Xalqaro forum arafasida: BRMga erishishda parlamentlararo global hamkorlik

18 iyun kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi majlislar zalida "Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik" forumiga bag'ishlab o'tkazilgan matbuot anjumanida bo'lajak Forum haqidagi ayrim tafsilotlar ma'lum qilindi.

Tadbirda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, BMTning O'zbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi Helena Freyzer, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo'mitasi raisi Malika Qodirxonova ishtirok etdi.

A.Saidov ta'kidlaganidek, O'zbekiston Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishning qat'iy tarafdoridir. Mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan tasdiqlangan va 2017-2021 yillar doirasida amalga oshirilayotgan Harakatlar strategiyasini BMT tomonidan qabul qilingan Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga qaratilgan milliy dastur, deya baholash o'rinli. Chunki Harakatlar strategiyasining 5 ta ustuvor yo'nalishi bilan BRMning 16 ta maqsadi to'la mos tushadi.

2018 yilda O'zbekiston Hukumati tomonidan Barqaror rivojlanish sohasidagi ana shu maqsadlar ijrosi bilan bog'liq ravishda 2030 yilgacha bo'lgan davrga mo'ljallangan 127 ta vazifa tasdiqlangan. Bu Milliy maqsad va vazifalarni implementatsiya qilish bo'yicha "Yo'l xaritasi" qabul qilingan. Bosh vazir o'rinbosari boshchiligidagi Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzilgan.

Gender tenglikni ta'minlash bo'yicha komissiya va Korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha milliy kengash ham tashkil etilgan bo'lib, ularning faoliyatida parlament a'zolari ishtirok etmoqda. Parlament palatalarining qo'llab-quvvatlashi tufayli Yoshlar parlamenti o'z faoliyatini yo'lga qo'ydi.

2020 yili O'zbekiston Respublikining 2030 yilgacha bo'lgan davrda Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarining amalga oshirilishini nazorat qilish bo'yicha Parlament komissiyasi tashkil etildi. Parlament komissiyasining faoliyati Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsadlarning bajarilishini ham milliy, ham mintaqaviy darajada doimiy nazorat qilishdan iborat.

2020 yil 22 iyunda xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo'mitalari tavsiyalarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi qabul qilindi. Hozirgi vaqtda Inson huquqlari bo'yicha milliy strategiyani amalga oshirish maqsadida tuzilgan Inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarga amal qilish bo'yicha Parlament komissiyasi izchil ish olib bormoqda.

O'zbekiston 2020 yil iyul` oyida Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni bajarish bo'yicha Ixtiyoriy milliy sharhini taqdim etgan 49 ta davlat safidan joy oldi.

Bugungi koronavirus inqirozi sharoitida Barqaror rivojlanish maqsadlari har doimgidan ham dolzarbroq. Nega deganda, dunyo tarixiy ko'lamlarga ega bo'lgan, ya'ni keyingi 50 yil davomida kuzatilmagan eng yirik tahdid va inqirozni boshidan kechirmoqda.

Ma'lumki, milliy parlamentlar o'z mamlakatining rivojlanish jarayonlarida katta rol` o'ynaydi. Parlamentlar Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishning muhim vositasidir.

Parlament demokratik boshqaruvning yuragi sifatida hamisha fuqarolarning, saylovchilarning, fuqarolik jamiyatining huquq va manfaatlari himoyasida mustahkam turishi shart. Shu ma'noda, joriy yilning 23-24 iyun` kunlari Buxoro shahrida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik masalalariga bag'ishlangan xalqaro forum tashkil etilayotgani bejiz emas.

Matbuot anjumanida Forum Oliy Majlis Senati, Vazirlar Mahkamasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi tomonidan BMTning O'zbekistondagi tarkibiy tuzilmalari bilan hamkorlikda tashkil etilayotgani qayd etildi. Eng muhimi, xalqaro anjumanda davlat tashkilotlari vakillari, fuqarolik jamiyati institutlari faollari va xalqaro hamkorlarimiz faol ishtirok etishi kutilmoqda.

Forumda parlament a'zolari, nufuzli xalqaro va parlamentlararo tashkilotlar, yoshlar parlamentlari, fuqarolik jamiyati institutlari va davlat idoralari vakillari ishtirok etadi. Yevropa parlamenti, Kanada, Buyuk Britaniya, Germaniya, Frantsiya, Italiya, Ispaniya, Latviya, Bolgariya, Koreya Respublikasi, Xitoy, Yaponiya, Indoneziya, Malayziya, Tailand, Turkiya, Eron, Ozarbayjon, Afg'oniston, Qirg'iziston va xalqaro tashkilotlardan 30 nafar spiker ham qatnashadi. Xususan, mamlakatimizga birinchi marta tashrif buyuradigan Parlamentlararo ittifoq Bosh kotibi ushbu forumda ishtirok etish istagini bildirdi.

Buxoro forumi dunyo parlamentlariga Prezident Shavkat Mirziyoev BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surgan BMT Bosh Assambleyasining Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda va inson huquqlarini ta'minlashda parlamentlarning rolini oshirish to'g'risidagi maxsus rezolyutsiyani muhokama qilish va ishlab chiqishni faollashtirish uchun ajoyib imkoniyat ekani alohida ta'kidlandi.

Xalqaro forumning asosiy tematik yo'nalishlari quyidagilardan iborat:

“Barqaror rivojlanish maqsadlarining samarali bajarilishini ta'minlashda parlamentning roli”;

“Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish bo'yicha tadbirlarni moliyalashtirish”;

“Barqaror rivojlanish maqsadlarining statistik ko'rsatkichlarini shakllantirish”;

“Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlari va jamoatchilikning ishtiroki”;

“Barqaror rivojlanish maqsadlarining bajarilishida parlament nazorati, monitoring va baholashning ahamiyati”;

“Barqaror rivojlanish yo'lida dunyo parlamentlari o'rtasida xalqaro muloqot va global hamkorlikni rivojlantirish”.

Forum yakunlari bo'yicha Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik to'g'risidagi Buxoro deklaratsiyasi qabul qilinishi kutilmoqda. Ya'ni, forumda ishtirok etadigan parlamentlar Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun muayyan majburiyatlarni o'z zimmalariga oladi.

Ma'lumot uchun: BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) insoniyatni himoya qilish va farovonligini oshirishga qaratilgan bo'lib, bu borada yakdillik bilan sa'y-harakat qilish uchun o'ziga xos chaqiriq hisoblanadi.

Barqaror rivojlanish maqsadlarining 2030 yilgacha mo'ljallangan Kun tartibi yangi dunyo haqidagi dadil tasavvurdir. Unda ijtimoiy va siyosiy adolatga sodiq qolish, ijtimoiy va siyosiy hisobdorlikning yangicha shakllarini qo'llab-quvvatlash sari imkon qadar ko'proq intilishlar o'z mujassamini topgan.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
Matbuot xizmati

Powered by GSpeech