Ulug' shoir va mutafakkir Alisher Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat” tazkirasining “Erkaklar martabasiga yetgan orif ayollar zikri” nomli faslida moziydan to o'z davrigacha yashab o'tgan yoki o'ziga zamondosh bo'lgan islom olamida mashhur 35 nafar shayx, orifa xotin-qizlarning ruhiyati, shariati, tariqati, ijodlari xususida lavhalar bitgan.
Navoiy bobomizning “Farhod va Shirin” dostonida ta'riflangan 10 nafar olima qiz, jumladan, mantiq ilmida tengsiz Diloso, astronom Gulandom, faylasuf Sumanbo'y, hikmat fani bilimdoni Parizod obrazlari ham real hayotdan olingan. Ularning prototipi hazratga zamondosh bo'lgan zakiy momolarimizdir. Shunday ekan, bugun zamondoshlarimiz bo'lgan oqila va zukko xotin-qizlarni qadrlash hamda ulug'lash biz uchun ham qarz, ham farzdir.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2021 yil 26 fevral` kuni xotin-qizlarning muammolarini hal qilish va ularni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash masalalari muhokamasi yuzasidan o'tkazilgan videoselektor yig'ilishidagi so'zlarini tinglar ekanman, xayolimdan shu o'ylar o'tdi.
Davlat rahbari, jumladan: "Oliy ma'lumotli bo'lishni istagan, qobiliyati, bilimi bor, lekin taqdir taqozosi bilan orzusiga erisha olmagan xotin-qizlarni rag'batlantirish tizimi joriy qilinadi. Ya'ni, ota-onasining biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yo'q yolg'iz ayollarning shartnoma to'lovi hokimlik va oliy o'quv yurti hisobidan qoplab beriladi. Bu yangi tizim. Ilgari bunday qilolmasdik. Endi imkoniyat bor", deb ta'kidladi.
Shu munosabat bilan mazkur yig'ilishda muhokama qilingan yurtimiz xotin-qizlariga daxldor ko'plab masalalarning faqat bittasiga to'xtalishga jazm etdik. Bu ham bo'lsa, ayollar va qizlarning ilm-fan, texnika-texnologiya sohalarida munosib joy egallashi muammosidir.
Yangi O'zbekiston sharoitida xotin-qizlarni ilmiy tadqiqot va innovatsiyalar faoliyatiga keng jalb qilish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shuning uchun, bir tomondan, yurtimiz ayollari va qizlarining ilm-fandagi faolligini xalqaro miqyosda kuchaytirish, ikkinchi tomondan, ta'lim va ilm-fan sohalarida gender tenglikka erishish nihoyatda zarur.
Chunki, aslida ham, ayol bilimli bo'lsa, tarbiya qilgan farzandlari zukko, salohiyatli bo'ladi. Yanada muhimi, ayol ilmli bo'lsa, millat ilmli bo'ladi.
Mamlakatimiz aholisining qariyb yarmi – 17 millioni xotin-qizlardir. Shu ma'noda, qizlarning sifatli ta'lim olishi, kasb egallab, ishli bo'lishi uchun katta imkoniyatlar yaratilgani natijasida bugungi kunda talabalarning 48 foizini xotin-qizlar tashkil etayotgani diqqatga sazovor.
Bunda o'tgan yildan boshlab ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlarning bilim olish imkoniyatlari yanada kengaytirilib, oliy ta'lim muassasalariga 4 foizli davlat grantlari ajratilgani muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur yangi tizim asosida 2020 yilda 950 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj qiz oliy ta'lim muassasalariga davlat granti asosida o'qishga qabul qilingani bu fikrimizni tasdiqlaydi.
Innovatsion rivojlanish vazirligi Axborot xizmati ma'lumotlariga qaraganda, vazirlik tomonidan 2020 yili e'lon qilingan «Olima ayollar» tashabbuskor ilmiy loyihalar tanlovi ham aynan xotin-qizlarning ilm-fandagi o'rnini mustahkamlashga qaratilgan. Mazkur tanlov natijalariga ko'ra hozirgi kunda jami 8 mlrd. 467.5 million so'mlik 16 ta loyiha moliyalashtirilgan.
Bugungi kunda mamlakatimiz ilmiy-ta'lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan fan doktorlarining 700 nafardan ortig'i va akademiklarning 6 nafari ayollardir. Olimalarimizning, ayniqsa, kimyo, biotexnologiya, qishloq xo'jaligi kabi sohalardagi intellektual mehnati samaralari nafaqat yurtimizda, balki xorijiy ilmiy markazlar tomonidan ham yuksak baholanib kelmoqda. O'zbekiston Fanlar akademiyasi huzuridagi ilmiy institutlarda qariyb 3 ming nafar xotin-qizlar tadqiqotlar olib bormoqda.
Bu raqamlar yurtimizda yashaydigan xotin-qizlarning jami soniga nisbatan necha foizni tashkil etadi? Agar qiyosan hisoblab ko'rilsa, albatta, hosil bo'ladigan salmoqdan hozircha ko'ngil to'lmaydi. Ayni paytda bu boradagi ahvol butun dunyo miqyosida ham maqtagulik emas.
YUNESKOning ilm-fan to'g'risidagi yangi ma'ruzasida qayd etilishicha, hozirgi vaqtda dunyo miqyosida texnika fakul`tetlari bitiruvchilarining atigi 28 foizini hamda komp`yuter va informatika fanlari bo'yicha fakul`tetlar bitiruvchilarining 40 foizini xotin-qizlar tashkil etmoqda. Ya'ni, ayollar ilm-fanda va texnologiyalar sohasida haligacha yetarli darajadagi mavqeni egallamagan.
Ushbu ma'ruzaning asosiy mavzularidan biri ilm-fan sohasidagi gender tenglik masalasiga bag'ishlangan bo'lib, xususan, unda "raqamli inqilob" samaralaridan ayollar va erkaklar teng foydalanishi zarurligi ta'kidlangan. YUNESKO Bosh direktori Odre Azule ta'biri bilan aytganda, "Hatto hozirgi kunda ham, XXI asrda yashayotganimizga qaramay, ilm-fan bilan bog'liq sohalarda xotin-qizlarning chetda qolayotgani kuzatilmoqda".
Xotin-qizlar ilm-fan, texnika, muhandislik va matematika sohalarida o'zlari uchun munosib o'rin borligini, ular ilmiy taraqqiyot jarayonlarida ishtirok etish huquqiga egaligini anglab yetishlari kerak. Ammo, hozircha butun jahonda, ayniqsa, sanoati rivojlangan mamlakatlardagi ilm-fan sohasida erkaklarning son jihatdan ustunligi odatiy hol hisoblanadi.
Xususan, Avstraliyada texnika universitetlari bitiruvchilarining 23,2 fozigina xotin-qizlardan iborat. Bu ko'rsatkich Kanadada – 19,7 foiz, Frantsiyada – 26,1 foiz, Yaponiyada – 14 foiz, Koreya Respublikasida – 20,1 foiz, Shveytsariyada – 16,1 foiz va AQShda – 20,4 foizni tashkil etadi, xolos.
YUNESKO ma'ruzasida arab davlatlarida aniq fanlar bo'yicha xotin-qizlarning ta'lim olishi sohasidagi holat ancha yaxshi ekaniga e'tibor qaratilgan. Masalan, Jazoirda texnika oliy o'quv yurtlari va fakul`tetlari bitiruvchilarining 48,5 foizi xotin-qizlardir. Bu boradagi ko'rsatkich Marokashda – 42,2 foiz, O'monda – 43,2 foiz, Suriyada – 43,9 foiz va Tunisda – 44,2 foizdan iborat ekani ham diqqatga loyiq.
Lotin Amerikasi mintaqasida esa muhandislik bilan bog'liq ixtisosliklarni tanlagan talaba qizlar ko'pchilikni tashkil etadi. Lekin yirik texnologiya kompaniyalaridagi rahbarlar tarkibida hali ham erkaklar miqdori ko'p.
Xotin-qizlar texnologiyaga taalluqli sohalarda ishlasa-da, mansab pillapoyalaridan ko'tarilib borishda jiddiy to'siqlarga duch kelmoqda. Masalan, kimdir homilador bo'lgani uchun ta'tilga chiqib ketsa, yana kimdir rahbariyatning noxolis muomala-munosabatidan aziyat chekadi.
Keyingi yillarda korporativ dunyoda xotin-qizlarga nisbatan munosabat bir qadar o'zgarayotgani kuzatilmoqda. Binobarin, ishchi kuchini diversifikatsiya qilish – daromadni oshirishning qulay yo'li ekanini aksariyat kompaniyalar yetakchilari tushunib yetmoqda.
Biroq xotin-qizlarning ilm-fan sohasida jadal sur'atlarda ilgarilashi yo'lida hali-beri to'siqlar bisyor. Shunday g'ovlardan biri – zarur darajada ta'lim olish imkoniyatining cheklanganidir.
YUNESKO ekspertlarining fikricha, xotin-qizlar raqamli iqtisodiyotning uzviy bir qismiga aylanishlari darkor. Toki, To'rtinchi industrial inqilobda gender tengsizlik kabi nomaqbul an'anaga o'rin qolmasin.
Shu nuqtai nazardan, keyingi yillarda mamlakatimizda Harakatlar strategiyasi doirasida ilm-fan sohasida xotin-qizlar ulushini ko'paytirishga qaratilgan bir qancha qonunlar, davlat dasturlari va amaliy mexanizmlar ishlab chiqilib, hayotga keng tatbiq etilayotgani juda muhim.
Ayni chog'da, yurtimiz va xorijiy mamlakatlardagi mashhur olimalarning ta'lim, ilm-fan sohalaridagi ibratli tajriba hamda yutuqlari bilan tanishish, ilmiy an'analari borasida fikr almashish, xotin-qizlarimizning salohiyatini ilmiy-innovatsion faoliyatga rag'batlantirish va keng jalb qilish bo'yicha aniq maqsadli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoev shu yil 22 fevral` kuni BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi 46-sessiyasida so'zlagan tarixiy nutqida gender tenglik siyosatiga doir yangi tashabbuslarni ilgari surgani bejiz emas. Darvoqe, Yurtboshimiz xotin-qizlarning davlat va jamiyat oldidagi fidokorona xizmatlari, o'z sohalarida erishgan yutuqlarini rag'batlantirish uchun O'zbekistonda alohida davlat mukofotini ta'sis etish taklifini ham bildirdi.
Ma'lumki, 2013 yil 20 dekabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining "Taraqqiyot maqsadlaridagi fan, texnika va innovatsiyalar to'g'risida"gi rezolyutsiyasi qabul qilingan. Rezolyutsiyada ushbu sohadagi gender tenglikni ta'minlash kafolati sifatida istalgan yoshdagi ayol va qiz fan, texnika va innovatsiya yutuqlari rivojidan teng hamda to'laqonli foydalanish imkoniyatiga ega ekani e'tirof etilgan.
BMT Bosh Assambleyasining 2015 yil 22 dekabrda qabul qilingan 70/212-rezolyutsiyasiga muvofiq, 11 fevral – Ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar xalqaro kuni deb e'lon qilingan. Ushbu xalqaro sana yaqinda jahon jamoatchiligi tomonidan oltinchi marta nishonlandi.
Shu munosabat bilan joriy yilda ham har bir qit'adan bittadan vakil, jami besh nafar yangi sovrindorga L'Oreal-YUNESKO Dasturining "Ilm-fan sohasidagi xotin-qizlarga" mukofoti topshirildi. YUNESKO 23 yildan buyon izchil e'lon qilib kelayotgan bunday sovrindor xotin-qizlar ro'yxatini hozircha faqat xorijiy mamlakatlar olimalari band etib turibdi.
Muxtasar aytganda, ilm bilan shug'ullanish xotin-qizlar zimmasiga ikki karra ko'proq mas'uliyat yuklashi, bu jarayonda ulardan juda katta mehnat va sabr-toqat talab qilinishi bor gap. Shunga qaramay, XXI asr ilm-fani rivojida yurtimiz xotin-qizlari munosib o'rin egallashlariga ishonamiz.
G'ulom Mirzo
- Qo'shildi: 04.03.2021
- Ko'rishlar: 5234
- Chop etish