Xorij matbuoti O‘zbekiston haqida

Yevropa Ittifoqi axborot manbalarida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan reabilitatsiya va reintegratsiya siyosatini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan tadbir tafsiloti yoritildi. 

Ta’kidlanganidek, joriy yil 10-fevral kuni Toshkentda Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tashabbusi bilan davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida uchrashuv o‘tkazilgan.

Anjumanda kelgusi yil uchun amaliy chora-tadbirlar kelishilib, birgalikdagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish mexanizmi belgilab olingan. Muhokama chog‘i Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “Sudlov, reabilitatsiya va reintegratsiya” (PRR) dasturini milliy ustuvor yo‘nalishlar bilan uyg‘unlashtirishga alohida qaratilgan.

Ma’lumki, O‘zbekiston xavfsizlik, adolat va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlov uyg‘unlashgan yondashuvni yoqlamoqda. So‘nggi yillarda hukumatimiz sa’y-harakati bilan Iroq va Suriyadan 500 ga yaqin fuqaro qaytarilgani xalqaro miqyosda haqli e’tirof etildi.

Dasturda xalqaro sheriklar GCERF, IIJ va “Hedayah” tashkilotlari qatnashgan. Loyiha huquqni muhofaza qilish tizimini mustahkamlash, psixologik va kasbiy qo‘llab-quvvatlash, jamoalarni jalb etish hamda ijtimoiy stigmani kamaytirish kabi yo‘nalishlar qamrab olingan.

Nashrlar qayd etishicha, bunday hamkorlik reintegratsiyani faqat xavfsizlik chorasi emas, balki barqaror jamiyatni shakllantirish omili sifatida ham namoyon etishga xizmat qilmoqda.

D.Hakimov, O‘zA

Powered by GSpeech