Bundan ikki yil oldin mamlakatimiz poytaxti – Toshkentda “Matonat madhiyasi”, “Mangu jasorat”, "Ko'z yoshi" monumentlari hamda “Shon-sharaf” davlat muzeyini o'zida qamragan muhtasham G'alaba bog'i bunyod etildi. Davlatimiz rahbari ta'biri bilan aytganda, "bu betakror majmua qahramon xalqimizga munosib bo'lib, ham me'moriy jihatdan, ham tarixiy-ma'naviy jihatdan g'oyat noyob va mahobatli obida bo'lib qad rostladi".
6 mart kuni Jizzax viloyati Baxmal tumanidagi 28-sonli o'rta umumta'lim maktabida O'zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o'ttiz yilligiga bag'ishlab "Xotira uyg'onsa – go'zal" mavzuida o'tkazilgan ma'naviy-ma'rifiy anjumanda shu haqda so'z bordi. Tadbir Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati tomonidan O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Jizzax viloyati bo'limi, Jizzax viloyat Xalq ta'limi boshqarmasi va Baxmal tumani Xalq ta'limi bo'limi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Maktab faxriy o'qituvchisi Berdimurod ota Hayitqulov va Udamali qishlog'i oqsoqoli Abdurahmon ota Musurmonov o'z chiqishlarida Prezidentimiz tashabbusi bilan poytaxtimizda bunyod etilgan "G'alaba bog'i"ning mazmun-mohiyati haqida to'xtaldilar. Muloqotda urush – insoniyat uchun kulfat, tinchlik esa barqarorlik, farovonlik va taraqqiyot omili ekani ta'kidlandi.
Ikkinchi jahon urushi yillarida Udamali qishlog'idan 25 nafar yigit jang maydonlarida jasorat ko'rsatgan bo'lsa, butun qishloq ahli front ortida matonat bilan mehnat qilgan. Tadbir ishtirokchilarining fikricha, Vatan uchun jon fido etgan ajdodlarimiz xotirasini yod etib, shu saodatli kunlarda istiqlolni mustahkamlash yo'lida jonbozlik ko'rsatayotgan yurtdoshlarimizni munosib qadrlashda Mustaqillik bayrami, Xalqaro xotin-qizlar kuni, Navro'z, Xotira va qadrlash kuni kabi ulug' ayyomlar ulkan ahamiyat kasb etadi.
Tadbir yakunida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining matbuot kotibi G'.Mirzaev tomonidan maktab kutubxonasiga kitoblar tuhfa etildi.
Lotin imlosidagi o'zbek alifbosida yangi nashr etilgan turkum kitoblar orasida "Temur tuzuklari", Mirzo Ulug'bekning "To'rt ulus tarixi"", Rui Gonsales de Klavixoning "Amir Temur Ispaniya elchisi nigohida" nomli tarixiy asarlari, Abdulla Qodiriy, Oybek, Maqsud Shayxzoda, Hamid Olimjon, G'afur G'ulom, Odil Yoqubov, O'tkir Hoshimov, Muhammad Yusuf kabi atoqli o'zbek shoiru yozuvchilarining sara kitoblari, shuningdek jahon adabiyoti namoyandalaridan Jonatan Svift, Aleksandr Pushkin, Anton Chexov, Chingiz Aytmatov kabi daho ijodkorlar asarlari bor.
– Yoshlarning baxtu kamoli, osoyishta va farovon hayotida kitob alohida o'rin tutadi, – dedi tadbir yakunida 28-sonli o'rta umumta'lim maktabi direktori Shukrullo Shoyzoqov. – Chunki yaxshi kitob insonda Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuyg'ularini yuksaltirib, hamisha ezgulikka undaydi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 09.03.2021
- Ko'rishlar: 4555
- Chop etish