O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi majlislar zalida 10 iyul` kuni "Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risida"gi qonunning mazmun-mohiyati va ahamiyati" mavzuida matbuot anjumani bo'lib o'tdi. Unda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, O'zbekiston Respublikasi adliya vaziri Ruslanbek Davletov va Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi o'rinbosari Dilshod Eshnaev ishtirok etdi.
Tadbirda yangi tahrirdagi Qonun vijdon erkinligi me'yorlarini aniq ko'rsatib, fuqarolarning xohlagan dinga e'tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e'tiqod qilmasligini ta'minlashi, shuningdek har qanday dinga zo'ravonlik bilan kiritishni taqiqlashi qayd etildi. Demokratik davlatlar qatorida, qonun ustuvorligi tamoyilidan kelib chiqib O'zbekistonda ham dinning siyosatga aralashishi hamda dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga yo'l qo'yilmasligi Qonunda aniq ko'rsatilgan.
Qonundagi printsipial yangiliklar haqida so'z borganda, diniy-ma'rifiy sohadagi keng ko'lamli islohotlarning izchil davomi sifatida, avvalo, har bir insonning vijdon erkinligini ta'minlash uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga, huquqni qo'llash amaliyotiga aniqliklar kiritishga alohida e'tibor qaratilganini ta'kidlash lozim.
"Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risida"gi qonunga binoan:
diniy tashkilotni davlat ro'yxatidan o'tkazish bilan bog'liq xizmatlar to'liq elektron shaklda, inson omilisiz amalga oshirilishi joriy etildi;
ro'yxatdan o'tkazuvchi adliya idoralariga taqdim etiladigan hujjatlar soni keskin qisqardi, ularni ko'rib chiqishning muddati esa 3 barobarga kamaydi, ya'ni 3 oydan 1 oyga tushirildi;
diniy tashkilotni davlat ro'yxatidan o'tkazishni rad etish asoslari Qonun bilan belgilanib, unda ko'rsatilmagan asoslarga ko'ra rad etishga yo'l qo'yilmasligi ta'minlandi;
shu bilan birga, diniy tashkilotning faoliyatini to'xtatib qo'yish va tugatish faqatgina sud orqali bo'lishi, ro'yxatdan o'tkazadigan va boshqa davlat organlari bunga haqli emasligi, mansabdor shaxslarning muayyan diniy tashkilot qonuniy manfaatlarini buzuvchi xatti-harakatlari ustidan sudga murojaat qilinganda diniy tashkilot davlat bojini to'lashdan ozod etilishi kabi qo'shimcha kafolatlar nazarda tutildi.
Yana bir muhim jihat: diniy tashkilotni tuzish uchun talab etib kelingan mahalla fuqarolar yig'inlari roziligini olish tartibi bekor qilindi.
Bugungi kunda dunyoning ko'pgina mintaqalarida notinch vaziyat hukm surayotgani tufayli diniy omildan g'arazli maqsadlarda foydalanish holatlari kuchayib borayotganini kuzatish mumkin. Shuni inobatga olib, O'zbekiston hududida buzg'unchi g'oyalarning tarqalishiga yo'l qo'ymaslik uchun diniy mazmundagi bosma, audio va video mahsulotlarni ekspertizadan o'tkazish dolzarb bo'lib qolmoqda.
Qonunda jamiyatda turli yot qarashlarni targ'ib qilayotgan guruhlarning faoliyati, ular tomonidan tarqatilayotgan buzg'unchi g'oyalarning salbiy ta'siridan aholini himoya qilish maqsadida diniy mazmundagi materiallarni dinshunoslik ekspertizasining ijobiy xulosasini olgandan keyin tayyorlash, olib kirish va tarqatish belgilab qo'yildi.
Bundan tashqari, davlat idoralari tomonidan qonun normalari noxolis talqin qilinishi va turlicha qo'llanishining oldini olish maqsadida atama va tushunchalarga ta'riflar keltirildi, ular aniq va ravshan tarzda bayon etildi.
Qonun atamalarining noto'g'ri talqin qilinishi natijasida turli tushunmovchiliklar, masalaga noxolis yondashuv holatlari vujudga kelishi mumkin. Shu kabi omillardan kelib chiqib, Qonunda har bir insonning Konstitutsiyamiz bilan kafolatlangan huquqlariga mos ravishda, fuqarolarga diniy qarashlarni majburan singdirishga yo'l qo'yilmasligi qat'iy belgilandi.
O'zbekistonda 130 dan ortiq millat 16 xil konfessiyaga amal qiladi. Qonun bilan belgilab qo'yilgan vijdon erkinligini ta'minlash sohasidagi asosiy ustuvorliklar ana shu konfessiyalar o'rtasida tinchlik va totuvlikni ta'minlash, dunyoviy davlatchilik tamoyilini kafolatlash, shuningdek aholi ongi va qalbiga yot g'oyalarning singdirilishiga qarshi ma'rifat yo'li bilan kurashishni nazarda tutadi.
Qonunda fuqarolarning huquqlarini ro'yobga chiqarish va jamiyatda tinch-totuvlikni ta'minlashga, fuqarolarning munosib hayot kechirishiga shart-sharoit yaratishga davlatning kafil ekani mustahkamlangan.
Qonun turli dinlarga e'tiqod qiluvchi mamlakatimiz fuqarolari o'rtasidagi o'zaro do'stlik va hamjihatlikka asoslangan munosabatlarni saqlab qolish va yanada mustahkamlash, ularning diniy e'tiqod bilan bog'liq qadriyatlari, urf-odat va an'analari hurmat qilinishi hamda to'liq ta'minlanishini kafolatlaydi.
Matbuot anjumanida jurnalist va blogerlarni qiziqtirgan ayni mavzudagi barcha savollarga atroflicha javob qaytarildi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 12.07.2021
- Ko'rishlar: 4018
- Chop etish