Poytaxtimizda “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan opa-singillarimizni mukofotlash tadbiri o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida bo‘lib o‘tgan mazkur tantanali tadbir Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan tashkil etildi.
Unda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, vazirlik-idora, ilm-fan, san’at va madaniyat, ijtimoiy-siyosiy hayotimizda faol bo‘lgan xotin-qizlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova mamlakatimizda ayol-qizlarni e’zozlash, ularga har jihatdan ko‘maklashish, muammolarini hal etish, kuchli ijtimoiy himoyalash masalasi yangicha ma’no-mazmun kasb etganini ta’kidladi.
Aytish kerakki, “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 2 apreldagi “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishonini ta’sis etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi tegishli qarori bilan ta’sis etilgan.
Tadbirda ta’kidlanganidek, Yangi O‘zbekistonning xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash borasidagi dadil odimlari xalqaro darajada ham e’tirof etilmoqda.
Bugungi kunda xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi 35 foizga, tadbirkorlik sohasida 45 foizga, siyosiy partiyalar tarkibida esa 49 foizga yetdi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 38 foizi, Senat a’zolarining 27 foizi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari deputatlarining 32,6 foizi ayollardan iborat.
Bu esa mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy maydonida xotin-qizlarga bo‘lgan ishonch va imkoniyatlarning ulkan ifodasidir. O‘z navbatida, mamlakatimizdagi siyosiy jarayonlarning yangilanishi va tartibga solishning o‘ziga xos ko‘rsatkichi sifatida qabul qilinmoqda.
Deputatlar orasida ayollar va yoshlarning ulushi tarixiy muhim ahamiyatga ega bo‘lib, 57 nafarini ayollar tashkil etgani mintaqa uchun eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi. Bu ko‘rsatkichlar O‘zbekistonning gender tenglik bo‘yicha olib borayotgan ishlarini haqiqiy yangilanish va jahon miqyosida tan olishning ifodasidir.
Milliy parlamentlar bo‘yicha xalqaro reytingda (IPU Parline) O‘zbekiston parlamentlaridagi xotin-qizlar salmog‘i bo‘yicha jahondagi 193 ta davlat orasida 49 o‘rindan 34 o‘ringa ko‘tarilishi, davlatimizning demokratiya va gender tenglik sohasidagi katta yutuqlaridan dalolat beradi.
“Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoni Nizom talablariga muvofiq, vazirlik, idoralardan hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari tomonidan mazkur ko‘krak nishoni bilan taqdirlashga nomzodlar hujjatlari taqdim etilib, Respublika komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqildi.
Respublika komissiyasi tomonidan 68 ta vazirlik va idoralardan 182 nafar, hududiy Boshqarmalar tomonidan taqdim etilgan 708 nafar, jami 918 nafar nomzodning hujjatlari o‘rganildi.
Joriy yilda yangi yondashuv asosida birinchi marta Vatanimiz va uning sarhadlarini himoya qilish chog‘ida halok bo‘lgan 10 nafar harbiy xizmatchilarning, shuningdek, Olimpiada va Paralimpiya sport musobaqalari chempionlarining 18 nafar onalari ham ushbu ko‘krak nishoni bilan taqdirlanmoqda.
O‘rganish xulosalariga ko‘ra, hududlardan, tumanlar va shaharlardan, vazirlik va idoralardan, Respublika “Oqila ayollar” harakati a’zolaridan nomzodlarning hujjatlari saralandi.
Taqdirlash uchun tavsiya etilgan nomzodlarning ta’lim, sog‘liqni saqlash va sport, tadbirkor, fermer va hunarmandlar, huquq-tartibot, mahalla tizimida, olimalar, iqtisodiyot va ishlab-chiqarishning turli sohalarida, transport va kommunal soha, jamoat tashkilotlari vakillari ekani, shuningdek, mehnat faxriylari va boshqa tizimdagi ayollarni tashkil etishi e’tiborlidir.
“Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan barcha ayollarga ko‘krak nishoni va guvohnomasi, shuningdek, har bir taqdirlanuvchilarga bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt barobari (1,5 mln. so‘mdan) miqdorida pul mukofotlari berildi.
Bugungi kunga qadar 1 ming 500 nafardan ortiq xotin-qizlar ushbu ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. Endilikda esa ularning safi 1 ming 800 nafardan oshdi. Ta’kidlash joizki, Yangi O‘zbekistonda xotin-qizlarning huquqlarini mustahkamlash va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar istiqbolda oilalarda ma’naviy, axloqiy va ijtimoiy mustahkamlikni, pirovardida yurtimiz taraqqiyotining asosini tashkil etadi.
Nazokat Usmonova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA
- Qo'shildi: 05.03.2025
- Ko'rishlar: 754
- Chop etish