Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) tashabbusi bilan 28 aprel` 2003 yildan e'tiboran «Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni» deb e'lon qilindi. O'shandan buyon 120 dan ziyod davlatda ushbu sana munosabati bilan ish joylarida sodir bo'ladigan baxtsiz hodisalar va kasb kasalligiga chalinishlar oldini olishga, shuningdek, mehnat muhofazasi masalalariga dunyo hamjamiyati e'tiborini yanada kuchaytirishga doir qonunlar qabul qilinib, turli tadbirlar o'tkazib kelinadi.
Mehnat muhofazasi yaxshi yo'lga qo'yilgan davlatlarning aksariyatida insonning mehnat faoliyatiga va uning ijtimoiy himoyasiga alohida ahamiyat beriladi. Jumladan, Germaniya, Italiya, Frantsiya, AQSH va Yaponiyada inson salomatligi uning mehnat faoliyati bilan bog'liqligi inobatga olinib, nafaqat xodimlar, balki barcha kishilar sog'lig'ini muhofaza qilishda sug'urta kompaniyalari ham muhim o'rin tutadi.
Dunyo hamjamiyati tomonidan mehnat muhofazasi va insonning bu boradagi huquqlarini himoya qilish uchun muhim sanalgan bir qancha xalqaro hujjatlar va konventsiyalar qabul qilingan. Masalan, Mehnat va mashg'ulotlar sohasidagi kamsitishlar to'g'risidagi 111-sonli Jeneva konventsiyasida ish jarayonlarida xodimlarni qo'llab-quvvatlash, ularning qadr-qimmati toptalishiga yo'l qo'ymaslik bo'yicha alohida moddalar mavjud. Shuningdek, majburiy mehnatni tugatish to'g'risidagi 105-sonli konventsiya 1957 yildan buyon amalda. Uni ratifikatsiya qilgan XMTning har bir a'zosi zo'raki yoki majburiy mehnatni tugatish, uning biron-bir shaklini ishlatmaslik va quyidagi harakatlar sifatida qo'llamaslik majburiyatini o'z zimmasiga oladi:
a) amaldagi siyosiy, ijtimoiy yoki iqtisodiy tizimga zid siyosiy qarashlar yoki mafkuraviy e'tiqodlar mavjudligi, yoki ifodalanishi uchun siyosiy ta'sir, yoki tarbiya vositasi, yoki jazo chorasi sifatida;
b) iqtisodiy taraqqiyot ehtiyojlari uchun ishchi kuchini safarbar etish va undan foydalanish usuli sifatida;
v) mehnat intizomini saqlash chorasi sifatida;
g) ish tashlash harakatlarida qatnashganlik uchun jazolash chorasi sifatida;
d) irqiy, ijtimoiy, milliy mansublik yoki diniy e'tiqod belgilari bo'yicha kamsitish choralari sifatida.
O'zbekistonda ham har bir shaxs xavfsiz, qulay va adolatli mehnat sharoitlarida ishlash huquqiga ega ekani Konstitutsiyamizning 37-moddasida mustahkamlab qo'yilgan. Bunday kafolat amalda ro'yobga chiqarilishi bilan bog'liq aniq chora-tadbirlar Mehnat kodeksida, «Mehnatni muhofaza qilish to'g'risida»gi va boshqa tegishli qonunlarda, me'yoriy-huquqiy hujjatlarda o'z ifodasini topgan.
Mulkchilik shakli va xo'jalik yuritish usulidan qat'i nazar, har bir korxona, muassasa, tashkilot o'z xodimlari uchun sog'lom va xavfsiz mehnat sharoitini yaratishi, xavfsizlik texnikasi choralarini ko'rishi, mehnatni muhofaza qilish xizmatlarini tashkil etishi, boshqa tashkiliy-texnik tadbirlarni amalga oshirishi shart.
Mehnat muhofazasi qoidalariga rioya etilishi maxsus davlat organlari va jamoatchilik tomonidan nazorat qilinadi. Boshqa qonunlar singari mehnat muhofazasiga doir qonunlarga rioya etilishi ustidan O'zbekiston Respublikasi Bosh prokurori va unga bo'ysunuvchi prokurorlar umumiy nazorat olib borishadi.
O'zbekistonda ham majburiy mehnatga barham berish bo'yicha talay ishlar amalga oshirilmoqda. Chunonchi, 2018 yil 10 mayda Vazirlar Mahkamasining «O'zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi qarori qabul qilindi. Unga ko'ra, Konstitutsiyamizda va boshqa qonun hujjatlarida fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlangani inobatga olinib, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, shaharlar va tumanlar hokimlari, barcha darajalardagi davlat va xo'jalik boshqaruvi organlari rahbarlari zimmasiga majburiy mehnatni taqiqlovchi bir qator vazifalar yuklatildi. Ular:
fuqarolarni, jumladan, ta'lim, sog'liqni saqlash muassasalari, boshqa byudjet tashkilotlari xodimlarini, ta'lim muassasalari o'quvchilari va talabalarni majburiy mehnatga, shu jumladan, tuman va shaharlar hududlarini obodonlashtirish hamda ko'kalamzorlashtirish ishlari, mavsumiy qishloq xo'jaligi ishlari, metall chiqindilari va makulatura yig'ish, shuningdek, boshqa turdagi mavsumiy ishlarga jalb qilish holatlarining zudlik bilan oldini olishlari va bunga chek qo'yishlari;
fuqarolarni, xususan, ta'lim va sog'liqni saqlash sohasi, boshqa byudjet tashkilotlari xodimlarini, talabalar va ta'lim muassasalari o'quvchilarini majburiy jamoat ishlariga bevosita yoki bilvosita jalb qilgan mansabdor shaxslarga nisbatan qat'iy intizomiy choralar ko'rishlari lozimligi belgilab qo'yildi.
Eng muhimi, qarorga muvofiq, avtomobil` yo'llari, harakatlanish tig'iz bo'lgan ko'chalar, suv ob'ektlari, qirg'oqbo'yi hududlar va zonalar, qurilish maydonlari, bino va inshootlar tomlari, xavfli ishlab chiqarish ob'ektlari, shuningdek, insonlarning hayotiga yoki sog'lig'iga xavf tug'ilishi yuzaga kelishi mumkin bo'lgan boshqa joylarda ixtiyoriy tashabbus bilan hasharlar va boshqa ishlarni o'tkazish taqiqlandi.
Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta'minlash va O'zbekiston Respublikasi hududida majburiy mehnatga yo'l qo'ymaslik sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi yuzasidan nazoratni kuchaytirish, bu boradagi tekshiruvlar samaradorligini oshirish va majburiy mehnat holatlari aniqlanganda, aybdor shaxslarga nisbatan tegishli javobgarlik choralarini qo'llash Bosh prokuraturaga topshirildi.
Xodimlarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta'minlash, biron-bir shakldagi majburiy mehnatdan foydalanish holatlarini o'z vaqtida aniqlash hamda bartaraf etish bo'yicha O'zbekiston Respublikasi qonunchiligi normalari amalga oshirilishini nazorat qilish choralarini kuchaytirish Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi zimmasiga yuklatildi.
Hukumat qaroriga binoan, bu vazirlik, avvalo, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, Savdo-sanoat palatasi hamda O'zbekiston fermer, dehqon xo'jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda davlat organlari, shu jumladan, mahalliy davlat organlarining, ayniqsa, qishloq xo'jaligi ishlari qizg'in davrda xodimlarning huquqlari hamda manfaatlariga rioya etilishi bo'yicha faoliyati yuzasidan tizimli monitoring olib borilishini, ikkinchidan, o'tkazilgan monitoring yakunlari bo'yicha fuqarolik jamiyati institutlarini jalb etgan holda, xususan, hududlarda ommaviy eshituvlar tashkil etilishini ta'minlashi zarur. Bunda majburiy mehnatdan foydalanishning
har bir ko'rinishi kelgusida bunday holatlarga yo'l qo'ymaslik maqsadida muhokama qilinishi lozim.
Shuningdek, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Adliya vazirligi hamda O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi bilan birgalikda fuqarolarni majburiy jamoat ishlariga noqonuniy jalb qilish yoki har qanday shakldagi majburiy mehnatdan foydalanishda aybdor bo'lgan mansabdor shaxslarga nisbatan javobgarlik choralarini kuchaytirish, ushbu vazirlikning Davlat mehnat huquq inspektsiyasi vakolatlarini, jumladan, davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan mehnat qonunchiligiga rioya etilishi yuzasidan nazoratni kuchaytirishga doir vakolatlarini kengaytirish yuzasidan hukumatga takliflar kiritishi zarurligi belgilab berildi.
O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashiga esa:
– jamoa shartnomasi va mehnat to'g'risidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi, xususan, majburiy mehnatdan foydalanishning oldini olish borasida tashkilotlardagi kasaba uyushmalari boshlang'ich bo'g'inlarining javobgarlik choralarini kuchaytirish;
– majburiy mehnat holatlari aniqlangan taqdirda ular to'g'risida prokuratura organlariga hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Davlat mehnat huquq inspektsiyasi va uning hududiy bo'linmalariga zudlik bilan ma'lum qilish;
– boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari bilan o'zaro hamkorlikda ushbu sohadagi jamoatchilik nazoratini faollashtirish tavsiya etildi.
Sirasini aytganda, mehnat muhofazasi insonning mehnat jarayonidagi xavfsizligi, sihat-salomatligi va ish qobiliyati saqlanishiga qaratilgan dolzarb ahamiyatga ega tadbirlar hisoblanadi. Biz bu jarayonda faolligimizni joriy tartib-qoidalarga qat'iy amal qilishimiz orqali namoyon etishimiz darkor.
Hamidullo MO'MINOV,
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi bo'lim boshlig'i
("Ishonch" gazetasi, 2021 yil 27 aprel)
- Qo'shildi: 27.04.2021
- Ko'rishlar: 4452
- Chop etish