchta yalpi majlisdan hamda 3 ta parallel sessiyadan (A, V, S) iborat bo'ladi. Ma'ruzalar o'zbek, ingliz, frantsuz va rus tillarida taqdim etilmoqda.
Anjumanda ta'kidlanganidek, bugun dunyoda yangi avlod vakillari 2 milliarddan ziyodni tashkil qilmoqda. Bu insoniyat tarixida yoshlar sonining eng yuqori ko'rsatkichidir va ularning qariyb 90 foizi rivojlanayotgan mamlakatlarda istiqomat qiladi. So'nggi yillarda BMT doirasida birgina yoshlar masalalariga doir 10 dan ortiq xalqaro hujjat qabul qilindi. Jahon yoshlarining talab-ehtiyojlarini qondirish, salohiyatini mustahkamlash va huquqlarini to'laqonli ta'minlash uchun BMTning “Yoshlar 2030” yoshlar strategiyasi ishlab chiqildi.
Shuningdek, 2020 yilning aprel` oyida BMT COVID-19 inqiroziga qarshi zudlik bilan ijtimoiy-iqtisodiy choralar ko'rishga oid umumlashgan Dasturni e'lon qildi. Ushbu Dasturda yoshlarning salomatlik bo'yicha mustaqil qaror qabul qilishi, sog'lom turmush tarzi targ'iboti va pandemiyaga qarshi kurash yo'lida ularning faol ishtirokiga oid loyihalar o'z ifodasini topgan.
Nufuzli anjumanda e'tirof etilganidek, O'zbekistonda ham yigit-qizlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor tamoyillaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, so'nggi besh yilda bu borada qator qonunlar, Prezidentning o'nlab Farmon, qarorlari va hukumat hujjatlari qabul qilindi.
Yoshlar ishlari agentligi va Bosh vazir raisligida Yoshlar masalalari bo'yicha idoralararo kengash faoliyat boshladi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Yoshlar masalalari bo'yicha komissiya tuzildi, parlament palatalarida Yoshlar parlamentlari faoliyati yo'lga qo'yildi. O'zbekistonda 30 iyun` – Yoshlar kuni deb e'lon qilindi.
Bu borada Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi va 2017–2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yilida” amalga oshirish bo'yicha Davlat dasturi, shuningdek Prezidentimizning beshta muhim tashabbusi doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni alohida qayd etish o'rinlidir.
Bu kabi e'tiborga molik misollarni ko'plab keltirish mumkin. Toshkentda o'tkazilayotgan “Global harakatlarga yoshlarni jalb qilish” mavzusidagi xalqaro konferentsiya yoshlar huquqlarini nafaqat milliy, balki mintaqaviy va xalqaro miqyosda ishonchli himoya qilish uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadi.
Manba: parliament.gov.uz
- Qo'shildi: 13.08.2021
- Ko'rishlar: 3753
- Chop etish