Toshkentda yashash Nyu-Yorkdagidan 72 foiz arzonroq

Joriy yilning dastlabki olti oyi yakunlariga ko‘ra, Qozog‘istonning Olmaota shahri Markaziy Osiyo shaharlarida yashash uchun eng qimmat shahar sifatida qayd etildi. Bu haqda xalqaro Numbeo portali e’lon qilgan reytingda ma’lum qilindi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, Olmaotada yashash qiymati indeksi 29,4 punktni tashkil etdi va bu ko‘rsatkich shaharni jahon bo‘yicha 346-o‘ringa olib chiqdi. Shuningdek, mintaqaning boshqa yirik shaharlarida ham yashash narxlari solishtirildi:

Bishkek (Qirg‘iziston) — 26,8 indeks, 364-o‘rin;

Ostona (Qozog‘iston) — 26,5 indeks, 366-o‘rin;

Toshkent (O‘zbekiston) — 26,2 indeks, 370-o‘rin.

Tojikiston va Turkmaniston shaharlari reytingda qayd etilmadi.

Numbeo ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkentda to‘rt kishilik oilaning uy-joy ijarasisiz o‘rtacha oylik xarajatlari 23 mln 39 ming so‘mni tashkil etadi. Yolg‘iz yashovchi bir kishi uchun esa bu ko‘rsatkich 6 mln 437 ming so‘m deb baholangan. Shahar bo‘yicha yashash qiymati Nyu-Yorkdagiga qaraganda 72,2 foiz arzonroq. Shu bilan birga, Toshkentdagi uy-joy ijarasi ham Nyu-Yorkdagiga nisbatan 84,5 foiz pastroq ekani qayd etilgan.

Madinabonu Nasriyeva, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA

Powered by GSpeech