XALQIMIZ JASORATI VA MATONATIGA BAG‘ISHLANGAN QOMUSIY NASHRNING IJTIMOIY-MA’NAVIY AHAMIYATIGA DOIR

Taniqli huquqshunos olim Akmal Saidovning “G‘alaba bog‘i falsafasi” [1] nomli kitobi «Tasvir nashriyot uyi» va “KolorPak” nashriyotida o‘zbek, rus va ingliz tillarida ko‘p ming nusxada chop etilgani 2021 yili mamlakatimiz ma’naviy hayotida yuz bergan muhim voqealardan biri bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2021 yil 9 may kuni Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida ta’kidlaganidek, “Bu haqda gapirganda, o‘tgan yili nashr etilgan “O‘zbekiston xalqining fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga qo‘shgan hissasi” kitob-albomini tilga olish o‘rinlidir. Bu yilgi bayram arafasida uning uzviy davomi bo‘lgan “O‘zbekiston Ikkinchi jahon urushi davrida” va “G‘alaba bog‘i falsafasi” nomli kitob-albomlar chop etilganini alohida qayd etish lozim. Ushbu nashrlarda xalqimizning urush yillaridagi qahramonligi haqida ilgari bizga noma’lum bo‘lgan ko‘plab yangi ma’lumotlar keltirilgan” [2].

Ushbu salmoqli kitob 6 fasldan iborat bo‘lib, unda Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaga O‘zbekiston va jafokash xalqimiz qo‘shgan beqiyos hissa, bugungi kunda davlatimiz rahbarining janglarda jasorat ko‘rsatgan faxriylar va front ortida matonat bilan mehnat qilgan keksa nuroniylarimizga ulkan g‘amxo‘rligi va alohida e’tibori haqida batafsil so‘z yuritilgan.

Avvalo shuni aytish kerakki, biz munosabat bildirayotgan tarixiy asarda Namangan davlat universiteti professori, siyosiy fanlar doktori Tursunboy Fayzullaev ham asosli ta’kidlaganidek, “Yurtimizda “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasini tashkil qilish g‘oyasining nafaqat tashabbuskori, balki ushbu majmuaning mazmun-mohiyati, xalqimiz va yosh avlodni Vatanga muhabbat, bugungi dorilomon va osoyishta kunlarning qadriga yetish ruhida tarbiyalovchi maskanga aylantirishda muhtaram Prezidentimiz rahnamo ekani adolatli tarzda ko‘rsatib berilgan” [3].

Haqiqatan ham, “G‘alaba bog‘i” konsepsiyasining bosh g‘oyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning: «Biz barchamiz, avvalo, unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodimiz fashizm balosiga qarshi kurashda jasur ajdodlarimiz, ko‘p millatli O‘zbekiston xalqi ko‘rsatgan mardlik va matonatni aslo yodidan chiqarmasligi kerak», degan so‘zlarida o‘zining yaqqol ifodasini topgan.

Kitob muallifi ta’biri bilan aytganda, “Xalqimizning bunyodkorlik salohiyati bilan ushbu betakror majmuani qurishdek ezgu tashabbus zamirida O‘zbekiston xalqining beayov jang maydonlarida va front ortida ko‘rsatgan chinakam jasorati va matonatini tarix sahifalariga muhrlash, yosh avlodimizni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalab, kamol toptirish maqsadi mujassam” [4].

Muallifning yangi barpo etilgan «G‘alaba bog‘i» majmuasiga doir falsafiy-axloqiy yondashuvlari bosqichma-bosqich o‘sa borib, Ikkinchi jahon urushining vayronkor ko‘lami, insoniyatning unutilmas fojiasi, tinchlik va musaffo osmonning qadriga yetish kabi umumbashariy va global tahlil silsilasiga ko‘chadi.

Kitobda keltirilgan raqamlar va faktlar, albatta, juda muhim va yangi ekani bilan ahamiyatlidir. Unda yurtimizdan 1 million 951 ming kishi urushda qatnashgani, 538 ming nafari halok bo‘lgani, 158 ming kishi bedarak yo‘qolgani haqidagi yangi aniqlangan ma’lumotlar bu qonli urushda O‘zbekistonning ishtiroki nechog‘liq ko‘lamdor bo‘lganini haqli ravishda tasdiqlaydi.

Muallif o‘zbek xalqining Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaga qo‘shgan hissasini aks ettiruvchi yangi ma’lumotlarning mohiyati va ahamiyatini yanada chuqur anglash uchun ularni imkon qadar batafsil tahlil va talqin qilishga harakat qilgani diqqatni tortadi. Shu maqsadda mavjud dalillar, shartli ravishda, 3 ta guruhga tasniflanib o‘rganilgani juda muhim.

Akademik Akmal Saidov yangi va eski dalillarni qiyosan tasniflagan. Quyida uchta guruhning mazmun-mohiyatiga batafsil to‘xtalamiz.

Birinchi guruh – 2019 yil 9 maygacha foydalanib kelingan dalillardan farq qiladigan yangi ma’lumot va faktlar. Ushbu guruhga kiruvchi dalillarni tahlil qilish uchun, dastlab, bevosita inson omili bilan bog‘liq raqamlar jadval ma’lumotlari asosida qiyoslangan.

Jadvaldagi qiyosiy tahlil natijasida aniqlangan ma’lumotlardan ko‘rinadiki, birinchidan, O‘zbekistondan urushda ishtirok etganlarning soni shu paytgacha biz o‘rganib qolgan va doimiy takrorlab keladigan ma’lumotlardagidan 517 ming 430 nafar ko‘p.

Ikkinchidan, janggohlarda halok bo‘lgan yurtdoshlarimizning soni avvalgi raqamlardan 142 ming 641 nafarga ko‘paygan bo‘lsa, aksincha, bedarak yo‘qolganlar soni 105 ming 19 nafarga kamaygani aniqlangan. Bu ijobiy hol bo‘lib, urushdan keyingi davrda yuz mingdan ziyod yurtdoshimizning daragi topilganidan, ularning muqaddas nomlari qayta tiklanganidan dalolat beradi.

Uchinchidan, respublikada jamlanib, to‘liq jihozlangan milliy bo‘linma va brigadalar soni esa, yangi ma’lumotlarda 35 taga ortgan. Bu bejiz emas. Chunki, dastlab, O‘zbekistonda: 389, 12, 162 va 69-o‘qchi diviziyalar, 21 va 44-kavaleriya diviziyalari, 128-gvardiyachi Turkiston tog‘-o‘qchi diviziyasi va boshqa harbiy qismlar tuzilgan.

To‘rtinchidan, O‘zbekistonga evakuatsiya qilingan odamlar soni – eski raqamlarga nisbatan 500 ming nafarga, ko‘chirib kelingan bolalar soni esa 50 ming nafarga ko‘p ekani aniqlangan. Darvoqe, urush davrida yurtimizga evakuatsiya qilingan sanoat korxonalari soni ham 47 taga ortgan.

Beshinchidan, 1943-1945 yillarda yurtimizga deportatsiya qilinganlar soni shu paytgacha bilganimizdan 397 925 nafar ko‘p ekan.

O‘z navbatida, muallif faqat inson omiliga oid raqamlar bilan cheklanib qolmasdan, balki urush yillarida O‘zbekiston sanoati tomonidan frontga yetkazib berilgan harbiy tovarlar sonini kitobdagi 2-jadval ma’lumotlari asosida qiyoslagan. Bunda: shu paytga qadar – O‘zbekiston frontga yetkazib bergan samolyotlar soni 303 taga, minalar – 800 mingtaga, parashyutlar – 90 mingtaga kamaytirib ko‘rsatilgani ayon bo‘lgan.

Qolaversa, front uchun yurtimizdan yuborilgan kabellar o‘lchami borasida yangi aniqlangan qo‘shimcha miqdorning o‘zi ham (120 ming km.) avvalgi ko‘rsatkichdan (100 ming km.) 20 ming kilometrga ko‘p ekan. Aslida, bu ko‘rsatkichlar xalqimizning front ortidagi zahmatli mehnatlari yuzaga chiqqanidan dalolat.

O‘zbekistondan frontga yetkazilgan aviabombalar soni esa, ilgari 2 million donadan ortiq deb hisoblangan. Yangi ma’lumot bo‘yicha bu ko‘rsatkich – 718 798 ta, ya’ni eski miqdordagidan 1 million 281 ming 502 ta kam deb ko‘rsatilgan.

Buning sababi, akademik Akmal Saidovning fikricha, birinchidan, shu vaqtga qadar aviabomba bilan uning anjom-aslahalari aralash holda qo‘shib hisoblangani bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchidan, aviabombalarni ishlab chiqarish uchun ketadigan mablag‘lar xalqimiz tomonidan tilla buyumlaru zeb-ziynatlar hisobiga yig‘ilganiga borib taqaladi. Chunki, yangi ma’lumotlarga muvofiq, frontga yuqorida qayd etilgan miqdordagi aviabombalardan tashqari, mina, snaryad va aviabombalarning 5 million 100 ming dona anjom-aslahalari yetkazib berilgan. Bu raqamlar ayni vaqtga qadar ma’lum emas edi [5].

Ikkinchi guruh – 2020 yil 9 maygacha ma’lum bo‘lmagan yangi dalillar. Bu o‘rinda ham Akmal Saidov, eng avvalo, inson omiliga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq bo‘lgan yangi va eski dalillarni kitobga kiritilgan 3-jadvaldagi ma’lumotlar orqali qiyoslagan.

Jadvaldagi eng ahamiyatli raqamlar haqida fikr yuritganda, birinchidan, shu vaqtgacha dushmanga asir tushgan o‘zbekistonlik askarlar 150 ming nafardan iborat bo‘lgani va ularning 50 ming nafari konsentratsion lagerlardan omon chiqmaganiga alohida e’tibor qaratish lozim, deydi muallif.

Ikkinchidan, O‘zbekistondagi gospitallarga frontdan 485 ming nafar yarador va bemorlar kelib tushgan. Tabiiyki, ularni davolash va parvarishlash shifokorlarimizning zimmasida bo‘lgani holda, boqish va oyoqqa turg‘azish vazifasi jafokash xalqimizning yelkasiga tushgan.

O‘z navbatida, kasalligi va olgan jarohati tufayli 47 ming 46 nafar nogiron ishga yaroqsiz deb gospitallardan chiqarilganiga doir aniq va qimmatli ma’lumotlarga ilk bora ega bo‘ldik. Bu urush nogironlarining yashashi va davolanishi qanday kechgani haqidagi ma’lumotlarni ham atroflicha o‘rganishni taqozo etadi.

Uchinchidan, O‘zbekistonga qariyb yarim million nafar yarador frontdan keltirilgan o‘sha yillarda donorlar tomonidan qon topshirilishiga nisbatan ehtiyojning kuchli bo‘lgani turgan gap.

Shu jihatdan, yurtimizda 18 ming 482 nafar donor mavjud bo‘lgani, ular tomonidan topshirilgan qon sig‘imi esa 13 ming litrdan ortiqni tashkil etgani haqidagi yangi ma’lumotlar ham g‘oyat ahamiyatlidir [5].

O‘z navbatida, muallif jangovar ta’lim va harbiy kadrlar tayyorlash sohasiga taalluqli ma’lumotlarni qiyoslash uchun kitobxonning e’tiborini 4-jadvalga qaratadi. Mazkur jadvaldagi yangi raqamlardan quyidagi holatlar aniqlangan:

Birinchidan, urush yillarida O‘zbekistonga nafaqat zavod va fabrikalar, balki 34 ta oliy o‘quv yurti ham ko‘chirib keltirilgan. Jumladan, 9 ta harbiy akademiya, 2 ta harbiy oliy o‘quv yurti, 1 ta harbiy fakultet, 10 ta harbiy bilim yurti, 3 tadan harbiy-musiqa tarbiyalanuvchilari maktabi, harbiy ilmiy tadqiqot instituti va muassasalari, shuningdek, Kremenchuk o‘qchi-bombardimonchilar maktabi hamda Ryazan oliy aviatsiya shturmanlari maktabi ham shular qatoriga kiradi.

Ikkinchidan, urushda qatnashgan o‘zbekistonlik harbiy kadrlar orasida 10 dan ortiq harbiy mutaxassislik bo‘yicha ta’lim olgan jangchi va ofitserlar bo‘lgan. Xususan, yurtimizning harbiy kadrlar tayyorlash kurslarida tahsil olgan 27 mingdan ortiq pulemyotchi, 3 ming 340 nafar mergan, 12 ming 900 nafar minomyotchi, 22 mingdan ortiq o‘qchi, 3 ming 78 nafar tibbiyot hamshirasi, 224 mingdan ziyod «Voroshilovchi mergan»lar, 455 nafar otliq jangchi, 3 ming 78 nafar haydovchi va motosiklchi, 10 ming 500 nafar velosiped haydovchisi hamda 5 mingdan ortiq telegrafchi orziqib kutilgan g‘alabani yaqinlashtirishga munosib ulush qo‘shgan.

Urush yillarida O‘zbekiston sanoati tomonidan frontga yetkazib berilgan harbiy tovarlarning qaysilari haqida shu vaqtga qadar aniq ma’lumotga ega emasdik? Bu savolga javob topish uchun akademik Akmal Saidov 5-jadval bilan tanishib chiqishni tavsiya etadi.

Uchinchi guruh – qayta o‘rganishlar asosida o‘z tasdig‘ini topgan raqamlar. Muallif mazkur guruhning o‘ziga xos jihatlaridan biri – unga mansub ma’lumotlarning juda kam ekaniga e’tiborni qaratar ekan, o‘z navbatida, bu holat urush haqida shu vaqtgacha bilgan dalillarimizning aksariyati, endilikda, eskirganidan dalolat berishini qayd etgan Bu guruhdagi ma’lumotlar 6-jadvalda keltirilgan va ular tegishlicha qiyosiy tahlil qilingan.

Birinchidan, Shomahmudovlar oilasining urush davrida evakuatsiya qilingan 14 nafar bolani o‘z quchog‘iga olganiga oid raqam o‘z tasdig‘ini topgan. Bu haqda fikr yuritar ekan, muallif ushbu yurtdoshlarimizning saxovati va bag‘rikengligi uzoq yillar davomida keng targ‘ib qilingani holda, xuddi shunday o‘zbekona fazilatni namoyon etgan boshqa oilalar haqida hech narsa deyilmaganini tanqid qiladi.

Afsuski, keyinchalik, hatto, Shomahmudovlar oilasi insoniyligining ham unutilishiga oz qolgan edi. Holbuki, xalqimizga xos ana shunday buyuk insonparvarlik yuksak ma’naviy jasorat namunasi sifatida butun dunyoda e’tirof etilgandi. Shu ma’noda, Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan Shomahmudovlarga o‘rnatilgan haykalning o‘z o‘rniga qaytarilgani tarixiy adolatni tiklash yo‘lida muhim qadam bo‘lganini A.Saidov alohida ta’kidlagani bejiz emas.

Ikkinchidan, yurtimizdan frontga yetkazib berilgan zirhli poezdlar soni (5 ta) o‘zgarishsiz qolgan bo‘lsa-da, yangi ma’lumotlarda ushbu natijani yanada boyitadigan muhim raqamlar aniqlandi, deydi muallif. Bu o‘rinda O‘zbekiston frontga, shuningdek, 100 ta harbiy-sanitariya poezdi va qayta ta’mirlangan 12 ta parovoz ham yetkazib bergani haqida so‘z bormoqda.

Muallifning qayd etishicha, endilikda, eskirgan dalil va raqamlardagi noaniqliklarning ko‘pchiligi O‘zbekiston frontga jo‘natgan mahsulotlar turi va miqdori bilan bog‘liq. Misol uchun, 2019 yil 9 maygacha bo‘lgan raqamlarda frontga yetkazilgan don 300 tonna deb ko‘rsatilgan bo‘lsa, 2020 yil 9 maygacha aniqlangan raqamlarga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkich salkam 17 ming barobar ko‘p – 5 million 97 ming tonnani tashkil etgani ma’lum bo‘ldi, deb yozadi A.Saidov.

Shuningdek, 2019 yil 9 maygacha bo‘lgan raqamlarda frontga 2 mingta traktor va avtomobillar, 8 ming 300 bosh qoramol, 170 ming bosh qo‘y va echkilar yetkazilgani qayd etilganiga e’tibor qaratilgan.

Ammo 2020 yil 9 maygacha aniqlangan ma’lumotlar, muallifning fikricha, ushbu raqamlarning hali oxirigacha o‘rganilmaganini ko‘rsatmoqda.

Kitobda ta’kidlanganidek, 2020 yil 9 maygacha aniqlangan raqamlar O‘zbekiston aholisi o‘sha davrda davlatga deyarli 40 nomdagi mahsulotlarni juda ko‘plab miqdorda yetkazib berganini tasdiqlaydi. Bular orasida paxta va paxta tolasi, ipak matolari, un, non va non mahsulotlari, yorma, shakar, choy, tuz, o‘simlik yog‘i, go‘sht, kolbasa va sut mahsulotlari, konservalar, pishloq, tuxum, poliz ekinlari va sabzavotlar, kartoshka va qand lavlagi, gugurt va sovun, bosh kiyim va paxtalik fufaykalar, ichki va ustki kiyimlar, charm poyabzal va kalishlar, piyma va etiklar bor.

Ana shu mahsulotlar qatorida 5 million 84 ming bosh yirik shoxli mol, 23 million 100 ming bosh qo‘y va echkilar, 285 ming 600 ta cho‘chqa, 1 million 57 mingta ot, 1 million 34 mingta eshak va 183 mingta tuya davlatga yetkazib berilgani qayd etilgan. Shu nuqtai nazardan, Akmal Saidov e’tibor qaratganidek, davlat mazkur o‘ta zarur mahsulotlarning aksariyat qismini frontga yuborgan bo‘lishi tabiiy holdir.

O‘zbekiston frontga jo‘natgan mahsulotlar haqida yanada yaqqol tasavvur hosil qilish uchun muallif kitobxon e’tiboriga 7-jadvalni havola etadi. Bu jadvalga ko‘ra: O‘zbekiston frontga 7 million 518 ming 800 tadan ortiq gimnastyorka, 2 million 636 ming 700 ta paxtali nimcha, 2 million 861 ming 500 ta etik va boshqa poyabzallar, shuningdek, 500 mingta xurjun yuborgan.

Afsuski, el-yurtimiz hisobidan, asosan, ayollar va bolalar mehnati evaziga yaratilgan bu moddiy boyliklar haqida 2020 yilning 9 mayiga qadar hech kim hech narsa bilmagan. Aslida ham, A.Saidovning kitobida keltirilgan raqamlarning aksariyatini biz shu vaqtga qadar bilmaganmiz, ayrimlarining esa haqiqiy holatidan kamroq miqdorini qo‘llab kelgan ekanmiz. Shu ma’noda, ko‘rsatkichlar o‘rtasidagi farqlar kitobda jadval ko‘rinishida aks ettirilgani juda ma’qul va tushunish uchun oson bo‘lgan.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, mazkur kitob so‘nggi yillarda ayrim mamlakatlarda chop etilayotgan ko‘plab harbiy mavzudagi badiiy va hujjatli asarlarda, filmlar va maqolalarda, boshqa ommabop materiallarda fashistlar ustidan qozonilgan Buyuk g‘alabaga, asosan, bitta buyuk davlatning hissasi va hal qiluvchi o‘rin tutgani haqidagi tor geosiyosiy manfaatlardan kelib chiqib bildirilayotgan iddaolarga ham munosib javobdir.

Istiqlol yillarida, ba’zi sabablarga ko‘ra, tarixiy xotira va ma’naviyat sohasidagi ayrim harakatlar, nomlari ko‘p yillar qahramonlik timsoli bo‘lgan shaxslarning kutilmaganda tilga olinmay qo‘yilgani kabi xatolar natijasida aholining haqli e’tirozlariga so‘nggi yillarda adolatli yechimlar topilgani muallif tomonidan asosli tarzda batafsil bayon etilgan.

Xususan, bag‘rikeng va olijanob Shoahmad Shomahmudovning oilasiga qo‘yilgan haykalning avvalgi joyiga qaytarilishi, turli tamg‘alar yopishtirilgan general Sobir Rahimov nomining tiklanishi va boshqa ko‘plab ibratli faktlar, tom ma’noda, tarixiy adolatning ro‘y-rost bo‘y rostlaganiga yorqin misollardir.

Akmal Saidov dunyoda me’moriy yechimi bo‘yicha tengi va muqobili yo‘q bo‘lgan ko‘rkam «G‘alaba bog‘i» g‘oyasi va falsafasi, ramzlar ifodasi va mazmunini atroflicha ochib berar ekan, «Shon-sharaf» muzeyidan tortib, bu yerdagi har bir yodgorlik va qurilgan inshootlarning rasmlarigacha yuqori sifatda, zamonaviy dizaynerlik uslubida berilishi mavzuning tugal-chuqur ochilishi va asarning yanada qiziqarli bo‘lishiga xizmat qilgan, deb yozadi.

E’tiborli tomoni, kitobda Ikkinchi jahon urushi yillarida Yevropadagi real vaziyat va g‘alabaga erishishda o‘zbek millatining ishtiroki haqida yangidan-yangi tarixiy dalillar va mutlaqo yangicha qarashlar o‘z aksini topgan.

O‘zbekiston zaminiga keltirilgan yuz minglab yetim bolalar, beva qolgan ayollar, olimu ziyolilarga vatandoshlarimiz xonadonlari, xalqimizning dil tafti issiq qo‘nalg‘a, ishonchli boshpana bo‘ldi. Urushning 800 kunini Toshkentda o‘tkazgan betakror ijodkor Anna Axmatova olijanob insonlarimizga chuqur hurmat ila shunday yozadi:

...Yosh va dilbar qora sochli onalar,

Shirin kulchalar tutgan bolalar,

Shu jajji qo‘lchalar, qo‘llarga rahmat!

Sakkiz yuz kunim – mo‘jizaviy sas,

Shu moviyrang cheksiz osmon ostida,

Shu lojuvard tubsiz ummon ostida

Biz birga yashadik yorqin, o‘t nafas,

Ey, otashin bog‘...[6]

Kitobda sobiq Ittifoq tarkibidagi: Ukraina, Belarus, Boltiqbo‘yi mamlakatlaridan tashqari, Yevropaning Finlyandiya, Polsha, Chexoslovakiya, Avstriya, Vengriya, Bolgariya, Ruminiya, Yugoslaviya, Germaniya, Fransiya, Italiya kabi mamlakatlaridagi ozodlik harakatlarida fashistlarga qarshi mardonavor kurashgan ota-bobolarimizning beqiyos jasorati, yovqurligi, har qanday murakkab vaziyatlarga qaramasdan Vataniga sadoqati tarannum etiladi.

Shuningdek, o‘zbekistonliklarning Sharqiy va Markaziy Yevropani ozod etishdagi qahramonligi haqida ulkan ijobiy taassurotlar berilib, yoshlarimiz qalbida vatanparvarlik tuyg‘ulari jo‘sh urdiriladi. Bu qahramon ajdodlarimizga nisbatan qalblarimizda chuqur hurmat-ehtirom uyg‘otadi.

Ko‘pchilik yurtdoshlarimiz shu vaqtga qadar o‘zbekistonlik generallar Ikkinchi jahon urushi va undan keyin ham atigi bir-ikki nafar bo‘lsa kerak, deb o‘ylab yurgani tayin. Chunki bu haqdagi aniq ma’lumotlar har doim ham uchrayvermaydi.

Shu jihatdan, kitobda yurtimizdan yetishib chiqqan o‘nlab generallar haqida to‘liq va qiziqarli ma’lumotlar berilgani o‘quvchini hayratga soladi.

Akmal Saidovning urushning eng oldingi chiziqlarida va front ortidagi zalvorli hayotda, harbiy, siyosiy, iqtisodiy, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, fan-ta’lim, diniy va madaniy, qurilish-bunyodkorlik sohalarida xotin-qizlarimizning, o‘smir bolalar va keksalarimizning ishtirokini ularning mashaqqat-iztiroblari, beminnat mehnati prizmasidan o‘tkazib yoritishi, albatta, o‘ziga xos yangilikdir.

Asarning besh farzandini urushga yo‘llab, barchasidan ajralib qolgan Zulfiya Zokirovaga bag‘ishlangan qismi, ayniqsa, ta’sirli chiqqan. Afsonaviy norasmiy razvedkachi Bahrom Ibrohimov haqidagi qiziqarli dalillar, yurtdoshimizning murakkab hayot yo‘li va metin irodasi, uning aniq sa’y-harakatlari tufayli Gitlerning “Uchinchi front”ni ochish rejasi chippakka chiqqani haqidagi tarixiy dalillar esa, asarning ahamiyatini yanada oshirgan.

Bundan tashqari, kitobda yapon militaristlariga qarshi Uzoq Sharq va Xitoy hududlarida olib borilgan harbiy amaliyotlarda o‘zbekistonlik askarlarning shonli g‘alabasi aniq faktlar bilan ochib berilgan.

Xotira bo‘lmasa millat ham, davlat ham bo‘lmaydi. Zero, har bir davlat o‘zining kuchli milliy g‘oyasi, unutilmas tarixi, shonli o‘tmishi va tinchlikka hissa qo‘shayotgan shaxslari bilan barqarorlik va taraqqiyot sari dadil odimlaydi.

Asarda yovuz g‘oya – fashizm balosi keskin tanqid qilinadi, achchiq tarixiy saboqlar chiqariladi, millatlar birdamligi, xalqlar hamjihatligi va ahilligi bebaho ne’mat, deya ulug‘lanadi.

Muallif o‘z mulohazalari orqali so‘nggi yillarda Yevropaning u yer bu yerida qayta bosh ko‘tarayotgan, «tarixiy haqiqatni qaytadan taftish qilish» yorlig‘ida chinni yolg‘on deb atash siyosiy tus olayotgan sharoitda o‘sib kelayotgan yosh avlodni ogohlik va hushyorlikni yo‘qotmaslikka chorlaydi.

Muallif asarni ikki yil davomida qoralar ekan, urush dahshati ichida yashagan, motam va anduhdan peshonasini ajin bosgan, daxldorlik hissini har kun o‘z vujudidan o‘tkazgan, vatanparvarlik bilan umrguzaronlik qilayotgan, yurtning shon-shavkati uchun qo‘rqmay, ko‘ksini o‘qqa tutgan yuzlab shaxslar haqida ibratli va ravon tilda yozilgan maqolalarga o‘rin ajratgan.

Kitob noshirlik jihatidan nihoyatda zamonaviy va o‘ziga xos uslubda tayyorlangan bo‘lib, har sahifa chetida alohida rukn shaklida Prezidentimizning ibratli fikrlari va iqtiboslari, mavzuga oid turfa shoirlarimizning ta’sirchan she’rlarining berilishi, rangli suratlar, xaritalar, jadvallar, arxiv materiallari berib borilgani o‘quvchini aslo zeriktirmaydi. Muallif har bir faktni puxta o‘rganar ekan, yuzlab manbalarga murojaat qiladi.

Qolaversa, har bir tarixiy shaxs haqida gap ketganda, havola shaklida uning tarjimai holining alohida berilishi ham ma’lumotdorlikni oshirishga xizmat qiladi.

Kitobni barcha yurtdoshlarimiz, tarix fanidan dars beradigan o‘qituvchilar, olimlar, o‘quvchi va talabalar uchun nihoyatda qimmatli qo‘llanma, noyob bilimlar xazinasi bo‘lgan, deyish mumkin. Ta’bir joiz bo‘lsa, “G‘alaba bog‘i falsafasi” asari urush qahramonlarimiz xotirasiga qo‘yilgan muhtasham ma’naviy yodgorlik, mukammal fundamental va qomusiy nashrdir.

 

Manba va adabiyotlar

  1. Saidov A. G‘alaba bog‘i falsafasi: publitsistika. – T.: “Tasvir”, 2021. – 348 b. – 29 b.; – 38-39-b.; – 252-b.
  2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi //https://president.uz/uz/lists/view/4335
  3. Fayzullaev T. Ezgulikka yo‘g‘rilgan kitob // “Kuch – adolatda” gazetasi, 2021 yil 28 may.

 

Xalqimiz jasorati va matonatiga bag‘ishlangan qomusiy nashrning ijtimoiy-ma’naviy ahamiyatiga doir

 

Laziz Rahmatov,

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti mustaqil izlanuvchisi

 

Annotatsiya: maqolada muallif Akmal Saidovning “G‘alaba bog‘i falsafasi” nomli qomusiy kitobi chuqur tahlil qilingan. Asarning mazmun-mohiyati, ma’naviy hayotdagi beqiyos ahamiyati, Ikkinchi jahon urushida ishtirok etgan vatandoshlarimizning qahramonliklari, ularga so‘nggi besh yilda ko‘rsatilayotgan katta e’tibor va g‘amxo‘rlik xususida atroflicha so‘z yuritilgan. O‘zbek xalqining g‘alabaga qo‘shgan hissasini aks ettiruvchi yangi ma’lumotlarning ahamiyati ochib berilgan.

Kalit so‘zlar: Ikkinchi jahon urushi, G‘alaba bog‘i, ma’naviy hayot, faxriylar, front orti, vayronkorlik, janggoh, diviziya, konsentratsion lager, jangovar ta’lim, evakuatsiya qilish, geosiyosiy manfaatlar, millatlar birdamligi, xalqlar hamjihatligi.

Морально-духовное значение энциклопедической публикации о героизме и стойкости нашего народа

 

Лазиз Рахматов,

независимый соискатель Университета мировой экономики и дипломатии

 

Аннотация: в статье автор всесторонне анализирует энциклопедическую книгу Акмаля Саидова «Философия парка Победы». Подробно раскрываются суть и значение публикации, её огромная роль в духовной жизни людей, мужество и отвага наших соотечественников, участвовавших во Второй мировой войне, а также оказываемое им со стороны государства особое внимание и забота.

В целях глубокого осмысления значения новых данных о бесценном вкладе узбекского народа в достижении Победы в этой кровавой войне проведено детальное изучение публикации.

Ключевые слова: вторая мировая война, парк Победы, духовная жизнь, ветераны, тыл, разруха, поле битвы, дивизия, концентрационная лагерь, боевое обучение, эвакуация, геостратегические интересы, единство наций, сплочённость народов.

 

On the socio-spiritual significance of the encyclopedia dedicated to the courage and perseverance of our people

 

Laziz Rahmatov,

independent researcher World Economy and Diplomacy University

 

Abstract: the article provides an in-depth analysis of the  encyclopedic book “The philosophy of the Victory Park” by the author, Akmal Saidov. The content and essence of the book, its unique importance in the spiritual life, heroism of our compatriots who fought in the World War II, profound attention and care that they enjoy over the past five years are thoroughly analyzed in the article. As much detail as possible will be analyzed and interprered on order to better understand the importance of the new information that reflects the contribution of the Uzbek people to the Victory in WWII.

Keywords: World War II, Victory Park, Spiritual Life, Veterans, Frontline, Destruction, War, Division, Concentration Camp, Combat Education, Evacuation, Geopolitical Interests, Solidarity of Peoples and Nations.

«Jamiyat va boshqaruv» jurnalining 2021 yil 3-sonidan olindi.

Laziz RAHMATOV,

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti mustaqil izlanuvchisi

Powered by GSpeech