Mamlakatimiz Prezidenti 2018 yil 25 avgustda “O'zbekiston Respublikasida Yoshlar kunini belgilash to'g'risidagi”gi Qonunga imzo qo'ydi. So'nggi yillarda ushbu kun mamlakatimizda keng nishonlanmoqda, yoshlarning eng sevimli, ularni birlashtiradigan bayramiga aylanib bormoqda. O'tgan qisqa davrda jamiyatimiz hayotidan mustahkam o'rin egallagan bu bayram davlatimiz, xalqimiz o'z farzandlarining baxti va kamoli uchun hech narsani ayamasligini, mamlakatimiz yoshlari ham Vatanimiz ravnaqi uchun xizmat qilishni o'z hayotining mazmuni deb bilishini yaqqol ifoda etmoqda.
Haqiqatan ham, yoshlarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta'minlash yurtimizda davlat siyosati darajasiga ko'tarilib, doimo e'tibor markazida bo'lib kelmoqda. Bugungi yoshlarga yaratilayotgan shart-sharoitlarga havas qilsa arziydi. Internet orqali jahonga chiqishayapti. Xorijda bilim olishga erishishyapti. Turli tillarni o'rganishmoqda. Fan va sport olimpiadalarida jahon ahliga hayratlar ulashmoqdalar.
Biz bundan juda xursandmiz. Yoshlar – mamlakatimizning buguni va kelajagi! Shu ma'noda, 30 iyun – Yoshlar kuni, aslida ham, bugungi saodatli hayotidan mamnun, kelajakka dadil qarayotgan, o'z oldiga aniq maqsadlarni qo'ygan, ilm sirlarini izchil o'rganayotgan, Vatan taqdirini ishonib topshirishga arziydigan yoshlar bayramidir.
Har qanday davlatning tarixiy taraqqiyot yo'lidan ma'lumki, yurtning jadal rivojlanishi, muayyan yutuqlarga erishishi, xalqning farovon bo'lishi o'sha davlatda yoshlar ta'lim-tarbiyasi va kelajagiga beriladigan e'tibor darajasiga chambarchas bog'liq. Binobarin, O'zbekistonda yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo'nalishlaridan biri hisoblanadi.
Yoshlarning ta'lim olishi, kasb-hunar egallashi, yetuk insonlar bo'lib ulg'ayishi yo'lida zamonaviy, ilg'or-innovatsion shart-sharoitlarni yaratib berish uchun O'zbekiston bor kuch va imkoniyatlarini ishga solmoqda. Chunki yosh avlodni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ma'naviy yetuk, jismonan sog'lom, vatanparvar va fidoyi etib tarbiyalash, huquq hamda manfaatlarini himoya qilishga e'tibor qancha kuchaytirilsa, uning samarasi ham shuncha yuqori bo'ladi. Mamlakatimizda yosh avlodni barkamol qilib tarbiyalash, ularning hayotga mustaqil qadam qo'yishlari uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Yoshlar kuni — faqat o'yin-kulgi, shodu xurramlik ayyomi emas. Bu kun uchun muayyan mavzu tanlanishi, hukumat a'zolari, rasmiylar, xalqaro tashkilotlar vakillari, mutaxassislar va, albatta, yoshlar vakillari ishtirokida yoshlarga oid muammolar yuzasidan fikr almashish, yechim va takliflar ishlab chiqilishi zarur.
Masalan, yoshlarning huquqiy savodxonligi, bo'sh ish o'rinlarini yaratish va ularni qanday qilib topish bo'yicha yoshlar xabardorligini oshirish, yoshlarni chekish va ichkilikbozlikdan himoya qilish, yoshlar ishbilarmonligi kabi dolzarb masalalar yuqori darajada muhokama qilinishi lozim. Bu muhokamalar keyinchalik huquqiy hujjat, dastur, loyiha yoki “Yo'l xaritasi” ko'rinishida hayotga tatbiq etilishi mumkin.
Yoshlar kuni munosabati bilan yoshlarning huquqiy savodxonligi, axborot madaniyatini yuksaltirish, huquqlari, imkoniyatlaridan xabardorligini oshirish bo'yicha targ'ibot-tarqatma materiallar tayyorlanishi va shahar-qishloqlarda tarqatilishi ham o'rinlidir. Deylik, ularda kollej bitiruvchisining huquq va imtiyozlari, qonuniy manfaatlari buzilgan taqdirda kimga va qanday tartibda murojaat qilishi, tadbirkorlikni boshlash uchun kredit olishdagi imtiyozlar va boshqa zarur axborotlar, yoshlar uchun foydali axborot manbalari haqidagi ma'lumotlar kiritilishi mumkin.
Yangi O'zbekiston – obod va farovon mamlakatimizni barpo etishda yoshlarimizning alohida o'rni bor. Ular o'z vatanparvarliklari, bilim va malakasi, g'ayrat-shijoati, tashabbuskorliklari bilan shu yurt va shu xalqning munosib farzandlari ekanliklarini namoyon etishga qodirlar.
Xulosa qilib aytganda, ta'lim tizimidagi innovatsion yondashuvlar va yoshlarimiz har tomonlama qo'llab-quvvatlanayotgani davlatimizning yoshlarga bo'lgan e'tiborining naqadar yuksak ekanligidan dalolat beradi. Zero, Yangi O'zbekistonni barpo etishda, bu yo'lda ishonchimiz va tayanchimiz bo'lmish navqiron avlodlarga har tomonlama munosib ta'lim-tarbiya berishda albatta, jadal islohotlar, ilm-ma'rifat va innovatsiyalar yetakchi o'rinda bo'lishi zarur.
MUXLISA HASANOVA,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari”
jurnali katta tahrirchisi
- Qo'shildi: 30.06.2021
- Ko'rishlar: 6633
- Chop etish