Qahramonlar nomi barhayot
Shu paytgacha harbiylikning yuki, mas’uliyati og‘ir degan tushunchani qanchalik keng doirada bilishimni o‘ylab ko‘rmagan ekanman. Sariosiyo va Uzun voqealarida yurt tinchligi uchun dushmanga ko‘ksini qalqon qilgan bahodirlar misolida bu boradagi qarashlarim ancha kengaydi.
Chunki harbiylikning yuki, mas’uliyati – harbiy xizmatchining ota-onasi, aka-ukasi, opa-singillari uchun og‘ir. Oilasi, turmush o‘rtog‘i, farzandlari uchun og‘ir. Mahallasi, do‘stlari uchun og‘ir. Barchamiz uchun og‘ir, birdek og‘ir. Chunki ularning jasoratini kelajak avlodga munosib tarzda yetkazishimiz kerak emasmi? Yana nimalarnidir anglab yetdim. O‘sha anglab yetganlarim ichida Sariosiyo va Uzun voqealari ishtirokchisi Bobomurod Nuratov tomonidan ijro etilgan «Do‘stlarim», «Unutmayman sizni elim qahramonlari», «Maktublar» qo‘shiqlaridagi oddiy haqiqatlar ham bor. Ular orasida yigirmadan ortiq navqiron yigitning yorqin xotirasi bor...

Har safar ular haqida yozishga jazm etganimda nimadir yetishmayotgandek bo‘ladi. O‘sha nimadir yurt tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan o‘g‘lonlarning jasorati va mardligini barchaning ko‘z o‘ngida gavdalantira oladigan birgina jumla ekanligini bilsamda, o‘sha jumlani topa olmayotgandek bo‘laveraman. Ular yurtim istiqlolining poydevorlari edi. Ular Vatanimning timsollari edi. Ular qaniydi shu Vatanga jon bersam dedi. Ular mard yigitlar, Vatan uchun yaralgan edi. Katta leytenant Kamoliddin Toshpo‘latov ham ulardan biri edi.
Oradan 24 yildan ko‘proq vaqt o‘tdi. Bu vaqt oralig‘ida jigarbandidan ayrilgan ota-onalarning, suyukli yoridan judo bo‘lgan mushtipar ayollarning, otasini siyratini faqat suratlarda ko‘rgan farzandlarning qalb yaralari bitib ulgurganmikin, degan xavotir bilan Kamoliddinning o‘ndan ortiq yaqinlari bilan telefon orqali bog‘landim. Umr yo‘ldoshi Gulnoz Nuriddinova, kenja o‘g‘li leytenant Mirkomil Kamoliddinov, xizmatdoshi Tolibjon Rajabov, birga o‘sgan o‘rtog‘i Farhodjon Akbarovdan Kamoliddinning qahramonligi haqida hikoya qiluvchi o‘nlab voqealar esga olindi. Ularning bari bitta kitobga jo bo‘ladigan xotiralar.
1996 yil iyun oyi. Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurti (hozirgi Qurolli Kuchlar akademiyasi)ni imtiyozli diplom bilan tugatgan Kamoliddin Toshpo‘latov va Gulnoz Nuriddinova yaxshi niyatlar bilan bir yostiqqa bosh qo‘yishdi. Bir oylik ta’til tugashi bilan Surxondaryoga xizmat burchini o‘tash uchun jo‘nab ketadi. To‘ng‘ich o‘g‘li shu yerda tug‘iladi. 2000 yil Kamoliddin Toshpo‘latov Chirchiqda xizmat vazifasini yangi lavozimda davom ettiradi. Yosh oila ikki yil ichida Namangandan Surxondaryoga, keyin esa Chirchiqqa ko‘chishga majbur bo‘ldi. Hali ikki yoshga ham to‘lmagan Umidjon va tug‘ilajak ikkinchi farzandi Mirkomil bilan umr yo‘ldoshining yonida bo‘lishni Gulnoz Nuriddinova harbiylikning yuki, mas’uliyati deb bildi. Shu tarzda ularning hayoti bir maromda baxtli davom etardi.

Ammo, avgust oyida ro‘y bergan noxush voqealar mana shunday oilalar baxtiga raxna soldi. Sariosiyo va Uzun tumanida terrorchilar bilan mardonavor kurashgan Kamoliddin Toshpo‘latov va uning bir necha safdoshi kindik qoni to‘kilgan zamin himoyasi yo‘lida ko‘krak qonini to‘kishdek mardlikni amalga oshirdi. Mash’um xabar Gulnoz Nuriddinova bilan bir qatorda minglab, millionlab qalblarni larzaga keltirdi. Jannatmonand yurtimizda to‘ng‘izdek qo‘pgan vatangado terrorchilar millionlab hamyurtlarimizning qarg‘ishiga duchor bo‘ldi. Mustaqilligimizni himoya qilish uchun halok bo‘lgan navqiron yigitlar shon-sharaf bilan dafn etildi. Ularning barchasi davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Ko‘chalar, maktablar va harbiy qismlarda yurt himoyachilarining byustlari qad ko‘tardi. Vatangado terrorchilar jasadlari esa, tog‘u-toshlar orasida quzg‘unlarga yem bo‘ldi.
Turmush o‘rtog‘ining vafotidan keyin Gulnoz Nuriddinova yana Namanganga ko‘chib keldi. Qayg‘u bilan quvonch yonma-yon yuradi deganlaridek, oradan ko‘p o‘tmay ikkinchi o‘g‘li Mirkomil tug‘ildi. Mirkomil uning zulmat qoplagan qalbiga yorug‘lik olib kirdi. Endi Gulnoz bor e’tiborini farzandlari va boshlang‘ich sinflarda ta’lim olayotgan shogirdlari tarbiyasiga qaratdi. Ikki o‘g‘li va maktabdagi o‘quvchilari orasidan o‘nlab, yuzlab Vatan himoyachilarini tarbiyalashga ahd qildi. Buning uchun bolalariga kechalari otasining qahramonligini aytib berdi. Kunduzlari esa, darsdan tashqari bo‘sh vaqtlarida o‘zi o‘qitayotgan sinf o‘quvchilariga ana shu hayotiy voqeani takror-takror hikoya qildi. Farzandi Mirkomil Kamoliddinov va Islomjon Ibragimov ana shu hikoyalar natijasida haqiqiy Vatan himoyachisi bo‘lib o‘lg‘aydi. 2023 yil O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasini tugatgan Mirkomil hozirda Farg‘ona viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasida bosh inspektor lavozimida xizmat qilib kelmoqda. Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida tahsil olgan Islomjon Ibragimov Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchisi, katta leytenant unvonida Jizzaxda o‘z burchini o‘tab kelyapti.
Oradan salkam 25 yil o‘tdi. Yurtimizda minglab oilalarda o‘g‘il farzand dunyoga keldi. Ko‘pchilik yaxshi niyatlar bilan farzandlarini Sariosiyo va Uzun voqealari qahramonlarining ismi bilan atadi. Hozirda ular 24-25 yoshli navqiron yigitlar bo‘lib ulg‘ayishgan. Ismining tarixini so‘raganlarga munosib javob bera olishadi ham. Chunki ular voyaga yetgan ko‘chalar o‘sha qahramonlar nomi bilan atalishini bilishadi. Ta’lim olgan maktablarida esa Vatan uchun ko‘ksini qalqon qilgan navqiron yigitlarning xotira burchagi, byusti borligini faxr bilan tilga olishadi. O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi kursantlari esa, yotoqxonadagi xonalardan biri ana shunday qahramonga tegishli ekanligidan g‘ururlanishi tabiiy. Chunki Kamoliddin Toshpo‘latovning xizmatdoshi Tolibjon Rajabov do‘stining xotirasiga hurmatini ana shu tarzda namoyon etgan.
Yaqinda Kamoliddin Toshpo‘latov nomi bilan bog‘liq xotira burchagi yana bittaga ko‘paydi. Chust shahridagi harbiy qismda Namangan garnizoni harbiy xizmatchilari «Mard o‘g‘lonlar nomi barhayot» nomli xotira burchagini ochishdi. Xotira burchagida 7-davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internati 11-sinf o‘quvchilari va faxriylar tomonidan manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi. Maktab o‘quvchilari harbiy qismda barpo etilib, qahramonlar nomi o‘rnatilgan xotira xiyoboni bilan ham yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Asror RO‘ZIBOEV,
“Vatanparvar” muxbiri
O‘zA
- Qo'shildi: 24.02.2025
- Ko'rishlar: 806
- Chop etish