O‘zbekiston Global innovatsiya indeksida Markaziy Osiyoda 1-o‘ringa chiqdi

Jahon intellektual mulk tashkiloti (WIPO) tomonidan eʼlon qilingan 2025-yilgi Global innovatsiya indeksida O‘zbekiston o‘z ko‘rsatkichlarini 4 pog‘onaga yaxshilab, 139 ta davlat orasida 79-o‘ringa ko‘tarildi.

Bu natija mamlakatning ilmiy-tadqiqot va innovatsiya salohiyatining sezilarli o‘sishi hamda rivojlanish tendensiyalarini yana bir bor tasdiqlaydi.

Maʼlumot uchun: Global innovatsiya indeksi har yili sentyabr oyida eʼlon qilinadi va 2 ta asosiy subindeks hamda 7 ta yo‘nalish bo‘yicha birlashtirilgan qariyb 80 ta indikator asosida tayyorlanadi. Bu indikatorlar mamlakatlar innovatsiya salohiyati, bilim va texnologiya rivojlanishi, biznes muhiti va boshqaruv sifatini aniqlashda asosiy mezon hisoblanadi.

Shu bilan birga bir qator indikatorlarda O‘zbekiston ko‘rsatkichlari yaxshilandi. Xususan, “Inson kapitali va ilmiy tadqiqotlar” indikatorida mamlakatimiz 12 pog‘onaga, “Bilim va texnologiya mahsulotlari” indikatorida 10 pog‘onaga, “Bozor rivojlanishi” indikatorida 4 pog‘onaga ko‘tarildi.

Shuningdek, respublikamiz “quyi o‘rta daromadli mamlakatlar” guruhida 37 ta davlat orasida 7-o‘ringa ko‘tarilib (2024-yilda 10-o‘rin), Markaziy Osiyoda 1-o‘rinni, Janubiy Osiyo mintaqasida esa Hindiston va Erondan keyin 3-o‘rinni egalladi (2024-yilda 4-o‘rin).

O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati

Powered by GSpeech