O'zbekistonning odam savdosiga qarshi kurash sohasida erishgan yutuqlari e'tirof etildi

AQSH Davlat departamentining 2020 yilda odam savdosiga qarshi kurashning dunyo bo'yicha holati tahliliga bag'ishlangan ma'ruzasi e'lon qilindi. Ma'ruzada O'zbekiston bu borada 2021 yilda ikkinchi toifaga (Tier 2) o'tkazilgani ta'kidlanganki, bu o'zgarish mamlakatimizning ayni yo'nalishda ijobiy natijaga erishganini ko'rsatadi.

Ilgari, 2018-2020 yillar davomida O'zbekiston ikkinchi guruh tarkibida (Tier 2 Watch List) bo'lib kelgan. Bu guruhdagi mamlakatlarga nisbatan alohida nazorat olib boriladi.

Ma'ruzada ta'kidlanganidek, “O'zbekiston odam savdosiga barham berish uchun sezilarli darajada sa'y-harakatlarni amalga oshirmoqda. Hukumat hisobot davrida, COVID-19 pandemiya sharoiti uning odam savdosiga qarshi kurashish borasidagi imkoniyatlariga salbiy ta'sir ko'rsatganiga qaramay, ayni sohada hal qiluvchi yutuqlarga erishdi; shuning uchun O'zbekiston Nazoratning 2-toifasi ro'yxatiga o'tkazildi”.

Ma'ruzada O'zbekiston qonunchiligidagi o'zgarishlar, xususan, odam savdosiga qarshi kurashish to'g'risida yangi qonun qabul qilingani, Jinoyat kodeksiga bolalar mehnati uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan o'zgartirishlar kiritilgani, ushbu sohada jinoyatlarni aniqlashga oid huquqni qo'llash amaliyoti takomillashtirilgani alohida qayd etilgan.

Shuningdek, Suriya, Iroq va Afg'onistonning qurolli mojarolar davom etayotgan hududlariga borib qolgan ayollar va bolalarni himoya ostiga olish hamda jamiyatga moslashtirish, bundan tashqari, pandemiya sharoitida mehnat migrantlarini ijtimoiy himoya qilish va ish bilan ta'minlash bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlarga e'tibor qaratilgan.

Ma'ruzada O'zbekistonning fuqarolik jamiyati institutlari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorligiga ijobiy baho berilgan. Xususan, o'zaro hamkorlikda har yilgi paxta yig'im-terimi mavsumida majburiy mehnatdan foydalanish holatlari keskin kamaygani ta'kidlangan.

O'zbekistonning yana bir yutug'i sifatida ma'ruzada Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo'yicha Milliy komissiyaning muvofiqlashtirilgan faoliyatiga urg'u berilgan. Shuningdek, mamlakatda odam savdosi jabrdiydalarini  aniqlash (identifikatsiya qilish) va qayta yo'naltirish milliy mexanizmiga asos solingani e'tirof etilgan.

Ma'ruzada ayni sohadagi vaziyatning tahlili bilan bir qatorda, O'zbekiston nazoratning navbatdagi, ya'ni AQSH qonunchiligida qo'llanadigan talablarga mos toifasi ro'yxatiga (Trafficking Victims Protection Act – TVPA) kiritilishi uchun zarur bo'lgan juda muhim tavsiyalar ham taqdim etilgan.

Ma'lumot uchun: Davlat departamentining bu boradagi yillik ma'ruzasida jahon davlatlari, shu jumladan, Amerika Qo'shma Shtatlari, 2000 yilda AQShda qabul qilingan Odam savdosi jabrdiydalarini himoya qilish to'g'risidagi qonunga muvofiq holda, odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida amalga oshirgan sa'y-harakatlar tahlil qilinadi. Bunda mamlakatlar Palermo protokolining “Uch P” minimal andozalari asosida baholab boriladi. Bu o'rinda “Uch P” tushunchasi – odam savdosiga qo'l urgan shaxslarni ta'qib etish, odam savdosi jabrdiydalarini himoya qilish va odam savdosining oldini olishga doir standartlarni anglatadi.

 Davlat departamenti ma'ruzasida mamlakatlar uchta toifaga ajratiladi.

Birinchi toifaga (Tier 1 List) – TVPA talablarini to'la bajarayotgan davlatlar, ikkinchi toifaga (Tier 2 List) – ana shu talablarga mos kelishga intilayotgan mamlakatlar kiritiladi.

Ikkinchi toifa tarkibida alohida nazoratga olingan mamlakatlar guruhi (Tier 2 Watch List) ham mavjud bo'lib, ular qatoridan tegishli talablarga javob berishga astoydil intilayotgan mamlakatlar joy oladi.

Uchinchi toifaga (Tier 3 List) TVPAning eng kam talablariga ham mos kelmaydigan mamlakatlar kiritiladi. Bunda tegishli mamlakatlarning vaziyatni o'zgartirish uchun sezilarli harakat qilmayotganidan kelib chiqiladi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech