Xotin-qizlar va erkaklar teng huquq va imkoniyatlarini yanada kengaytirish masalalari muhokama etildi

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan Osiyo taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida Maslahat kengashlari uchun “Xotin-qizlar va erkaklar teng huquq va imkoniyatlarini yanada kengaytirish” mavzusida o‘quv-seminari o‘tkazildi.

Gender tenglik – har bir jamiyat taraqqiyotining, demokratik qadriyatlar ustuvorligining va inson huquqlarining to‘liq amalga oshirilishining muhim ko‘rsatkichi hisoblanadi. 

Xalqaro darajada qabul qilingan Pekin deklaratsiyasi va Harakat platformasi, Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) kabi hujjatlar ayollar hayotini yaxshilashda muhim strategik yo‘nalish bo‘lib xizmat qilmoqda. 

Joriy yilda Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi qabul qilinganiga 30 yil to‘ladi. Bu hujjat ayollar huquqlari va gender tengligi bo‘yicha global kun tartibini belgilagan tarixiy hujjatdir. Ushbu deklaratsiya va Platforma 189 ta davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlangan bo‘lib, ayollar va qiz bolalarning ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotda to‘liq va teng ishtirokini ta’minlash maqsadini ko‘zlaydi. 

Deklaratsiya prinsip va qoidalari ko‘plab davlatlar, jumladan, O‘zbekiston milliy strategiyalarining asosiga aylandi va ayollar huquqlarini himoya qilish, ularning manfaatlarini ta’minlash hamda jamiyatning barcha sohalarida teng imkoniyatlar yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlarga turtki berdi. 

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda ayollar huquqlarini ta’minlash va imkoniyatlarini kengaytirish borasida qator tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. 

“Yangi O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasidagi chuqur islohotlar Pekin Harakatlar platformasi tamoyillariga tayangan holda, ayollar huquqlarini himoya qilish va gender tengligini ta’minlash bo‘yicha sezilarli siljishlarga olib keldi. Ushbu islohotlarning asosi – 2023 yilda qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyada mustahkamlangan “Inson qadri uchun” tamoyilidir. Unda O‘zbekiston dunyoviy, demokratik va ijtimoiy yo‘naltirilgan davlat sifatida belgilangan. 

Pekin Harakatlar platformasi ayollar hayotiga ta’sir etuvchi 12 ta muhim sohani qamrab olgan bo‘lib, ushbu yo‘nalishlarda mavjud muammolarni hal etish orqali gender tenglikka erishish maqsad qilingan. Yurtimizda xotin-qizlarning huquqlarini ta’minlash va ijtimoiy sohaning boshqa jabhalariga oid 100 ga yaqin me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Shu jumladan, 2030 yilgacha Gender tengligini ta’minlash strategiyasi ishlab chiqildi. 

Yangilangan Konstitutsiyamizda ayollar va erkaklar teng huquqliligi mustahkamlanib, barcha sohalarda teng imkoniyatlar kafolatlandi. Mehnat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlar esa xalqaro standartlarga mos ravishda teng ish haqi ta’minlanishiga yo‘l ochdi. 

2019 yilda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolati to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Oiladagi zo‘ravonlikka qarshi kurashish bo‘yicha qonunchilik takomillashtirildi. 

Davlat organlari va tashkilotlarda, shu jumladan, xususiy sektorda Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahat-kengash organlari, xotin-qizlar bilan ishlash bo‘yicha maxsus tuzilmalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash uchun imtiyozli kreditlar, grantlar va ta’lim kurslari joriy etildi. Qishloq joylarda ish o‘rinlari va kasb-hunarga o‘qitish dasturlari amalga oshirilmoqda. “Ayollar daftari” joriy etilib, muammoli toifadagi xotin-qizlar bilan maqsadli ish olib borilmoqda. 

Ta’lim tizimida genderga yo‘naltirilgan yondashuvlar joriy etilgani teng imkoniyatlar madaniyatiga ega yangi avlodni tayyorlashga xizmat qilmoqda. Qiz bolalar uchun barcha bosqichdagi ta’lim muassasalariga teng kirish imkoniyati ta’minlanmoqda. STEM sohalarida qizlarning ishtiroki faollashmoqda. Jamoatchilik va fuqarolik ta’limi doirasida gender masalalariga bag‘ishlangan o‘quvlar tashkil etilmoqda. 

Ayollarning qaror qabul qilishdagi ishtiroki davlat boshqaruvi tizimining barqaror va muvozanatli bo‘lishiga hissa qo‘shmoqda. Shu maqsadda Saylov kodeksiga o‘zgartirishlar kiritilib, siyosiy partiyalardagi ayol nomzodlar uchun eng kam kvota 30 foizdan 40 foizgacha oshirildi.

O‘zbekiston ayollari mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida tobora faol ishtirok etmoqda. Bugungi kunda 2 mingdan ortiq ayol rahbarlik lavozimlarida, shu jumladan, 240 nafari ijro etuvchi hokimiyat organlarida faoliyat yuritmoqda. 

Umuman olganda, O‘zbekiston BMT va YeXHT kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda Pekin+30 jarayonida faol ishtirok etmoqda. 

2024 yilda tayyorlangan milliy hisobotda mamlakatimizda amalga oshirilgan islohotlar, mavjud muammolar va istiqbolli vazifalar atroflicha yoritilgan. Shu bilan birga, mamlakatda Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM), xususan BRM 5 — gender tenglikni ta’minlash doirasida qo‘shimcha dasturlar amalga oshirilmoqda. 

Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova tomonidan ta’kidlanganidek, davlat organlari gender tenglikni ta’minlash borasida milliy dasturlar, strategiyalar va yo‘l xaritalari qabul qiladi. Ushbu hujjatlar Pekin platformasining asosiy prinsiplarini milliy xususiyatlarga moslashtirishga yordam beradi. Davlat organlari va tashkilotlarda ko‘p ishlar amalga oshirilmoqda, yangidan yangi tashabbuslar ilgari surilmoqda. 

O‘quv seminarida “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolati to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan qoidalar ijrosini to‘liq ta’minlash, idoralararo tajriba almashinuvni kengaytirish, muvaffaqiyatli tajribalarni ommalashtirish, mehnat jamoalarida ayollar va qizlarni yangi bilim, zamonaviy vositalar bilan ta’minlash kabi masalalar atroflicha muhokama etildi. 

Shu bilan birga davlat xizmatchilari o‘rtasida gender masalalari bo‘yicha xabardorlikni oshirish, mehnat faoliyatida genderga sezgir yondashuvlarni joriy etish, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlarini ta’minlash gender strategiyasini to‘liq amalga oshirish uchun nodavlat notijorat tashkilotlari, OAV, ilmiy muassasalar va xususiy sektor bilan yaqindan hamkorlikni amalga oshirishga katta e’tibor qaratildi. 

N.Usmonova, O‘zA muxbiri

Powered by GSpeech