2021 yil 10-11 dekabr kunlari Toshkentda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan “Inson huquqlari sohasidagi ta’lim: xalqaro tajriba va milliy amaliyot” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etildi.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi Mintaqaviy vakolatxonasi, YeXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan ushbu nufuzli anjumanda ko‘plab milliy, xorijiy va xalqaro ekspertlar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
Markazning rasmiy saytida yangi ochilgan “Xalqaro konferensiya: ekspertlar fikri” ruknida ana shu ma’ruzalar matni maqola shaklida e’lon qilib boriladi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim – tizimli va uzluksiz ma’rifiy jarayon
Ta’lim olish huquqi – inson huquqlari sohasidagi ta’limni ham o‘z ichiga oladi. Bu ta’lim ayni sohadagi huquqlarni o‘rganish, shuningdek, jamiyatimizda inson huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish usullari hamda vositalarini o‘zida qamraydi.
Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim va tarbiya – inson hayoti mobaynida davom etadigan va turli yoshdagi insonlarga tegishli bo‘lgan izchil va tizimli ma’rifiy jarayondir. O‘zbekistonda inson huquqlari sohasidagi ta’lim masalasi taraqqiyot dasturimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha uzluksiz tizim yaratilgan.
Bugungi kunda O‘zbekiston Jahon ta’lim dasturida faol ishtirok etmoqda. Inson huquqlari madaniyatini rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi tomonidan 2019 yil 15 iyulda BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha milliy harakatlar dasturi va uning ijrosi yuzasidan «Yo‘l xaritasi» qabul qilindi.
O‘zbekiston Prezidentining 2020 yil 29 aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va fanni tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga asosan:
- Toshkent davlat yuridik universitetining mustaqil faoliyat olib borishini ta’minlash;
- Fanlar Akademiyasining Davlat va huquq instituti, shuningdek Namangan, Samarqand va Termiz davlat universitetlarida yuridik fakultetlar tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Bunda BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Sudyalar va advokatlar mustaqilligi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi D.Garsiya-Sayan tavsiyalaridan kelib chiqqan holda, huquqshunos kadrlarni tayyorlash ko‘lami tobora kengaytirib borilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 13 martdagi qarori bilan davlat tashkilotlari xodimlarining huquqiy savodxonligi darajasini oshirish va baholash tartibi to‘g‘risidagi nizom qabul qilindi. Nizomga asosan davlat tashkilotlari xodimlarining huquqiy savodxonligi bo‘yicha o‘quv mashg‘uloti elektron platforma orqali mustaqil o‘zlashtirib borilib, har uch yilda bir marta ularning huquqiy savodxonligi darajasi baholanadi.
Bosh prokuratura Akademiyasida “Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro huquq” magistratura yo‘nalishi ochildi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tizimida inson huquqlari bo‘yicha o‘qitish va tayyorlashni takomillashtirish maqsadida rahbar kadrlar fakulteti tinglovchilari uchun «Ichki ishlar organlarining inson huquqlarini himoya qilish va ta’minlash faoliyati» fani, sirtqi o‘qitish fakultetlarida «Inson huquqlari umumiy nazariyasi» fani bo‘yicha darslar joriy qilindi.
Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida «Inson huquqlari» kafedrasi qayta tashkil etildi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi qarori bilan “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar ro‘yxati”ga 12.00.13 – “Inson huquqlari (yuridik fanlar, sotsiologiya fanlari)” ixtisosligi kiritildi. Fan doktori (DSc) va falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarini beruvchi Ilmiy kengash faoliyatini boshladi.
Ushbu yo‘nalishda fundamental tadqiqotlarni rivojlantirish maqsadida oliy ta’limdan keyingi ta’lim instituti ochildi.
Mamlakatimizda birinchi marta O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonun matnining rasmiy nashrlari Brayl alifbosida chop etildi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi huzurida davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari xodimlari uchun inson huquqlariga rioya etish va uni himoya qilish sohasida kadrlar malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil qilindi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining 2020 yildagi faoliyati hisobotida O‘zbekiston bilan inson huquqlari sohasidagi hamkorlik munosabatlari ijobiy baholangan. Hisobotda pandemiya sharoitiga qaramay, mamlakatimizda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi bilan hamkorlikda davlat organlari va tashkilotlari 800 nafardan ortiq xodimining malaka va salohiyatini oshirish ishlari izchil davom ettirilgani alohida qayd etilgan.
Sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbar xodimlarining inson huquqlari sohasidagi malakasini oshirish bo‘yicha “Inson qadr-qimmati – eng oliy qadriyat” maxsus o‘quv moduli ishlab chiqildi. Mazkur modul asosida 2020 yil noyabr – 2021 yil yanvar oylarida 40 ta vebinar tashkil etildi.
Bu yo‘nalishda jami 400 nafardan ortiq rahbar xodim o‘qitildi. Mazkur vebinarlarga 9 nafar xalqaro toifadagi mutaxassis jalb qilindi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuratura bilan birgalikda tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etildi. Bu vazifa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan.
Shu asosda “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot
va milliy tajriba” mavzusidagi o‘quv kurslari moduli ishlab chiqildi va tasdiqlandi. O‘quv kurslari 3 bosqichda tashkil etilib, 2020 yil 17 noyabrdan – 17 dekabrga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan Ichki ishlar vazirligi tizimida faoliyat olib borayotgan 1 ming 200 nafar xodim o‘qitildi.
Mazkur o‘quv kurslarida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi Mintaqaviy vakolatxonasi hamda BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi ekspertlari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
Shu bilan birga, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan hamkorlikda joriy yilning noyabr oyida jazoni ijro etish muassasalari, sud-tibbiy ekspertiza xodimlaridan 125 nafari o‘qitildi.
Ushbu mutaxassislar uchun tashkil etilgan ta’lim jarayonida “Nelson Mandela qoidalarining asosiy tamoyillari”, “Birlashgan Millatlar Tashkilotining Mahkum ayollarga nisbatan munosabat va huquqbuzar ayollarga nisbatan ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo choralari haqidagi qoidalar (Bangkok qoidalari)”, “Qiynoqlar bo‘yicha tibbiy-huquqiy xujjatlar – Istanbul bayonnomasi” mavzularida turkum seminar-treninglar tashkil etildi.
2021 yil 10-11 dekabr kunlari Toshkentda “Inson huquqlari sohasidagi ta’lim: xalqaro tajriba va milliy amaliyot” mavzusida tashkil etilgan xalqaro konferensiya doirasida inson huquqlariga rioya qilish va himoya qilish sohasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish va o‘tkazishda faol ishtiroki hamda fidokorona mehnati uchun bir qator professor-o‘qituvchilarga tashakkurnomalar taqdim etdik.
Milliy markaz tomonidan turli yo‘nalish va bosqichlardagi ta’lim muassasalari uchun «Inson huquqlari» fani bo‘yicha o‘quv dasturlari tayyorlangan. 2020 yilda ilk bor tashkil etilgan «Raqamli iqtisodiyot, inson huquqlari sohasida ta’lim va tadqiqotlar» mavzusidagi tanlovda 12 nominatsiya bo‘yicha qatnashgan 80 nafar ishtirokchi orasidan g‘oliblar taqdirlandi.
O‘z navbatida, 2021 yilda ham “KOVID-19 pandemiyasida inson huquqlari ta’limi” mavzusidagi tanlov 10 noyabr kuni e’lon qilingan bo‘lib, bir oy davom etdi. Tanlovning 4 ta nominatsiyasi bo‘yicha jami 60 ta hujjat kelib tushdi.
Joriy yildagi tanlov g‘oliblari “Inson huquqlari sohasidagi ta’lim: xalqaro tajriba va milliy amaliyot” mavzusida tashkil etilgan xalqaro konferensiya doirasida taqdirlandi. Tanlov homiylari orasida Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamda BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi bor.
Mavjud amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, inson huquqlari sohasidagi ta’lim sohasida davlatlar tomonidan to‘plangan ijobiy tajribani tahlil qilish va umumlashtirish, pandemiya va uning oqibatlari natijasida kelib chiqqan muammolarni, inson huquqlari bo‘yicha ta’limni tashkil etish va bu borada yangi yondashuvlarni, yangi uslub va amaliyotni ishlab chiqish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biridir.
Shu sababli Milliy markaz tashabbusi bilan tashkil etilgan xalqaro konferensiya doirasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi loyihasi taqdim etilgani hamda Milliy ta’lim dasturini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” loyihasi muhokama qilingani ayni muddaodir. Bu borada milliy, xorijiy va xalqaro ekspertlar bildirgan amaliy takliflar, qimmatli fikr-mulohazalar ushbu loyihalar matnini takomillashtirishda muhim o‘rin tutadi.
Akmal SAIDOV,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori
- Qo'shildi: 13.12.2021
- Ko'rishlar: 3234
- Chop etish