Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini va front ortida fidokorona mehnat qilganlarni eʼzozlash – O‘zbekiston ijtimoiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir

“G‘alaba bog‘ida” “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini va front ortida fidokorona mehnat qilganlarni eʼzozlash – O‘zbekiston Respublikasi ijtimoiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.

Unda senatorlar, Qo‘mita huzuridagi ekspertlar, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyalari, Bojxona instituti, Jamoat xavfsizligi universiteti kursantlari, O‘zbekiston Milliy universiteti va Toshkent davlat pedagogika universiteti talabalari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Seminarda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va front ortida fidokorona mehnat qilgan faxriylarimizning qahramonligi va tarixiy xizmatlarini yana bir bor keng jamoatchiligimizga yetkazishga, yosh avlodni ota-bobolarimiz jasoratiga munosib bo‘lgan, bugungi tinch, osoyishta hayotni asrab-avaylash va yana-da mustahkamlashga qodir, jonajon Vatanimizga sadoqatli insonlar etib tarbiyalashga eʼtibor qaratildi.

Taʼkidlanganidek, Ikkinchi jahon urushi haqiqatan ham insoniyat tarixidagi eng dahshatli, eng qonli qirg‘in bo‘lgan. Bu urush insoniyat, shu jumladan, xalqimiz boshiga qanday og‘ir azob-uqubat va talafotlar, behisob qurbonlar keltirganini el-yurtimiz hech qachon unutmaydi.

Albatta, bu borada respublikamizda davlat rahbari boshchiligida zarur ishlar olib borilmoqda.

Prezident Sh.M.Mirziyoyev tashabbuslari bilan Ikkinchi jahon urushi yillaridagi tariximizni o‘rganishda tom maʼnoda yangi davr boshlandi. Xususan, 2020 yilga qadar urush boshlangan paytda yurtimiz aholisi 6 mln 551 ming kishini tashkil etgan va ularning 1,5 mlnga yaqini urushda ishtirok etgan, deb hisoblanar edi.

Jahon arxivlari o‘rganilib, yangi topilgan maʼlumotlar tahlil qilinganda esa O‘zbekistondan 1,951 mlnga yaqin kishi urushga safarbar etilgani maʼlum bo‘ldi. Bundan tashqari, ilgari 396 ming nafar O‘zbekiston fuqarosi urushda halok bo‘lgan, deb aytilgan bo‘lsa, aslida bu raqam 538 mingdan ziyod bo‘lgan, 158 mingdan ko‘prog‘i bedarak yo‘qolgan.

Olib borilgan ilmiy izlanishlar natijasida orden va medallar bilan mukofotlangan O‘zbekiston vakillarining soniga ham oydinlik kiritildi. Ilgari bu ko‘rsatkich 120 ming deb qayd etilar edi. Yangi maʼlumotlarga asosan Ikkinchi jahon urushida 200 mingdan ziyod askar va ofitserlarimiz jangovar davlat mukofotlari bilan taqdirlangani aniqlandi. Jumladan, ilgari 280 nafar deb hisoblab kelingan o‘zbekistonlik Sovet Ittifoqi qahramonlarining soni 301 ta ekani, 70 nafar yurtdoshlarimiz uchala darajadagi “Slava” ordeniga sazovor bo‘lgani o‘z tasdig‘ini topdi va tarixiy haqiqat yuzaga chiqdi.

O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi yaqinda bo‘lib o‘tgan MDH Parlamentlararo assambleyasining Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan majlisida ham ishtirok etgan edi. Tadbir davomida urush yillarida O‘zbekiston xalqining frontda va front ortida ko‘rsatgan beqiyos jasorati va mehnati alohida eʼtirof etildi. O‘zbekiston delegatsiyasining mazkur majlisdagi ishtiroki mamlakatimizda Ikkinchi jahon urushi faxriylarini qadrlash, tarixiy xotirani saqlash va yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan siyosatning xalqaro darajadagi ifodasi bo‘ldi.

O‘zbekiston urush maydonlariga juda katta miqdorda harbiy texnika, qurol-yarog‘, dori-darmon, kiyim-kechak, oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib beradigan muhim tayanch markazlaridan biriga aylangan edi. Ishlab chiqarish korxonalari harbiy maqsadlarda qayta tashkil etildi. Jumladan, ko‘p millatli aholimizning fidokorona mehnati bilan o‘sha vaqtdagi 300 ga yaqin ishlab chiqarish korxonalarida harbiy mahsulotlar ishlab chiqarildi. Shu davrda front hududlaridan yurtimizga 151 ta zavod ko‘chirib keltirilib, qisqa fursatda ishga tushirilgan.

Shuningdek, so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston urush tufayli uy-joyi, ota-onasi va qarindoshlaridan ajralgan qariyb 1,5 mln kishini o‘z yaqinlaridek qabul qilganini alohida taʼkidladi.

Tadbir davomida 2025-yil 20-fevralda Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi hamda Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni munosib nishonlash to‘g‘risida”gi qarorida ko‘zda tutilgan masalalarning mazmun-mohiyatiga eʼtibor qaratilib, urush yillari bedarak yo‘qolgan 158 mingdan ortiq kishilarni qidirish, ularning taqdiriga aniqlik kiritish ishlarida erishilgan natijalarga to‘xtalib o‘tildi.

Seminar so‘nggida bu borada kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan takliflar bildirildi.

 O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati

Powered by GSpeech