Yangi O'zbekistonda har bir bolaning barcha huquqlarini ta'minlash – ustuvor vazifa

1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni

 

Butun dunyoda bola huquqlarini maxsus himoya qilish zarurati dastlab Inson huquqlari to'g'risidagi xalqaro bill, shuningdek bolalar manfaatlarini himoya qilish bilan shug'ullanuvchi xalqaro tashkilotlarning tegishli hujjatlarida belgilab qo'yilgan. Xususan, 1959 yilgi Bola huquqlari deklaratsiyasida har bir bola uchun hech qanday kamsitish va cheklashlarsiz butun boshli huquqlar majmui mustahkamlangan.

Ushbu Deklaratsiya asosida 1989 yil 20 noyabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiya bola huquqlari sohasidagi birinchi majburiy xalqaro hujjatdir. Mazkur hujjatda insoniyatning uzviy bo'lagi sifatida tan olingan bolalarning fuqarolik, siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy huquqlari kafolatlangan.

O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kunnning ertasigayoq mustaqil navqiron mamlakatimiz BMTning Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyasini ratifikatsiya qilgan. Bu muhim dalil yurtimizda bolalarga bo'lgan yuksak e'tiborning o'ziga xos namunasidir.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ta'kidlaganidek, «Biz uchun jamiyatda begona bola yo'q va bo'lmasligi kerak. Hammasi o'zimizning, O'zbekistonimizning bolalari. Vaqtida mehr ko'rsatsak, ishga, ilmga, kasbu hunarga, ezgu fazilatlarga o'rgatsak, ularning yo'lini ochib bersak, ertaga foydasi o'zimizga, jamiyatimizga tegadi».

Bu haqda fikr yuritganda, jahonning aksariyat mamlakatlarida yozning ilk kuni bolajonlar uchun katta bayram hisoblanishini alohida ta'kidlash lozim. Binobarin, 1949 yilda Parijda Xotin-qizlar xalqaro demokratik federatsiyasining kongressi bo'lib o'tgan. Ushbu kongressda bolalarning bardamligi va baxt-saodatining kafolati bo'lgan mustahkam tinchlikni ta'minlash uchun doimiy kurash haqidagi chaqiriq yangragan.

Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrda sayyoramizda yashovchi barcha bolalarning sog'ligi va tinch-xotirjam hayotini saqlash dolzarb muammoga aylangan edi. Shu tariqa 1950 yildan e'tiboran 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni sifatida nishonlana boshladi. Bundan ko'zlangan maqsad bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini har tomonlama ta'minlashga e'tibor qaratishdir.

Joriy yilda dunyo miqyosida, jumladan, O'zbekistonda ham mazkur muhim xalqaro sanaga taalluqli barcha tadbirlar koronavirus pandemiyasi bilan bog'liq vaziyatni hisobga olgan holda, onlayn va oflayn tarzda o'tkazilmoqda.

Fursatdan foydalanib, mazkur sanaga doir milliy va xalqaro hujjatlarning mazmun-mohiyati va samaralari haqida muxtasar so'z yuritishni lozim topdik. Zero, har qanday ota-ona bolasining huquqlari to'la ta'minlanib, jondek aziz farzandi sog'lom, zehnli, kasb-hunarli va el-yurtiga sodiq bo'lib voyaga yetishini istaydi.

O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida bola huquqlari mustahkam kafolatlangan. Asosiy Qonunimizning 45-moddasida, jumladan, voyaga yetmaganlarning huquqlari davlat himoyasida ekani belgilab qo'yilgan.

Konstitutsiyaning 64-moddasiga ko'ra: “Ota-onalar o'z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar. Davlat va jamiyat yetim bolalarni va ota-onalarining vasiyligidan mahrum bo'lgan bolalarni boqish, tarbiyalash va o'qitishni ta'minlaydi, bolalarga bag'ishlangan xayriya faoliyatlarni rag'batlantiradi”.

Bosh Qomusimizning 65-moddasiga binoan esa: “Farzandlar ota-onalarning nasl-nasabidan va fuqarolik holatidan qat'i nazar, qonun oldida tengdirlar. Onalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi”.

Milliy huquqiy tizimda bola huquqlariga oid qonunlar alohida o'rin tutadi. O'zbekistonda ushbu sohada 100 dan ziyod normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan. Bu borada, ayniqsa, “Bola huquqlarining kafolatlari to'g'risida”gi qonun muhim dasturilamal bo'lmoqda. Mazkur hujjatda, jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning oilaviy muhit va jamiyatga integratsiyalashuvi, uy-joyi, ijtimoiy himoyasi hamda ta'lim olishi bilan bog'liq huquqlari kafolatlangan.

O'zbekiston mustaqillikka erishgandan so'ng 1992 yil 9 dekabrda o'zbek parlamenti ratifikatsiya qilgan birinchi majburiy xalqaro-huquqiy shartnoma – Bola huquqlari konventsiyasidir. Ushbu Konventsiyani jahon bolalarining o'ziga xos xalqaro Konstitutsiyasi deyish mumkin. Bundan tashqari, O'zbekiston bola huquqlariga oid o'nga yaqin xalqaro shartnomaga qo'shilgan.

Mamlakatimizda onalik va bolalikni qo'llab-quvvatlash, bolalarning ma'naviy va jismoniy rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish hamda BMTning Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi talablarini bajarish borasida keng ko'lamli ishlar olib borilmoqda.

O'zbekiston BMTning Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi va uning ikkita Fakul`tativ protokoli ishtirokchisi sifatida mazkur hujjatlarning barcha qoidalariga to'liq amal qilib kelmoqda. Ushbu Konventsiya qoidalari milliy qonunchiligimizga hamda davlat va jamoat tashkilotlari faoliyatiga izchillik bilan implementatsiya qilindi.

So'nggi yillarda mamlakatimizda bola huquqlari kafolatlarini mustahkamlash bo'yicha bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Bola huquqlari bo'yicha vakil lavozimi joriy etildi. Nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun 18 yosh etib belgilandi. Yetim bolalar va ota-onasining qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimi takomillashtirildi va boshqa ko'plab ezgu ishlar amalga oshirildi.

Bugungi kun talabi O'zbekistonda bolalar huquqlarini himoya qilish va qo'llab-quvvatlash, ularning huquqiy holatini takomillashtirish tizimini qayta ko'rib chiqishni taqozo qilmoqda. Amaldagi qonunchilikda bola huquqlarini to'la hajmda himoya qilishga imkon bermaydigan bir qator bo'shliqlar mavjud.

O'zbekiston Prezidenti, Parlamenti va Hukumati tomonidan bola huquqlarini himoya qilish borasida qonunchilikdagi shunday bo'shliqlar izchil to'ldirilmoqda. Bu borada bola huquqlarini himoya qiluvchi maxsus xalqaro mexanizmlar va xorijiy davlatlar bilan keng hamkorlik aloqalari yo'lga qo'yilgan.

Xususan, 2019 yil 7 dekabrda “Bola huquqlarining kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi qonun matbuotda e'lon qilindi. Mazkur Qonun bolalar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo'yicha faoliyatni ta'minlashning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishga qaratilgan. Shu asosda “Bola huquqlarining kafolatlari to'g'risida”gi qonunga va Jinoyat-protsessual kodeksiga o'zgartish hamda qo'shimchalar kiritildi.

Bu borada O'zbekiston Prezidentining 2019 yil 22 aprelda qabul qilingan “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori ham muhim ahamiyat kasb etganini alohida ta'kidlash lozim. Xususan, ushbu qaror bilan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) o'rinbosari – Bola huquqlari bo'yicha vakil lavozimi joriy etildi.

Davlat rahbarining 2020 yil 29 mayda qabul qilingan "Bola huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi qarori O'zbekistonda bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish, bola huquqlarining kafolatlarini ta'minlash va ushbu sohadagi xalqaro majburiyatlarni bajarishning ta'sirchan tizimini yaratish maqsadiga qaratilgani bilan g'oyat ahamiyatlidir.

Bugungi kunda Yangi O'zbekistonda onalik va bolalikni qo'llab-quvvatlash, bolalarning ma'naviy va jismoniy rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish masalalari alohida va doimiy e'tiborda turibdi. Ayniqsa, BMTning Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi talablarini bajarish borasida katta ko'lamdagi ishlar amalga oshirilmoqda.

BMT Bosh kotibi Antoniu Gutterishning “Har bir bolaning barcha huquqlariga amal qilinishi kerak” degan da'vatiga asosan mamlakatimizda so'ngi yillarda bola huquqlarini har tomonlama ta'minlash borasida muayyan ijobiy tajriba to'plandi. Jumladan, oilada bolaning manfaatlariga taalluqli har qanday masala hal qilinayotganda, shuningdek har qanday sud muhokamasi yoki ma'muriy muhokama davrida bolaning fikri inobatga olinishi belgilab berildi.

Yangi parlamentning qonun ijodkorligi yo'nalishida ham bu borada muhim natijalarga erishildi. Avvalo, 2020 yil 10 martda  “Bola huquqlarining qo'shimcha kafolatlari belgilanishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida"gi Qonun qabul qilindi.

Shu bilan birga, Oliy Majlis palatalari va Hukumatning qo'shma qarori bilan Bolalar huquqlarini himoya qilish va ularga qulay shart-sharoit yaratishga oid milliy harakatlar dasturi tasdiqlandi.

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi doirasida ham bolalar huquqlarini himoya qilish va rag'batlantirish masalalariga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Milliy strategiyasning shaxsiy va siyosiy huquqlarni himoya qilish sohasidagi ustuvor yo'nalishlari asosida 2021 yil 12 fevral` kuni “O'zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O'zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish haqida”gi Qonun qabul qilindi.

Ushbu Qonunga binoan, avvalo, O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 1281-modda bilan to'ldirildi. Unga ko'ra, o'n olti yoshdan o'n sakkiz yoshgacha bo'lgan shaxsning o'n sakkiz yoshga to'lmaganligi aybdorga ayon bo'lgan holda unga moddiy qimmatliklar berish yoki uni mulkiy manfaatdor etish orqali u bilan jinsiy aloqa qilish yoki jinsiy ehtiyojni g'ayritabiiy usulda qondirish uchun javobgarlik belgilandi. Bunda jinoyatning ob'ektiv tomoni zaruriy belgisi sifatida qilmish shunday harakatlar uchun ma'muriy jazo qo'llanilganidan keyin sodir etilganligi ko'zda tutiladi.

Shu bilan birga, mazkur jinoyat ob'ekti sifatida o'n sakkiz yoshga to'lmagan shaxsning normal va axloqiy rivojlanishi ekanligini inobatga olib, jinoyat sub'ekti yoshi 18 yosh etib belgilandi.

Shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 3812-moddasi birinchi qismiga qo'shimcha kiritilib, Jinoyat kodeksining 1281-moddasi bo'yicha tergov ichki ishlar organiga tegishliligi belgilandi.

Jinoyat kodeksi 1482-moddasining ikkinchi qismiga voyaga yetmagan shaxsni mehnatga biron-bir shaklda ma'muriy tarzda majburlaganlik uchun to'g'ridan-to'g'ri jinoiy javobgarlikni belgilovchi o'zgartirish kiritildi.

Mehnatga ma'muriy tarzda majburlaganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 51-moddasi ikkinchi qismi chiqarildi.

Jinoyat kodeksining 2161-moddasi voyaga yetmagan shaxsni O'zbekiston Respublikasida g'ayriqonuniy jamoat birlashmalari va diniy tashkilotlar, oqimlar, sektalar faoliyatida qatnashishga undash uchun jinoiy javobgarlikni belgilovchi ikkinchi qism bilan to'ldirildi.

Mazkur Qonunning qabul qilinishi mamlakatning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlariga to'la muvofiq keladi. Xususan:

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi (25-modda);

Fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risidagi xalqaro pakt (8, 23, 24-moddalar);

Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to'g'risidagi xalqaro pakt (10-modda) talablariga ko'ra, bola huquqlari kafolatlangan va hech kim majburiy yoki zo'raki mehnatga majbur qilinmasligi lozim.

Bundan tashqari, ushbu Qonun O'zbekiston Respublikasi bir qator xalqaro-huquqiy hujjatlarga qo'shilish orqali zimmasiga olgan majburiyatlariga mosdir. Bu o'rinda, jumladan:

Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiya;

Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyaga doir, bolalar savdosi, bolalar fohishabozligi va bolalar pornografiyasiga taalluqli Fakul`tativ protokol;

Odam savdosiga va uchinchi shaxslar tomonidan tanfurushlikdan foydalanilishiga qarshi kurash to'g'risidagi konventsiya;

Bolalar mehnatining og'ir shakllarini taqiqlash va yo'q qilishga doir shoshilinch choralar to'g'risidagi konventsiya (182-son Konventsiya);

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi konventsiyasini to'ldiruvchi Odam savdosining, ayniqsa ayollar va bolalar savdosining oldini olish hamda unga chek qo'yish va uning uchun jazolash haqidagi protokol (Palermo protokoli) haqida so'z bormoqda.

Keyingi yillarda ta'lim va tarbiya sohasida tub o'zgarishlar yuz bermoqda. Xususan, 2025 yilga borib 3-7 yoshdagi bolalarning 74,5 foizini maktabgacha ta'lim bilan qamrab olishni nazarda tutuvchi Maktabgacha ta'lim tizimini rivojlantirish kontseptsiyasi hayotga joriy etilmoqda.

Buning natijasida 2017 yilda mamlakatimizda bolalarni maktabgacha ta'lim bilan qamrab olish 27,7 foiz bo'lgan bo'lsa, bu ko'rsatkich 2020 yilga kelib 60, 9 foizga ko'tarildi. 

Yurtimizda 11 yillik maktab ta'limi tizimi qayta tiklandi. 2020 yil sentyabr` oyidan boshlab, o'quvchilarning xohish-istaklaridan kelib chiqqan holda, maktabgacha ta'lim tashkilotlari, umumta'lim va kasb-hunar maktablarida ta'lim jarayoni onlayn va an'anaviy tarzda amalga oshirilmoqda.

Pandemiya sharoitida ham bolalarning barcha huquqlarini izchil ro'yobga chiqarishga intilmoqdamiz. Jumladan, mamlakatimizda har bir bolaning bilim olishga oid huquqini ta'minlashga jidiy ahamiyat berilmoqda.

Bunda 2020 yil 23 sentyabr` kuni "Ta'lim to'g'risida"gi Qonunning xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan yangi tahriri qabul qilingani muhim ahamiyat kasb etmoqda. Yangi Qonun O'zbekistonda ta'lim sohasini tubdan isloh qilish, bolalarning ta'lim olish huquqlarini mustahkamlash hamda xalqaro standartlar asosida ta'lim xizmatlarini tashkil etish maqsadlariga xizmat qilayapti.

Joriy yilda davlatimiz rahbarining 438 ming nafar bitiruvchiga yo'llagan tabrigi har bir yosh uchun ularning kelusi ishlarida dasturilamaldir. Zero, tabrikda “Yangi O'zbekiston sharoitida, zamonaviy taraqqiyot talablari asosida ta'lim-tarbiya olgan yosh avlod vakillari sifatida barchangiz davlatimiz, xalqimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlarni qadrlab, ulardan yanada samarali foydalanasiz”, – deya yoshlarga yuksak ishonch bildirilgan.

Mamlakat ta'lim tizimida yaratilayotgan yangidan-yangi imkoniyatlar haqidagi ayrim dalil va raqamlarga to'xtalamiz. So'nggi 4 yilda yurtimizda 134 ta yangi maktab qurilib, 2 ming 965 tasi rekonstruktsiya qilingan va zamonaviy jihozlangan. Mutlaqo yangicha mazmun va shakldagi Prezident maktablari, ijod maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablar barpo etilmoqda.

Hozirgi vaqtda  O'zbekistonda 10 mingdan ortiq davlat umumta'lim maktabi, 171 ta nodavlat, 18 ta davlat-xususiy sheriklik  shaklidagi maktablar faoliyat ko'rsatayapti. Jumladan, 56 ta matematika, 28 ta kimyo-biologiya, 14 ta axborot texnologiyalari fanlariga ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etilishi ham yoshlarimizni fan sirlarini puxta egallashlarida katta o'rin tutadi.

Mamlakatimizda hozirgi kunda 137 ta oliy o'quv yurti, 339 ta kasb-hunar maktabi, 193 ta kollej va 196 ta texnikum bor. Bu, o'z navbatida, bitiruvchilarni  ta'limning navbatdagi bosqichi bilan qamrab olishga xizmat qilmoqda.

Yoshlarimiz bir vaqtning o'zida 5 tagacha oliy ta'lim muassasasida tanlovlarda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo'lmoqda. Natijada bitiruvchi yoshlarni oliy ta'limga qamrab olish darajasi 2016 yilda 9 foiz bo'lgan bo'lsa, 2020 yilda 25 foizga yetdi. Bu ko'rsatkichni joriy yilda – 28 foizga, 2030 yilda 50 foizga yetkazish asosiy vazifa sifatida belgilab olingani juda muhimdir.

Ayni chog'da, maktabgacha ta'lim va umumta'lim muassasalarida, akademik litsey va kollejlarda "Inson huquqlari", "Bola huquqlari" o'quv kurslarini joriy etish vazifasi belgilangan. Hozirgi vaqtda Markaz tomonidan shu sohaga taalluqli o'quv kursi dasturi va “Bola huquqlari” darsligi tayyorlanmoqda.

Bularning barchasi mamlakatimizda bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash yo'lidagi izchil islohotlar o'z samaralarini berayotganini yana bir bor tasdiqlaydi. Bu, o'z navbatida, farzandlarimizni har tomonlama munosib vorislar etib tarbiyalash nuqtai nazaridan juda ham muhim. Zero, Nobel` mukofoti sohibi, atoqli ingliz adibi Bernard Shou aytganidek, «Odam mamlakat va insoniyat uchun qilishi mumkin bo'lgan eng katta xizmat – bolalarini tarbiyalashidir».

Xulosa o'rnida shuni ta'kidlash joizki, bolani ijtimoiy himoya qilish, sog'ligini saqlash, iqtisodiy qo'llab-quvvatlash, ilmiy, ijodiy, tadbirkorlik faoliyatini rag'batlantirish, noyob iqtidori yuzaga chiqishiga ko'maklashish kabi sohalarda ham salmoqli natijalarga erishilmoqda. Yanada muhimi, ehtiyojmand oilalar farzandlari, yetim va nogironligi bo'lgan bolalarning huquqlarini har tomonlama ta'minlash davlat va jamiyatning doimiy e'tiborida turibdi.

G'ulom Mirzo

Powered by GSpeech