Munosabat
Ma’lumki, Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, nutq so‘zladi. Davlatimiz rahbarining jahon minbaridagi mazkur nutqida nafaqat O‘zbekiston, balki dunyo aholisi hayotida muhim ahamiyat kasb etadigan dolzarb masalalar ko‘tarildi, taklif va g‘oyalar ilgari surildi.
Ushbu tarixiy nutqning mohiyati, unda bildirilgan g‘oya va tashabbuslar haqida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gulchehra Tojiboyeva o‘z munosabatini, mulohazalarini bildirdi:
— BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan yangragan nutq nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyo ahli uchun muhim voqea bo‘ldi. Chunki ushbu nutqda global muammolarga yechim izlash, hamjihatlik va adolat g‘oyalari asosiy o‘rin tutdi. Bu minbardan yangragan so‘zlar – O‘zbekistonning yangi qiyofasi, ya’ni ochiq, tashabbuskor va jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallayotgan davlat sifatidagi mavqeini namoyon etdi.
Prezidentimiz o‘z nutqida dunyo kun tartibining eng muhim masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdi. Xavfsizlik, iqlim o‘zgarishi, barqaror rivojlanish, inson huquqlari kabi masalalar nafaqat davlatlar, balki har bir inson hayotiga daxldor ekani ta’kidlandi. Masalan, iqlim o‘zgarishi haqida gap ketar ekan, bu jarayon qishloq xo‘jaligida hosildorlikka, ichimlik suvi ta’minotiga, bolalar salomatligiga bevosita ta’sir ko‘rsatishi aytildi.
Nutqdagi yo‘nalishlar har birimiz uchun hayotiy ahamiyatga ega. Yadroviy xavfsizlik masalasi nafaqat geosiyosiy muvozanat, balki kelajak avlodning tinch va osuda turmushi uchun asos ekanini anglatdi. Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatishga oid fikrlar ham diqqatga sazovor. Zero, bu mamlakatdagi barqarorlik butun Markaziy Osiyo uchun xavfsizlik va taraqqiyot kafolati hisoblanadi.
Dunyoda 2 milliarddan ortiq odam toza ichimlik suvidan mahrum. Bu global inqirozdir. O‘zbekiston tashabbusi bilan Suvni tejash bo‘yicha Butunjahon forumi tashkil etilishi rejalashtirilgani ham shu dolzarb muammoni hal qilishga qaratilgan. Shuningdek, iqlim migratsiyasiga oid aniq xalqaro mexanizmlar yo‘qligi qayd etildi. Prezident bu yo‘nalishda Global Pakt qabul qilishni taklif etdi. Bu esa samarali hamkorlik va umumiy javobgarlikni talab etadi.
Menimcha, mazkur nutq insoniyat oldida turgan jiddiy xavf va vazifalarni ochiq ko‘rsatdi. Orol muammosi, suv inqirozi yoki iqlim migratsiyasi — barchasi inson hayoti, salomatligi va kelajak farovonligi bilan chambarchas bog‘liq.
Prezidentning BMT minbaridan ilgari surgan “Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati” tashabbusi va uning qarorgohini O‘zbekistonda joylashtirish taklifi mamlakatimiz uchun katta ma’no kasb etadi. Bu g‘oya nafaqat ramziy, balki amaliy harakatga chaqiriqdir. Yosh avlod qalbi va ongiga gumanizm, do‘stlik, ishonch va hurmat g‘oyalarini singdirish umumiy vazifamiz. Shu bilan birga, raqamli taraqqiyot va sun’iy intellektdan foydalanishdagi tengsizlikka qarshi xalqaro hamkorlik mexanizmlarini yaratish zarurligi ham e’tirof etildi.
Men bu taklifni katta umid bilan qabul qilaman. Chunki yoshlar — kelajakning harakatlantiruvchi kuchi. Agar ular uchun bunday minbar yaratilsa, tinchlik, hamjihatlik va o‘zaro hurmat g‘oyalari hayotda mustahkam o‘rin egallaydi. Biroq faqat da’vat bilan cheklanmasdan, uni amaliy qadamlar bilan ta’minlash zarur.
“Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati” — g‘oya emas, balki amaliy harakat. Agar bu tashabbus hayotga tatbiq etilsa, O‘zbekiston dunyo maydonida yoshlarning haqiqiy sherigiga aylanadi. Shuningdek, davlatimiz rahbarining BMTning o‘zi ham zamon talablariga mos ravishda yangilanishi kerakligi haqidagi fikri butun insoniyat uchun muhim da’vatdir.
Shu jihatdan qaraganda, Prezidentimiz nutqi faqat rasmiy bayonot emas, balki chuqur ma’naviy va amaliy chaqiriq. Har bir g‘oya va taklif ortida inson qadri, tinchlik, adolat va hamjihatlik turibdi. Mazkur nutq xalqimizning kelajakka ishonchini yanada mustahkamlaydi, yurtimizning xalqaro maydondagi nufuzini oshiradi.
“Yangi O‘zbekiston” g‘oyasi – shior emas, balki har birimizning faol ishtirokimizga bog‘liq ulkan maqsad. Agar nutqda ilgari surilgan da’vatlar amalga oshsa, yurtimiz xalqaro maydonda ishonchli sherikka aylanadi.
Muhtarama Komilova yozib oldi.
O‘zA
- Qo'shildi: 24.09.2025
- Ko'rishlar: 76
- Chop etish