bugungi kunda migratsiya va migrantlar barcha davlatlar iqtisodiyoti, erkin savdo va innovatsiya jarayonlarida sezilarli mavqega ega.
Shu sababli xalqaro hamjamiyat 2018 yilda Marokash shahrida “Xavfsiz, tartibli va qonuniy migratsiya to‘g‘risida Global shartnoma”ni ma’qulladi.
O‘zbekistonda migrantlar huquqini himoya qilish yo‘nalishida xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, milliy qonunchilik va mexanizmlarni takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal SAIDOV bilan shu haqda suhbatlashdik.
– Avvalambor, global falokatga aylangan pandemiya sharoitida butun dunyoda ishsizlikning keskin oshishi, daromadlarning qisqarishi, mamlakatlararo harakatning cheklanishi tufayli shunday ham nochor holatda bo‘lgan millionlab insonlar, xususan, mehnat migrantlari yanada og‘ir sharoitlarga tushib qolganini afsus bilan qayd etish lozim, – dedi A.Saidov. – Yashash uchun vosita qidirishga urinish shafqatsiz ekspluatatsiyaga tushib qolish xavfini yanada kuchaytiradi. Noqonuniy migrantlar va mavsumiy ishchilar o‘ta xavfli ish sharoitlariga to‘qnash kelmoqda. Bu esa ularning jinoiy guruhlar qo‘liga tushib qolish xatarini oshiradi.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda jahonda mehnat migrantlari va qochoqlar soni 272 million kishini tashkil qiladi. Ulardan 70 million kishi noqonuniy migrantlardir.
Pandemiyaning dastlabki bosqichida ko‘rilgan karantin choralari tufayli ularning ma’lum bir qismi mehnat qilish uchun borgan mamlakatlarida ijtimoiy himoyasiz, iste’mol mahsulotlarisiz, turar joysiz va o‘z Vataniga qaytish imkoniyatisiz qolgan.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ta’kidlaganidek, “Hech bir mamlakatning yakka o‘zi pandemiyani va uning oqibatida kelib chiqqan migratsiya inqirozini bartaraf eta olmaydi. Bu vaziyat eng nochor holatda bo‘lgan migrantlarga kuchli zarba beradi. Shuning uchun davlatlar migratsiya jarayonini tartibga soladigan choralarni hamkorlikda kuchaytirishlari kerak”.
Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surgan BMT shafeligida Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqish bo‘yicha taklifi zamirida “COVID-19” pandemiyasi sharoitida aholi bandligini ta’minlash, mehnat migrantlari manfaatlarini himoya qilish, qashshoqlikni yumshatish masalalarida davlatlarning hamkorligi va majburiyatlari masalasi o‘z ifodasini topgani bejiz emas. Bunday xalqaro hujjat migrantlar huquqini himoya qilish yo‘nalishidagi ishlar samaradorligini oshirishga ham xizmat qiladi.
– Mamlakatimizda mehnat migratsiyasini tartibga solish bo‘yicha qonunchilik qanday takomillashtirilmoqda?
– 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 iyundagi farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi va uning “Yo‘l xaritasi”da mehnat migratsiyasini tartibga solishning huquqiy asoslarini takomillashtirish vazifasi belgilangan.
Shu asosda migrantlar huquqlarini himoya qilishga oid normativ-huquqiy hujjatlar izchil takomillashtirilmoqda.
Bugungi kunda Milliy strategiya ijrosi doirasida 2021 yilda «Tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risida»gi qonunni ishlab chiqish va Mehnat kodeksining yangi tahririni qabul qilishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Shuningdek, Xalqaro mehnat tashkilotining «Mehnatkash-migrantlar to‘g‘risida»gi 97-sonli Konvensiyasini O‘zbekistonda ratifikatsiya qilish bo‘yicha ish olib borilmoqda.
Shuni ham aytish kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2021 yil 4 iyun kuni “Xalqaro mehnat tashkilotining Mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga ko‘maklashish asoslari to‘g‘risidagi 187-sonli Konvensiyasini ratifikatsiya qilish haqida”gi qonunni imzoladi. Konvensiyaning asosiy maqsadi ishlab chiqarishda shikastlanishlar, kasbiy kasalliklar va insonlar o‘limining oldini olish uchun doimiy ravishda mehnat xavfsizligi va gigiyenasini takomillashtirishdan iborat.
Bu borada Prezidentimiz tomonidan 2019 yil 20 avgustda “Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va ularning oila a’zolarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish choralari to‘g‘risida”gi farmon, 2020 yil 14 sentyabrda esa "Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaror qabul qilingan.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi 2019 yil 23 avgustda “Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni tasdiqladi. Bu sohada boshqa yana bir qancha normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqildi.
– Mazkur normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati nimada?
– Davlatimiz rahbarining 2019 yil 20 avgustda qabul qilingan farmoni bilan mehnat migrantlari va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, jumladan ularning turmush sharoitlarini yaxshilash, ularga moliyaviy yordam berish, tibbiy xizmat ko‘rsatishning ishonchli mexanizmlari yaratildi. Shuningdek, mehnat migrantlari huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vazifalar ijrosini muvofiqlashtirish maqsadida Bosh vazir raisligida Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha Respublika komissiyasi tashkil etildi.
O‘z navbatida, Prezidentimizning 2020 yil 14 sentyabrdagi qarori bilan O‘zbekistonda xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish belgilandi. Qaror asosida mehnat qilgani xorijga ketmoqchi bo‘lgan fuqarolar uchun yangi mexanizm yaratilgan bo‘lib, u quyidagi uch asosiy bosqichni o‘z ichiga olgan:
Birinchidan, xorijga ishlashga bormoqchi bo‘lgan fuqarolarni tayyorlash ishlari tashkil qilinmoqda. Bunday fuqarolarni kasbiy va til bo‘yicha tayyorlash ishlarini mamlakatimizdagi 14 ta “Ishga marhamat” ish bilan band bo‘lmagan aholiga xizmat ko‘rsatish monomarkazida, 30 ta kasbiy tayyorgarlik markazida, 136 ta mahallada, 24 ta kollej va 13 ta texnikumda amalga oshirish yo‘lga qo‘yildi.
Ikkinchidan, mehnat migrantlariga xorijda huquqiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatilmoqda. Mehnat migrantlarining huquqlarini himoya qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi tashkil qilindi.
Xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarga xizmat ko‘rsatish maqsadida Rossiyaning Moskva, Sankt-Peterburg, Yekaterinburg, Novosibirsk, Samara va Ufa shaharlari hamda Janubiy Koreyaning Kvandju shahrida Tashqi mehnat migratsiya masalalari bo‘yicha agentliklar tashkil qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh konsulliklari huzurida Mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha attashe lavozimi joriy etildi.
Ayni vaqtda mehnat migrantlarining huquqlarini himoya qilish maqsadida Rossiyada – 21 ta, Qozog‘istonda – 6 ta, Turkiyada – 3 ta va Janubiy Koreyada – 1 ta yuridik xizmat bilan shartnomalar tuzilgan.
Uchinchidan, O‘zbekistonga qaytgan mehnat migrantlarining jamiyatga qayta moslashuviga yordam ko‘rsatilmoqda. Bandlikni qo‘llab- quvvatlash markazlarida ayni masala bilan shug‘ullanadigan inspektorlar faoliyat ko‘rsatmoqda.
Mamlakatga qaytib kelgan va ijtimoiy nochor bo‘lgan mehnat migrantlariga kvotalangan ish o‘rinlari nazarda tutilgan. Ularning bandligiga ko‘maklashish uchun Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi vositalari hisobidan subsidiyalar va grantlar shaklida moliyaviy yordam berish xizmati joriy etilgan.
– Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida bu borada xalqaro hamkorlikni kengaytirish zarurligi belgilangan. Shu haqda batafsilroq to‘xtalsangiz?
– Bu haqda so‘z borganda, birinchi navbatda, O‘zbekistonda BMTning 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlari ijrosi doirasida migrantlar huquqini himoya qilish bo‘yicha belgilangan vazifalar izchillik bilan amalga oshirilayotganini ta’kidlash lozim. Qolaversa, mamlakatimizda “Odam savdosini, ayniqsa ayollar va bolalar savdosini oldini olish va bartaraf etish hamda ular uchun jazolash to‘g‘risida”gi Palermo protokoli qabul qilinganining 20 yilligi keng nishonlangani zamirida ham ayni shu ezgu maqsad mujassamdir.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Xalqaro migratsiya tashkiloti bilan hamkorlikda migrantlar huquqlarini ta’minlash yo‘nalishida muhim tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan:
axborot-tahliliy yo‘nalishda – «Odam savdosiga qarshi kurashish va migrantlar huquqlarini ta’minlash bo‘yicha milliy tizim tahlili» yakunlandi;
tadbirlar, jumladan, treninglar yo‘nalishida – jami 6 ta qo‘shma tadbir o‘tkazildi. Bu tadbirlar doirasida 166 nafar mutaxassisning kasbiy malakasi oshirildi. Markaz xodimlari Xalqaro migratsiya tashkilotining
O‘zbekistonda va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida o‘tkazilgan tadbirlarida trener va ekspert sifatida ham ishtirok etgan;
nashrlar yo‘nalishida – «Mehnat migrantlari uchun odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha amaliy qo‘llanma», ayni shu mavzuda qoraqalpoq tilida ham qo‘llanma tayyorlangan;
axborot-resurs ta’minoti yo‘nalishida – Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining Axborot-resurs markazida «Odam savdosiga qarshi kurashish» mavzuida alohida bo‘linma tashkil etilgan. Hozirgi kunda “Migrantlar huquqlari” bo‘yicha axborot markazini tashkil etish bo‘yicha ish olib borilmoqda.
Shu maqsadda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markaziga 25 nomdagi 100 ga yaqin maxsus adabiyot keltirildi. O‘z navbatida, Markaz beg‘araz ravishda Xalqaro migratsiya tashkiloti bilan hamkorlikda Samarqand shahrida va Andijon viloyati Oltiinko‘l tumanida tashkil etilgan «Mahalla axborot-resurs markazi»ga 500 dan ortiq kitob va jurnallar taqdim etgan;
xorijiy tajribani o‘rganish yo‘nalishida –Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi vakillari Xalqaro migratsiya tashkiloti tomonidan tashkil etiladigan xorijiy o‘quv-tanishuv safarlarida ishtirok etib kelmoqda. Xususan, Markaz vakili Koreya Respublikasi va Filippin davlatlariga 2017 yili amalga oshirilgan safarda ishtirok etdi. Keyingi yillarda Markaz vakillari Markaziy Osiyo mamlakatlarida o‘tkazilgan mintaqaviy tadbirlarda ham qatnashdilar.
O‘zaro faoliyatimizning yana bir muhim qirrasi: Xalqaro migratsiya tashkiloti bilan hamkorlik doirasida nochor migrantlarga yordam berish; xavfsiz, tartibli va qonuniy migratsiya g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish; migrantlar huquqini himoya qilish bo‘yicha ijtimoiy sherikchilikni rivojlantirishga doir qator tavsiyalar tayyorlandi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi 2020 yilda o‘tkazgan «Raqamli iqtisodiyot, inson huquqlari sohasida ta’lim va tadqiqotlar» mavzusida respublika tanlovida 80 dan ortiq ishtirokchi o‘z ijodiy ishlari bilan faol qatnashdi. Mazkur tanlovda xalqaro hamkorimiz bo‘lmish Xalqaro migratsiya tashkilotining mintaqaviy vakolatxonasi migratsiya masalalari bo‘yicha alohida nominatsiya g‘oliblarini munosib taqdirlashda tashabbus ko‘rsatganini qadrlaymiz.
– O‘zbekiston bilan Xalqaro migratsiya tashkiloti hamkorligining istiqbollari qanday?
– Bu masala Prezidentimizning 2021 yil 3 fevraldagi farmoni bilan tasdiqlangan “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi”da o‘z aksini topganini alohida ta’kidlash o‘rinlidir.
Ayni vaqtda Davlat dasturi ijrosi doirasida “O‘zbekiston Respublikasi bilan Xalqaro migratsiya tashkiloti o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasi” loyihasi ishlab chiqildi. Chora-tadbirlar rejasida, jumladan:
• 2030 yilgacha bo‘lgan davr uchun, mehnat migrantlarini ijtimoiy himoya qilishda kafolatlangan tenglik mezonlariga erishishni nazarda tutadigan O‘zbekiston Respublikasining migratsiya sohasidagi davlat siyosati konsepsiyasini ishlab chiqish;
• tashqi mehnat migratsiyasi sohasiga Migratsiyani boshqarish ko‘rsatkichlari tizimini (Migration Governance Indicators) tatbiq etish;
• O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan mehnat migrantlarining huquqiy va ijtimoiy holatini doimiy ravishda monitoring qilish, ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlarning sifatini yaxshilash;
• chet ellardagi mehnat migrantlarining huquqiy, ijtimoiy va madaniy ko‘nikmasini oshirish bo‘yicha kurslar o‘tkazish;
• xorijiy davlatlardan fuqarolarimizni qaytarish jarayonini tashkil etish;
• og‘ir ahvolga tushib, Vatanga qaytib kelayotgan migrantlarning reintegratsiyasi bo‘yicha yordam ko‘rsatish;
• migrantlar huquqi bo‘yicha xalqaro shartnomalar mazmunini davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va aholi vakillariga yetkazish;
• mehnat migratsiyasini samarali boshqarish, mehnat migrantlarining huquqlarini himoya qilish, odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralar xodimlari malakasini oshirish uchun treninglar o‘tkazish;
• migrantlar huquqi bo‘yicha xalqaro shartnomalarning davlat tiliga tarjimasini amalga oshirish, O‘zbekiston qo‘shilgan migratsiyaga doir xalqaro shartnomalar matni to‘plami va qo‘llanmasini chop etish;
• “Migratsiya huquqi” darsligini tayyorlash va nashr qilish kabi tadbirlar nazarda tutilgan.
– Markaz tomonidan Xalqaro migratsiya tashkiloti bilan o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish borasida qanday muloqotlar olib borilmoqda?
– Bunda, jumladan, 2021 yil 15 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining Xalqaro migratsiya tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy muvofiqlashtiruvchisi Zeynal Gadjiyev bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tganini qayd etish mumkin.
Uchrashuvda odam savdosiga qarshi kurash sohasida Xalqaro migratsiya tashkiloti bilan hamkorlik qilish, shuningdek odam savdosi qurbonlarini reabilitatsiya qilishda yordam ko‘rsatishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi. Muloqot davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Inson huquqlari Kengashining 46-sessiyasida ilgari surgan tashabbuslari doirasida hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan atroflicha fikrlar almashildi.
Shu yil 18 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Xalqaro migratsiya tashkiloti bilan hamkorlikda “COVID-19 pandemiyasining migrantlar harakati va himoyasiga ta’siri” mavzusida xalqaro tadbir o‘tkazdi. Tadbirda XMT ekspertlari bilan bugungi kunda O‘zbekistonda joriy etilayotgan Migratsiya indikatorlarini boshqarish (MGI) tizimini tashqi mehnat migratsiyasi sohasiga tatbiq etishga doir masalalar ham muhokama etildi.
Joriy yilning 28 aprelida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Xalqaro migratsiya tashkiloti bilan hamkorlikda “Migrantlar va oila a’zolarining pul mablag‘larini ko‘chirish va bank mahsulotlariga doir siyosat sohasidagi ehtiyojlari” mavzuida onlayn uchrashuv o‘tkazildi.
– Akmal Xolmatovich, 17-21 may kunlari sizning rahbarligingizda O‘zbekiston delegatsiyasi Rossiyaga tashrif buyurib, mehnat migrantlarining huquqlari va manfaatlari himoya qilinishi holatini o‘rganib qaytganidan xabardormiz. Ushbu safar natijalari haqida muxtasar nima deya olasiz?
– Tashrif davomida Rossiya Federatsiyasi Prezidenti maslahatchisi, Rossiya Prezidenti huzuridagi Inson huquqlari va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish kengashi raisi V.Fadeyev, Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili, T. Maskalkova, Rossiya Davlat dumasining Qo‘mita raisi V.Shamanov va boshqalar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
O‘zbekistonning Rossiyadagi mehnat migrantlari huquqlarini himoya qilish bo‘yicha O‘zbekiston – Rossiya Forumi o‘tkazildi. Forum ishida Davlat dumasi deputatlari, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Rossiya Prezidenti huzuridagi Inson huquqlari va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish kengashi vakillari, Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili, Rossiya Ichki ishlar vazirligi xodimlari, olimlar, yuristlar, advokatlik firmalari vakillari ishtirok etdi.
Oflayn va onlayn shakllarda tashkil etilgan Forumda, shuningdek O‘zbekistonning Rossiya Federatsiyasidagi Bosh konsuli, Xalqaro migratsiya tashkilotining Toshkentdagi vakili, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi rahbariyati, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimlari va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) qatnashdi.
Forum davomida mehnat migrantlari huquq va manfaatlarini himoya qilish holati, xavfsiz, tartibli va qonuniy migratsiyani tashkil qilish, mehnat migrantlarining Rossiyada tartibli istiqomat qilishi bo‘yicha hukumat tomonidan ko‘rilayotgan choralar muhokama qilindi.
O‘zbekiston fuqarolari bilan quyidagi uchrashuvlar o‘tkazildi:
• 17 may kuni Moskva shahridagi chet el fuqarolarini vaqtincha saqlash markazida saqlanayotgan 17 nafar O‘zbekiston fuqarosining mamlakatga qaytishi masalasi muhokama qilindi;
• 18 may kuni O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasida fuqarolar qabuli tashkil etilib, 20 dan ortiq mehnat migranti va ularning oila a’zolariga huquqiy maslahatlar berildi;
• 19 may kuni Sankt-Peterburg shahridagi chet el fuqarolarini vaqtincha saqlash markazida saqlanayotgan 152 nafar fuqaromizning O‘zbekistonga qaytishi masalasi o‘rganildi.
Suhbat va muhokamalar vaqtida O‘zbekistonga qaytish uchun hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonini tezlashtirish, bank kreditlari va jarimalar bo‘yicha qarzdorlikni qoplash, jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazishda moddiy yordam berish, shaxsni tasdiqlovchi va mehnat qilish bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirishga ko‘maklashish, O‘zbekiston fuqarolarining Rossiyadan chiqishi uchun sud tomonidan hujjatlarni tarjima qilish muddatini qisqartirish, ularning Vatanga qaytishdan oldin PSR-testlar topshirishlari uchun moliyaviy vositalarning mavjud emasligi kabi masalalar ko‘rib chiqildi.
Nazokat USMONOVA, O‘zA
- Qo'shildi: 09.06.2021
- Ko'rishlar: 5010
- Chop etish