Xalqaro migratsiya tashkiloti bilan hamkorlik yanada kengaymoqda

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda “O'zbekiston Respublikasi bilan Xalqaro migratsiya tashkiloti o'rtasidagi hamkorlikni kengaytirish bo'yicha 2021-2023 yillarga mo'ljallangan chora-tadbirlar rejasi” tayyorlandi. 2021 yil 15 iyun` kuni mazkur chora-tadbirlar rejasi Bosh vazir tomonidan tasdiqlandi.

Ma'lumki, 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida O'zbekiston bilan Xalqaro migratsiya tashkiloti o'rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish vazifasi belgilan. Chora-tadbirlar rejasini tayyorlash va tasdiqlash bilan bog'liq ishlar ana shu vazifa ijrosi doirasida amalga oshirildi.

Bugungi tobora globallashib borayotgan dunyoda va COVID-19 pandemiyasiga o'xshagan tahdidlar kuchayib borayotgan bir davrda migrantlarning huquqlarini himoya qilish mexanizmini takomillashtirish ustuvor vazifalardan biri bo'lib turibdi. Chora-tadbirlar rejasi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev rahbarligida xavfsiz, tartibli va qonuniy migratsiyani ta'minlash va migrantlar huquqini himoya qilish maqsadida amalga oshirilayotgan siyosatning tarkibiy qismidir.

Xalqaro migratsiya tashkiloti bilan hamkorlik migrantlarning huquqini himoya qilish bo'yicha 2023 yilgacha amalga oshirladigan tashkiliy, amaliy, o'quv-ma'rifiy va targ'ibot tadbirlarini o'z ichiga oladi. Chora-tadbirlar rejasida, jumladan:

- 2030 yilgacha bo'lgan davr uchun, mehnat migrantlarini ijtimoiy himoya qilishda kafolatlangan tenglik mezonlariga erishishni nazarda tutadigan O'zbekiston Respublikasi migratsiya sohasidagi davlat siyosati kontseptsiyasini ishlab chiqish;

- Tashqi mehnat migratsiyasi sohasiga migratsiyani boshqarish ko'rsatkichlari tizimini (Migration Governance Indicators) tatbiq etish;

- O'zbekiston fuqarolari bo'lgan mehnat migrantlarining huquqiy va ijtimoiy holatini doimiy ravishda monitoring qilish, ularni qo'llab-quvvatlash bo'yicha ishlarning sifatini yaxshilash;

- chet eldagi mehnat migrantlarini huquqiy, ijtimoiy va madaniy ko'niktirish bo'yicha kurslar o'tkazish;

- xorijiy davlatlardan og'ir ahvolga tushgan fuqarolarimizni qaytarish jarayonini tashkil etish;

- og'ir ahvolga tushib, Vatanga qaytib kelayotgan migrantlarning reintegratsiyasi bo'yicha yordam ko'rsatish;

- migrantlar huquqi bo'yicha xalqaro shartnomalar mazmunini davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va aholi vakillariga yetkazish;

- Mehnat migratsiyasini samarali boshqarish, mehnat migrantlarining huquqlarini himoya qilish, odam savdosiga qarshi kurashish bo'yicha tegishli vazirlik va idoralar xodimlari malakasini oshirish uchun treninglar o'tkazish;

- Migrantlar huquqi bo'yicha xalqaro shartnomalarning davlat tiliga tarjimasini amalga oshirish, migratsiyaga doir O'zbekistonning xalqaro shartnomalari to'plami va qo'llanmasini chop etish;

- “Migratsiya huquqi” darsligini tayyorlash va nashr qilish kabi tadbirlar nazarda tutilgan.

Inson huquqlari bo'yicha milliy markaz Chora-tadbirlar rejasini ijro etish bo'yicha tadbirlarni boshlab yubordi. Jumladan, Markazda Migrantlar huquqlari Axborot-resurs markazi tashkil qilinib, uning bazasiga migrantlar huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro va milliy nashrlar va boshqa axborot resurslari joylashtirilmoqda.

2021 yil 17-21 may kunlari Markaz direktori A. Saidov rahbarligidagi O'zbekiston delegatsiyasi Rossiya Federatsiyasiga tashrif buyurib, mehnat migrantlari huquq va manfaatlarining himoya qilinishi holatini o'rgandi. Mehnat migrantlari huquqlarini himoya qilish bo'yicha O'zbekiston-Rossiya Forumi o'tkazilib, mehnat migrantlari huquq va manfaatlarini himoya qilish holati, xavfsiz, tartibli va qonuniy migratsiyani tashkil qilish bo'yicha choralar muhokama qilindi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
Matbuot xizmati

Powered by GSpeech