Yangi Markaziy Osiyo arxitekturasi: institutsional integratsiya va Ozarbayjon omili
Bugungi globallashuv zamonida, tezkor davrda xalqaro munosabatlar tizimida mintaqaviy integratsiya jarayonlari yangi mazmun kasb etmoqda. Ayniqsa, global beqarorlik, geosiyosiy qarama-qarshiliklar va iqtisodiy bog‘liqlikning chuqurlashuvi sharoitida qo‘shni davlatlar o‘rtasida ishonch, muvofiqlashuv va institutsional hamkorlikni mustahkamlash ustuvor ahamiyatga ega. Bu jarayonlar Markaziy Osiyo mintaqasida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda, deyish mumkin.
Aytish kerakki, so‘nggi yillarda mintaqa davlatlari o‘rtasidagi muloqot yangi sifat bosqichiga ko‘tarildi. Xususan, davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari mintaqada barqarorlik, o‘zaro ishonch va umumiy rivojlanishni ta’minlashga qaratilgan muhim institutsional mexanizmga aylanib bormoqda.
O‘zA muxbiri Yangi Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlik arxitekturasi evolyutsiyasi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Murojaatnomasida keltirilgan Maslahat uchrashuvlari formati va ularning istiqbollari xususida O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi dotsenti, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori Muxtor Nazirovning fikrlariga qiziqdi.

– XXI asrning ikkinchi o‘n yilligidan boshlab Markaziy Osiyo mintaqasida davlatlararo hamkorlikning yangi institutsional shakllari vujudga kela boshladi. Xususan, 2018 yildan buyon o‘tkazilib kelinayotgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari mintaqada ishonchni mustahkamlash, o‘zaro muvofiqlashuvni kuchaytirish va integratsion salohiyatni oshirishga qaratilgan muloqot mexanizmi sifatida shakllandi. Avval boshda ushbu format norasmiy va deklarativ xususiyatga ega bo‘lgan bo‘lsa, 2020 yillarning o‘rtalaridan boshlab u institutsional jihatdan mustahkamlana boshladi.
Qayd etish joiz, so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo xalqaro munosabatlar tizimida tobora mustaqil mintaqaviy sub’ekt sifatida namoyon bo‘lmoqda. Ayniqsa, 2025 yil mintaqa davlatlari o‘rtasida ishonchni mustahkamlash, ko‘p yillik muammolarni hal etish va tashqi sheriklar bilan hamkorlikni institutsionallashtirish nuqtai nazaridan alohida ahamiyat kasb etdi.
2025 yil 16 noyabrda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan yettinchi Maslahat uchrashuv doirasida qabul qilingan qaror, ya’ni formatning “Markaziy Osiyo hamjamiyati” deb qayta nomlanishi va Ozarbayjonning to‘laqonli a’zo sifatida qabul qilinishi mazkur evolyutsiyaning mantiqiy davomi bo‘ldi. Bu qaror Markaziy Osiyo mintaqaviy arxitekturasini faqat besh davlat doirasida emas, balki Yevroosiyo makonidagi kengroq bog‘liqlik tizimi kontekstida qayta anglash zaruratini yuzaga chiqaradi.
Prezidentimiz Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida ta’kidlaganidek, “Mintaqamiz davlat rahbarlarining yaqinda Toshkentdagi Maslahat uchrashuvi chog‘ida biz integratsiya jarayonlarini yangi sifat bosqichiga ko‘tarish uchun Markaziy Osiyo hamjamiyati strategik formatini tashkil qilish g‘oyasini ilgari surdik. Ozarbayjonni Markaziy Osiyo hamjamiyati formatiga to‘la huquqli a’zo sifatida qabul qilish to‘g‘risidagi qaror tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Ushbu qadam Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasida strategik bog‘liqlik va barqarorlikni kuchaytirishi shubhasiz.”
Markaziy Osiyo hamjamiyatini strategik format sifatida shakllantirish tashabbusi mintaqaviy integratsiya nazariyalari, xususan neofunksionalizm va mintaqaviy xavfsizlik komplekslari nazariyasi nuqtai nazaridan qaralganda, funksional hamkorlik doiralarining kengayishi va institutsional o‘zaro bog‘liqlikning kuchayishiga qaratilgan tizimli qadam sifatida talqin qilish mumkin.
Mazkur format doirasida Ozarbayjon Respublikasini Markaziy Osiyo hamjamiyatiga to‘la huquqli a’zo sifatida qabul qilish to‘g‘risida qabul qilingan qaror mintaqaviy hamkorlik arxitekturasining geosiyosiy qamrovini kengaytiruvchi muhim institutsional yangilik hisoblanadi.
Ushbu qarorni Karl Doychning “xavfsizlik hamjamiyati” konsepsiyasi nuqtai nazaridan baholar ekanmiz, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz mintaqalari o‘rtasida o‘zaro ishonch, siyosiy muvofiqlashuv va barqaror hamkorlik mexanizmlarini shakllantirish uchun qo‘shimcha institutsional zamin yaratilayotganini kuzatish mumkin. Shu ma’noda, Ozarbayjonning ushbu hamjamiyatga integratsiyalashuvi mintaqalararo o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash orqali transport-logistika, energetika va xavfsizlik sohalaridagi funksional hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishi mumkin.
Aytish kerakki, mazkur Maslahat uchrashuvlarining “Markaziy Osiyo hamjamiyati”ga aylantirilishi mintaqaning yaqin tarixida birinchi marta shakllantirilgan, formal institutsionallashgan mintaqaviy hamkorlik tuzilmasini yuzaga keltirdi. Ushbu transformatsiya deklarativ sheriklikdan funksional mexanizmlar va uzoq muddatli strategik loyihalarga asoslangan amaliy integratsiyaga o‘tishni anglatadi. Ozarbayjonning to‘la huquqli oltinchi a’zo sifatida qabul qilinishi esa hamjamiyatning geografik va geosiyosiy qamrovini an’anaviy “Markaziy Osiyo beshligi” doirasidan tashqariga kengaytirdi.
Markaziy Osiyo hamjamiyatining hozirgi holatini to‘g‘ri anglash uchun uning yetti yillik evolyutsiyasini tahlil qilish zarur.
2017 yilda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan Maslahat uchrashuvlarini o‘tkazish tashabbusi o‘sha davr sharoitida inqilobiy tusga ega edi. Ya’ni, ilk bor Markaziy Osiyo mustaqil davlatlari tarixida tashqi tuzilmalar yoki vositachilarsiz davlat rahbarlarining muntazam muloqot mexanizmi yaratilgan edi.
Davlatimiz rahbarining “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” nomli maqolasida ta’kidlanganidek, ushbu format “ishonch, ochiqlik va umumiy manfaatlarni anglashga asoslangan yangicha siyosiy tafakkur ramziga aylandi”. Demak, mintaqa ichida birgalikda rivojlanish va umumiy taqdirni barpo etish borasida yangi manfaatlar muvozanati shakllandi.
2019-2022 yillarda ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi uchrashuvlar hamkorlik normalari va amaliyotini shakllantirish davri bo‘ldi. Boshqacha aytganda, mintaqaviylashuvning mustahkamlanish davri bo‘ldi. Masalan, Qirg‘izistonda o‘tgan to‘rtinchi uchrashuvda ilk bor 2022-2024 yillarga mo‘ljallangan mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish “yo‘l xaritasi” qabul qilindi. U qonunchilik, savdo, investitsiya, ta’lim, sport, viza rejimlari va xavfsizlik kabi yigirmadan ortiq sohani qamrab oldi.
Ushbu davrning asosiy xususiyati shunda ediki, uchrashuvlar uzoq yillar davomida yechilmay kelgan muammolarni hal qilish platformasiga aylandi. Shular jumlasiga:
- Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi chegarani demarkatsiya qilish bo‘yicha muzokaralar;
- Transport aloqalarini tiklash;
- Energetika va suv resurslari sohasida hamkorlikni qayta yo‘lga qo‘yish.
2024 yil avgust oyida Ostona sammitida bo‘lib o‘tgan oltinchi uchrashuvda “Markaziy Osiyo – 2040” mintaqaviy kooperatsiyani rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilindi. Ilk bor 2040 yilgacha bo‘lgan uzoq muddatli integratsiya gorizonti belgilab olindi. Shu bilan birga, maslahatlashuv formatini doimiy mintaqaviy tuzilmaga aylantirish zarurligini ko‘rsatdi.
Konsepsiya savdo, energetika, transport, ekologiya, raqamli bog‘liqlik va ayniqsa, yagona markaziy osiyolik madaniy identiklikni mustahkamlash kabi ustuvor yo‘nalishlarni qamrab oldi. Umuman olganda, integratsiya jarayonlari strategik jihatdan qayta yo‘nalish oldi.
Ayniqsa, 2025 yil noyabrda Toshkentdagi yettinchi uchrashuv tub burilish nuqtasi bo‘ldi. Mintaqaviy platformaning transformatsiyasida misli ko‘rilmagan qarorlar qabul qilindi. Eng muhim yangilik – avval mavjud bo‘lmagan formal tashkiliy tuzilmaning yaratilishi bo‘ldi. Prezident Sh.Mirziyoyev mintaqaviy birlikni yangi bosqichga olib chiqishi mumkin bo‘lgan bir qator takliflarni ilgari surdi:
Rotatsiya asosida faoliyat yuritadigan Kotibiyat – uchrashuvlarni tayyorlash, sammitlar orasida muvofiqlashtirish va qarorlar ijrosini monitoring qilish uchun mas’ul doimiy ma’muriy organ. Bu mintaqada birinchi bor doimiy apparat paydo bo‘lganini anglatadi.
Oqsoqollar kengashi – nufuzli davlat arboblari, olimlar va madaniy yetakchilardan iborat innovatsion organ. Uning vazifasi mintaqamiz xalqlari orasida madaniy-gumanitar muloqotni mustahkamlash, avlodlar uzviyligini ta’minlash va umumiy mintaqaviy identiklikni rivojlantirishdan iborat. Bu institutning o‘ziga xosligi shundaki, u mintaqamiz tabiatiga mos an’anaviy bo‘lgan jamoaviy qaror qabul qilish amaliyoti – maslahatga tayanadi.
Milliy koordinatorlar maqomini oshirish – ular davlat rahbarlarining maxsus vakillariga aylantirilib, kundalik diplomatik vakolatlarga ega bo‘ldi.
Infratuzilmani rivojlantirish kengashi – bosh vazir o‘rinbosarlari darajasidagi organ bo‘lib, yirik transport va logistika loyihalarini muvofiqlashtiradi.
Umuman olganda, mazkur institutsional o‘zgarishlar Markaziy Osiyo mamlakatlari deklarativ formatlardan kelishilgan tashabbuslarni monitoring qilish va amalga oshirishni ta’minlashga qodir mexanizmlarga o‘tayotganini ko‘rsatadi.
“Maslahat uchrashuvlari” atamasining “Markaziy Osiyo hamjamiyati” (MOH) bilan almashtirilishi chuqur ramziy ma’noga ega. Bu vaqtinchalik muloqot platformasidan barqaror siyosiy hamjamiyatga o‘tishni anglatadi. “Hamjamiyat” tushunchasi siyosiydan tashqari madaniy, ijtimoiy va iqtisodiy birlikni ham nazarda tutadi.
Markaziy Osiyoda faol kechayotgan jarayonlar mintaqaviy integratsiya nazariyalarining bir qator yo‘nalishlariga, xususan, neofunksionalizm, regionalizmning “yumshoq institutsional” modeli va geoiqtisod konsepsiyasiga mos keladi. Neofunksionalizm davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning bosqichma-bosqich siyosiy muvofiqlashuvga olib kelishini ta’kidlasa, yumshoq institutsionalizm suverenitetni cheklamasdan turib ham hamkorlikni chuqurlashtirish mumkinligini asoslaydi.
MOHning tuzulmaviy institutlari davlatlardan yuqori turuvchi vakolatlarga ega emasligi, kengashish – asosiy muloqot vositasi sifatida saqlanib qolishi tez o‘zgaruvchan geosiyosiy voqeliklar sharoitida mintaqaviy birlikka erishish va uni bir maromda rivojlantirish imkonini beradi. Bu esa MOHni klassik integratsion ittifoqlardan farq qiluvchi, suverenitetni saqlab qolgan holda muvofiqlashuvni ta’minlovchi platforma sifatida tavsiflashga asos beradi. Geoiqtisodiy yondashuv esa davlatlarning tashqi siyosiy qarorlari iqtisodiy manfaatlar, transport-logistika imkoniyatlari va bozorlarga chiqish masalalari bilan uzviy bog‘liq ekanini ko‘rsatadi.
Ozarbayjonning Maslahat uchrashuvlari formatida mehmon sifatida ishtirok etishdan to‘laqonli a’zolikka o‘tishi bosqichma-bosqich rivojlangan siyosiy jarayon mahsulidir. Davlat rahbarlari o‘rtasidagi intensiv diplomatik aloqalar, yuqori darajadagi o‘zaro tashriflar va qo‘shma loyihalar ushbu qaror uchun zarur institutsional muhitni shakllantirdi.
Ekspertlar fikricha, Ozarbayjonning Markaziy Osiyo integratsiya jarayonlariga “qo‘shilishi” bir qator hal qiluvchi omillar bilan izohlanadi. Siyosiy nuqtai nazardan, Ozarbayjon MOH doirasida o‘zini tashqi aktor emas, balki mintaqaviy manfaatdor sub’ekt sifatida namoyon qilmoqda. Bu esa Markaziy Osiyo davlatlarining ham uni mintaqaviy arxitekturaning ajralmas qismi sifatida qabul qilayotganini ko‘rsatadi.
Yana bir muhim omil geoiqtisodiy ratsionallik bilan bog‘liq. Markaziy Osiyo davlatlarining dengizga chiqish imkoniyati cheklangan bo‘lib, tashqi bozorlarga chiqish masalasi transport infratuzilmasiga bog‘liq. Ozarbayjon Kaspiy dengizi orqali transkaspiy aloqalarni, Kavkaz va Turkiya orqali Yevropa bozorlariga chiqishni ta’minlovchi logistik tugun vazifasini bajaradi.
Markaziy Osiyo davlatlari neft, gaz, uran va nodir metallar kabi xomashyo eksportchilari hisoblanadi va eksport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishga intilmoqda. Sharq-G‘arb hamda Shimol-Janub transport yo‘laklari kesishgan nuqtada joylashgan Ozarbayjon ajralmas vositachiga aylanmoqda.
“O‘rta yo‘lak” (Xitoyni Yevropa bilan Markaziy Osiyo, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Kavkaz va Turkiya orqali bog‘laydi. Ushbu marshrutni amaliy ishlatishda Ozarbayjon hal qiluvchi rol o‘ynaydi, xususan Kaspiy dengizidagi portlar orqali) va “Zangezur” transport yo‘nalishlari MOH doirasida iqtisodiy integratsiyani moddiy jihatdan ta’minlovchi asosiy infratuzilmaviy loyihalar sifatida qaraladi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, “Zangezur” transport yo‘lagi milliardlab dollar qiymatiga ega bo‘lgan loyiha bo‘lib, Armanistonning Syunik viloyati orqali 43 km temir yo‘l va avtomagistral qurishni nazarda tutadi. Bu Ozarbayjonning Naxchivon hududi va Turkiya o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatish imkonini beradi. Ozarbayjon o‘z hududidagi qismni (Xoradiz – Ag‘bend temir yo‘li va avtomagistral) to‘liq tugatgan. Loyiha 2026 yilga qadar yakunlanishi kutilmoqda va o‘tkazish quvvati yiliga 15 mln. tonnaga yetishi mumkin. Ushbu transport yo‘laklar nafaqat savdo hajmini oshirish, balki mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni institutsional jihatdan mustahkamlashga xizmat qiladi.
E’tiborlisi, Ozarbayjon va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar ijobiy o‘sishni ko‘rsatmoqda. Markaziy Osiyo doirasida o‘zaro savdo hajmi 2024-2025 yillarda 10,7 mlrd. AQSH dollariga yetdi. Mutaxassislar fikricha, bajarilayotgan bojxona va logistika muvofiqlashuvi hisobiga bu ko‘rsatkichni 1,5-2 barobar oshirish prognoz qilinmoqda. Demak, hisob-kitoblarga ko‘ra, belgilangan marra – 20 mlrd. AQSH dollari hajmiga yetish.
Ozarbayjon tashqi siyosati ko‘p vektorli xarakterga ega bo‘lib, u bir vaqtning o‘zida Janubiy Kavkaz, Markaziy Osiyo va Turkiy davlatlar hamkorligi tizimida faol ishtirok etadi. Bu holat mamlakatni mintaqalararo bog‘lovchi davlat sifatida tavsiflash imkonini beradi.
MOH doirasida mazkur bog‘lovchi funksiya Markaziy Osiyo davlatlari uchun tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytiradi va formatning tashqi aloqalarini diversifikatsiya qiladi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Ozarbayjonning Markaziy Osiyo hamjamiyatiga to‘laqonli a’zo sifatida qo‘shilishi mintaqaviy integratsiyaning yangi bosqichini anglatadi. Bu qaror geoiqtisodiy bog‘liqlikni institutsional shaklga keltiradi va Markaziy Osiyoni Yevroosiyo makonida funksional platforma sifatida qayta ta’riflaydi.
O‘tkir Alimov yozib oldi.
O‘zA
Ўзбекча
English
Русский