O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16-17 sentyabr kunlari Namangan viloyatida bo‘ldi.
Ikki kunlik safar davomida sanoat, qishloq xo‘jaligi, energetika va ijtimoiy sohada ishga tushirilgan yangi ob’ektlar bilan tanishdi. Viloyatni kompleks rivojlantirish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Davlatimiz rahbari 17 sentyabr kuni “Kambag‘allikdan farovonlik sari” III xalqaro forumining ochilish marosimida ishtirok etdi va nutq so‘zladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevdunyoda kuzatilayotgan geosiyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy beqarorlik, iqlim o‘zgarishlari ta’sirida global iqtisodiy o‘sish sekinlashgani, oqibatda kambag‘al aholi soni oshganiga e’tibor qaratdi. Bu holat barcha davlatlar, xalqaro tashkilotlar, umuman, dunyo hamjamiyati oldiga yangi va dolzarb vazifalarni qo‘yayotgani ta’kidlandi.
Shunday murakkab davrda O‘zbekistonda kambag‘allikka qarshi kurashish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Barcha sa’y-harakatlar har bir inson, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarga o‘z salohiyatini to‘liq namoyon etishi uchun sharoit yaratish va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratildi.

Yangilangan Konstitutsiyamizda pensiyalar, nafaqalar va ijtimoiy yordam miqdori eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lmasligi belgilab qo‘yildi.
Izchil islohotlar tufayli 7,5 million aholi kambag‘allikdan chiqarilib, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 8,9 foizga tushirildi. Yil yakunigacha kambag‘allik darajasini 6 foizgacha kamaytirish maqsad qilingan. O‘tgan davrda mamlakatimiz iqtisodiyoti 2 karra o‘sgani bunda muhim omil bo‘ldi. Shu yil yakuni bilan aholi jon boshiga daromad 3,5 ming dollarga yetishi kutilmoqda.
Yangi tashabbus va tajribalarni sinovdan o‘tkazib, dunyodagi ijobiy yutuqlarni o‘rganib, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha Yangi O‘zbekiston modeli yaratildi.
Avvalo, manzilli ijtimoiy daftarlar joriy etilib, barcha ehtiyojmand oilalar qamrab olindi. Pandemiya davrida bepul dori-darmon, ijtimoiy nafaqalar uchun jami 8 milliard dollarlik mablag‘ va imtiyozlar berildi. Natijada 5 million 200 ming nafar fuqaroning “kambag‘allik qopqoni”ga tushib qolishi hamda iqtisodiy retsessiyaning oldi olindi.
Jamiyatning eng quyi bo‘g‘inigacha tushib, “mahallabay” ishlash tizimi yo‘lga qo‘yildi. Har bir xonadon, har bir oila bilan individual reja asosida ishlab, daromadini oshirish uchun yetarli resurs ajratildi.
Mahallalarni obod qilish, odamlar hayotini yaxshilash va tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirishga har yili 2,5-3 milliard dollar yo‘naltirilmoqda.
Qishloq aholisini daromadli qilish uchun 235 ming gektar paxta va g‘alla maydoni qisqartirilib, odamlarga 30-50 sotixdan ajratib berildi. Bu 800 ming insonning daromadini oshirishda muhim qadam bo‘ldi.
– Bunday keng ko‘lamli sa’y-harakatlarimiz hisobiga O‘zbekiston 2030 yilga qadar kambag‘allikni ikki karra qisqartirish bo‘yicha olgan majburiyatini barvaqt bajarishga harakat qilyapti. Shularni inobatga olib, bugun yangi, yanada yuqori marrani belgilab olishga tayyormiz. 2030 yilga borib, xalqaro mezonlarga ko‘ra, O‘zbekistonda mutlaq kambag‘allikka to‘liq barham berishga barcha imkoniyatimiz bor va biz buni, albatta, uddalaymiz, – dedi Prezidentimiz.
Davlatimiz rahbari “Kambag‘allikdan – farovonlik sari” dasturining mazmun-mohiyatiga ham to‘xtaldi. Bu dastur yettita ustuvor yo‘nalishni qamrab olgan.
Eng avvalo, kambag‘al aholini shunchaki ishga joylashtirish emas, balki doimiy ish o‘rinlarini ko‘paytirib, odamlar barqaror daromad manbasiga ega bo‘lishi uchun sharoit yaratilmoqda.
Faol investitsiya siyosati tufayli shu yilning o‘zida 35 milliard dollar sarmoya evaziga 9 mingdan ortiq yangi korxona, 300 mingga yaqin yuqori daromadli ish o‘rni tashkil etilmoqda.
Davlat biznesga sharoit yaratib beryapti, tadbirkorlar esa o‘ziga ijtimoiy mas’uliyat olib, ehtiyojmand aholini ishli va daromadli qilishda ko‘makchi bo‘lmoqda. Shunday samarali hamkorlik tufayli joriy yilning o‘zida 270 mingdan ziyod kambag‘al oila a’zosi doimiy ishli bo‘lgan.
Ikkinchidan, sifatli ta’lim asosida inson kapitalini rivojlantirish, uzoq muddatli istiqbolda kambag‘allikni qisqartirishning asosiy “drayveri” bo‘lib qoladi.
Xususan, kambag‘al oila bolalarini maktabgacha ta’lim bilan to‘liq qamrab olish uchun barcha sharoit yaratiladi. Bunday oilalar farzandlari uchun xorijiy til va kasb-hunar o‘rganishga ketadigan xarajatlarning 80 foizi qoplab beriladi.
So‘nggi besh yilda 800 mingdan ziyod aholi zamonaviy kasblarga o‘qitilib, yuqori daromadli ishlarga joylashtirilgan. Endi Kasbga tayyorlash xalqaro markazlari tashkil etilib, ularning bitiruvchilariga xorijda tan olinadigan sertifikatlar berish yo‘lga qo‘yiladi.
Uchinchidan, xotin-qizlarni jamiyatning faol a’zosiga aylantirish alohida e’tiborda bo‘ladi. Shu bois, talaba qizlarga foizsiz kredit ajratish, magistraturada bepul ta’lim olish imkoniyati yaratildi. Bugun talabalarning 53 foizini xotin-qizlar tashkil etmoqda. Shu yilning o‘zida 1 million 700 ming ayol ishli bo‘lgan.
Buni davom ettirib, “Raqamli avlod qizlari” dasturi doirasida 50 ming nafar qizlar axborot texnologiyalari, fintex va sun’iy intellektga o‘qitiladi.
Joriy yil ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash uchun 1,5 milliard dollar ajratildi. Kelasi yili yana 2 million ayolni doimiy daromadli qilish choralari ko‘riladi.
To‘rtinchidan, inson salomatligi muhofaza qilinib, uning imkoniyatlari to‘laqonli yuzaga chiqarilmoqda. Jumladan, 140 ming kambag‘al oilaga shifokor biriktirilib, ular yiliga bir marta to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda.
Endi kafolatlangan tibbiy xizmatlar ko‘paytirilib, kambag‘al oilalarning bunga sarf qiladigan xarajati 2 karra qisqartiriladi. Bunda ularga bepul dori va kafolatlangan tibbiy xizmatlar paketi taqdim etiladi.
Beshinchidan, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi bilan manzilli ishlash yo‘lga qo‘yildi. Mazkur tizim tubdan isloh qilinib, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi. Har bir tuman va shaharda 100 dan ortiq ijtimoiy xizmatlarni “bir darcha” tamoyili asosida ko‘rsatadigan “Inson” markazlari ochildi. Har bir mahallada ijtimoiy xodim aholi bilan proaktiv ishlamoqda.
Shu yilning o‘zida 2 million 700 ming aholiga ijtimoiy xizmat va yordamlar ko‘rsatildi. Ayniqsa, kambag‘al oilalarning parvarishga muhtoj a’zolariga yangi ijtimoiy xizmatlar yo‘lga qo‘yilgani 50 ming nafar mehnatga layoqatli aholi uchun ishlash imkonini yaratdi.
Ijtimoiy xizmatlar sifati va qamrovini oshirish maqsadida Jahon banki bilan 100 million dollarlik loyiha ishga tushirildi. Imkoniyati cheklangan bolalarni maktab va kasbiy ta’lim bilan qamrab olish uchun alohida dasturlar amalga oshirilmoqda.
Oltinchidan, hududlarda infratuzilmani yaxshilash, odamlarga yashash uchun qulay sharoitlar yaratish – ko‘p o‘lchovli kambag‘allikni qisqartirishda muhim qadam bo‘ladi.
Shu maqsadda qariyb 3,5 million aholi yashaydigan sharoiti og‘ir mingta mahallada infratuzilma yaxshilanmoqda. Kelasi yil mahallalarda infratuzilmani yaxshilash, ish o‘rinlarini ko‘paytirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga yana 400 million dollar ajratiladi. Bunda 32 ta tuman va 328 ta og‘ir mahalla tanlanib, ularni rivojlantirish bo‘yicha alohida dastur qabul qilinadi.
Shuningdek, 810 ta mahallada suv, kanalizatsiya, yo‘l, maktab va bog‘cha qurish bo‘yicha 1,3 milliard dollarlik loyihalar amalga oshiriladi.
Uy-joyga muhtoj va daromadi past aholiga ipoteka tizimidan foydalanish uchun har yili 200 million dollar subsidiya ajratiladi.
Yettinchidan, davlat xarajatlarining 70 foizdan ortig‘i aynan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun sarflanmoqda.
Shu bilan birga, global miqyosda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun rivojlanayotgan davlatlarga yiliga 4 trillion dollardan ziyod mablag‘ zarur.
Bunday sharoitda xavf-xatarlarni ob’ektiv baholash, moliyaviy resurslarni jalb qilish, ularning samaradorligini oshirish bo‘yicha “kambag‘allikka qarshi kurashning yangi moliyaviy arxitekturasi”ga ehtiyoj sezilmoqda.
Ushbu masalalarga yechim topish maqsadida 2026 yilda Xiva shahrida xalqaro moliya institutlari, donor tashkilotlar va hamkor davlatlar ishtirokida konferensiya o‘tkaziladi.
Forumda Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad al-Jassir, Osiyo taraqqiyot banki vitse-prezidenti Ingming Yang, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi bosh vitse-prezidenti Sachiko Imoto, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Kaxa Imnadze, Jahon bankining kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha global direktori Luis Felipe Lopes-Kalva ishtirok etdi. Umuman, anjumanda 200 ga yaqin xalqaro ekspertlar qatnashdi.
Tadbir doirasidagi sessiyalarda kambag‘allikni qisqartirishda bozor talablari, islom moliyasining imkoniyatlari, biznes inklyuzivligi, inson kapitaliga sarmoya mavzularida innovatsion yondashuvlar muhokama qilindi.
Xalqaro forum doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad bin Sulaymon al-Jassir bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv avvalida ushbu nufuzli xalqaro moliyaviy tashkilot rahbari forum muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan samimiy tabriklab, ITB O‘zbekistonda kambag‘allikni yanada qisqartirish borasidagi vazifalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini ta’kidladi.
Mamlakatimizda ortga qaytmas tus olgan islohotlar strategiyasini amalga oshirishga ko‘maklashish maqsadida Bank guruhi bilan keng ko‘lamli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Keyingi yillarda ITB bilan sheriklik jadal rivojlanib borayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Qo‘shma loyihalar portfeli 5 milliard dollardan oshib, bugungi kunda transport, infratuzilma, uy-joy qurilishi, energetika, sog‘liqni saqlash, ta’lim kabi ustuvor sohalarni qamrab olgan. Shu bilan birga, investitsiyalarning 40 foizdan ortig‘i xususiy sektorga to‘g‘ri keladi.
Davlatimiz rahbari ITB bilan loyihalar portfelini ikki barobar ko‘paytirish, infratuzilma, ijtimoiy soha va xususiy sektor loyihalarini moliyalashtirish hajmini oshirishni nazarda tutadigan uzoq muddatli Strategik sheriklik dasturini qabul qilish tashabbusini ilgari surdi.
Xususiy biznes salohiyatini ro‘yobga chiqarish, mamlakatimiz hududlarida zamonaviy tibbiyot markazlarini barpo etish, avtomobil yo‘llarini modernizatsiya qilish, irrigatsiya kanallarini tiklash va betonlash hamda boshqa yo‘nalishlarda aniq loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.
So‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Jahon bankining global direktori Luis Felipe Lopes-Kalvani qabul qildi.

Muzokaralar avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Jahon banki guruhi prezidenti Ajay Banganing salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi hamda "Kambag‘allikdan farovonlik sari" xalqaro forumi muvaffaqiyatli tashkil etilgani bilan tabrikladi.
Jahon banki bilan strategik sheriklikni, eng avvalo, Barqaror rivojlanishning birinchi maqsadi bo‘lmish kambag‘allikka qarshi kurashish sohasida yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Ushbu global moliyaviy institut bilan amaliy hamkorlikda yuksak darajaga erishilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Mamlakat dasturi muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston bankning makromintaqadagi yetakchi hamkorlaridan biridir. Loyihalar portfeli 14 milliard dollardan oshdi.
Jahon bankining faol ko‘magida kambag‘allik darajasini aniqlash metodologiyasi ishlab chiqildi. Ayni paytda O‘zbekistonda kambag‘allik va tenglik ko‘rsatkichlari birgalikda diagnostika qilinmoqda.
"Kambag‘allikdan farovonlik sari" dasturini amalga oshirish doirasida xotin-qizlar va yoshlar uchun ish o‘rinlari yaratish, shahar va qishloqlarning ijtimoiy infratuzilmasini modernizatsiya qilish, turizmni rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan qo‘shma loyiha tayyorlash taklif qilindi.
Xususiy sektor loyihalarini ilgari surish, o‘rta muddatli rivojlanish dasturlarini ishlab chiqish, aholini ro‘yxatga olish va boshqa ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Osiyo taraqqiyot banki vitse-prezidenti Ingming Yangni ham qabul qildi.

Uchrashuv avvalida vitse-prezident Ingming Yang davlatimiz rahbariga OTB rahbari Masato Kandaning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi hamda forum muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabrikladi.
Yangi O‘zbekistonda ortga qaytmas tus olgan islohotlar strategiyasini amalga oshirish doirasida ushbu yetakchi xalqaro moliyaviy institut bilan hamkorlikni chuqurlashtirishning amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi.
Keyingi yillarda hamkorlikda yuksak darajaga erishilgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Bugungi kunda "yashil" energetika, transport, raqamli transformatsiya, ta’lim va boshqa yo‘nalishlardagi loyihalar portfeli 14 milliard dollarni tashkil etmoqda.
Mamlakatimiz yetakchisi OTB bilan infratuzilma, davlat-xususiy sheriklik, biznes, ijtimoiy soha va kapital bozorini rivojlantirish bo‘yicha yangi loyihalarni o‘z ichiga olgan keng ko‘lamli strategik sheriklik dasturini tayyorlash muhimligini qayd etdi.
Kambag‘allikka qarshi kurashish, muhim minerallarni qayta ishlash, byudjetni qo‘llab-quvvatlash, qo‘shma investitsiya platformasini yaratish bo‘yicha loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, bank Boshqaruvchilar kengashining yillik yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish va uni kelgusi yilda O‘zbekistonda o‘tkazish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Iftixor kiyim sanoat” klasterining yangi korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Namangan to‘qimachilik bo‘yicha mamlakatimizda yetakchi. Viloyat sanoatining uchdan biri, eksportining yarmi shu sohaga to‘g‘ri keladi. Bugungi kunda 2 ming 500 ga yaqin to‘qimachilik korxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular 250 ga yaqin brendlar ostida mahsulot tayyorlab, yuz mingdan ortiq insonni yuqori daromad bilan ta’minlayapti.
Sanoat rivojiga qo‘shimcha sharoit yaratish maqsadida “Namangan” erkin iqtisodiy zonasi To‘raqo‘rg‘on tumaniga kengaytirilgan edi. Yigirmaga yaqin loyiha qatorida bu yerda “Iftixor kiyim sanoat” klasterining yangi korxonasi ham barpo etildi.
13 avgust kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari to‘qimachilik korxonalarining yirik brendlar bilan hamkorligi masalasiga alohida urg‘u bergan edi. “Iftixor kiyim sanoat”da shunday tizim yo‘lga qo‘yilgan. Bu yerda “Bugatti”, “Pierre Cardin”, “Roy Robson”, “Baldessarini”, “Lavard”, “Jake’S”, “Engbers”, “Cinque”, “Walbusch” kabi mashhur brendlar buyurtmalariga ko‘ra mahsulot tayyorlanmoqda. Namanganda tikilgan kiyimlar Yevropa do‘konlarida sotilmoqda.

Bundan tashqari, “Mercedes-Benz”, “BMW”, “Rolls-Royce” kabi avtomobillar uchun o‘rindiq matolari ham ishlab chiqarilmoqda. Mazkur yo‘nalishda u mintaqamizda yagona korxona hisoblanadi. Umuman, korxona yigirmaga yaqin xorijiy brendlar bilan hamkorlikda ishlamoqda.
Yangi loyihaning umumiy qiymati 198 million dollar bo‘lib, mablag‘lar asosan qurilish ishlari va ilg‘or texnologiyalarni jalb etishga yo‘naltirildi. Zamonaviy inshootlar barpo etildi, maxsus laboratoriya tashkil qilindi. Germaniya, Italiya, Turkiya va Polsha kabi to‘qimachilikda yetakchi mamlakatlardan keltirilgan energiya tejamkor uskunalar ish unumdorligini oshirdi. Korxonadagi zamonaviy laboratoriya sifat nazoratini ta’minlash va nufuzli brendlar ishonchini qozonishda muhim o‘rin tutmoqda.
Dastlab oddiy tikuvchilik sexi sifatida ish boshlagan “Iftixor kiyim sanoat” bugun paxta yetishtirishdan tortib, tayyor mahsulotni eksportga yo‘naltirayotgan yirik klasterga aylandi. Sifat bo‘yicha qat’iy talablar uni xalqaro bozorga olib chiqdi.
Prezident korxonadagi ish jarayoni bilan tanishdi, xodimlar bilan suhbatlashdi.
Korxona to‘liq quvvatga chiqqach, yiliga 100 million dollarlik mahsulot ishlab chiqaradi. Bu orqali 2 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi, davlat byudjetiga esa yiliga salmoqli soliq tushumlari qo‘shiladi. Xalqaro brendlar bilan hamkorlik mahsulotga kafolatli bozor, katta valyuta tushumlari va yangi ish o‘rinlarini ta’minlaydi.
Bu yerga Namanganda o‘tayotgan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” xalqaro forumining xorijiy mehmonlari ham tashrif buyurdi. Milliy hamda xorijiy brendlar uchun tikilgan tayyor kiyimlar, shuningdek, oziq-ovqat, charm, qurilish materiallari, farmatsevtika tarmoqlaridagi mahsulotlar ko‘rgazmasi namoyish etildi.
O‘zbekistonda biznes uchun yaratilgan sharoitlar, milliy mahsulotlarimiz turi va sifati mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Shu yerda davlatimiz rahbariga Namangan viloyatida xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalar haqida axborot berildi. Xususan, shaharsozlik, to‘qimachilik, qurilish materiallari, elektrotexnika, turizm, qishloq xo‘jaligi va kimyo sanoati kabi yo‘nalishlarda 252 ta yirik loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Mutasaddilarga investor va tadbirkorlar uchun barcha qulayliklarni yaratib, loyihalarni jadallashtirish, ko‘proq ish o‘rinlari yaratib, aholi daromadini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Namangan viloyatiga tashrifi yakunlandi.
Ziyodulla JONIBEKOV,
Ikrom AVVALBOEV,
Abdulaziz RUSTAMOV,
O‘zA maxsus muxbirlari
- Qo'shildi: 18.09.2025
- Ko'rishlar: 68
- Chop etish