“Hamma odamlar o‘z qadr-qimmati hamda huquqlarida erkin va teng bo‘lib tug‘iladilar”. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining ilk moddasi aynan shu so‘zlar bilan boshlanadi. Ushbu universal hujjat 1948 yil 10 dekabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 3-sessiyasida qabul qilingan. 1950 yildan boshlab deklaratsiya qabul qilingan sanani Xalqaro inson huquqlari kuni sifatida nishonlash BMT tomonidan joriy etilgan.
Shu kungacha dunyoning 500 dan ortiq tiliga tarjima qilingan mazkur xalqaro hujjatda har bir insonning shaxsiy daxlsizlik, mulkka egalik qilish, e’tiqod va so‘z erkinligi, fuqarolik, davlat boshqaruvida qatnashish, saylash va saylanish, oila qurish, mehnat qilish va hordiq chiqarish, ta’lim olish, tibbiy va ijtimoiy xizmatlardan foydalanish, madaniyat va san’at asarlaridan bahramand bo‘lish kabi eng muhim huquqlari kafolatlangan.
Jumladan, deklaratsiyaning 3-moddasida: “Har bir inson yashash, erkin bo‘lish va shaxsiy daxlsizlik huquqlariga egadir”, deya qayd etilgan.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi insoniyatning ko‘p asrlik tarixiy tajribasi mahsulidir.
Ko‘pchilik mutaxassislar fors podshosi Kir II tomonidan miloddan avvalgi 539 yilda Bobil ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin silindrga yozdirilgan hujjatni insoniyat tarixidagi inson huquqlariga aloqador ilk hujjat sifatida tilga oladi. Bu noyob hujjat 1879 yilda Bobildagi arxeologik qazishma ishlari vaqtida topilgan. 1971 yilda BMT uni barcha rasmiy tillariga tarjima qilgan. Hujjat fanda “Kir II silindri” nomi bilan ataladi. Qadimgi akkad tilida yozilgan topilma bugungi kunda Londondagi Britaniya muzeyida saqlanadi.
Islom olamida ham inson huquqlariga katta e’tibor berilgan. Bunda Qur’oni Karim oyatlari va hadislarga tayanilgan. Jumladan, qulchilik avj olgan zamonlarda islomda ilk bor qullarni ozod qilishga targ‘ib Qur’on oyatlarida aks etgan. Shuningdek, insonning eng asosiy huquqi bo‘lmish yashash huquqi ham Qur’on orqali ta’minlangan.
Insonning yana bir muhim huquqlaridan biri – ilm olishdir. Islomda bu huquq nafaqat ta’minlangan, balki vazifa qilib yuklatilgan.
Hozirgi kunda g‘arbda shakllangan inson huquqlari to‘g‘risidagi tushunchalarning konseptual bazasi 1689 yilda qabul qilingan “Huquqlar deklaratsiyasi” hisoblanadi.
1776 yil 12 iyunda AQShning Virjiniya shtatida “Inson huquqlari deklaratsiyasi” nomli hujjat qabul qilingan. Undan 1776 yilgi AQSh Mustaqillik deklaratsiyasining inson huquqlari qismida keng foydalanilgan. Keyinchalik Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasini ishlab chiqishda ham ushbu hujjatga murojaat qilingan.
Dunyo miqyosida insonparvar boshqaruv tartibi o‘rnatilishida muhim ahamiyat kasb etgan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 73 yilligi joriy yilning 10 dekabrida nishonlanadi. Ayni shu kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining 25 yilligi ham tantana qilinadi. Shu munosabat bilan 2021 yilning 10 noyabridan 10 dekabriga qadar Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz “Inson huquqlari oyligi”ni e’lon qildi.
“Inson huquqlari oyligi”ning yakunida – 10 dekabrda xalqaro konferensiya, “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishonini o‘z egalariga topshirish marosimi, inson huquqlari sohasi bo‘yicha tashkil etilgan intellektual va ijodiy tanlovlar g‘oliblarini taqdirlash tadbiri kabilar o‘tkazilishi kutilmoqda.
Lazizbek XOLIQULOV,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining
Marketing, reklama va targ‘ibot bo‘limi bosh mutaxassisi
- Qo'shildi: 09.12.2021
- Ko'rishlar: 4727
- Chop etish