Yashil tashabbuslar va barqaror rivojlanish

BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan bildirilgan tashabbuslar xalqaro huquqning ustuvor yo‘nalishlari bilan uzviy bog‘liqdir. Xususan, barqaror rivojlanish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash va suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalari xalqaro huquqiy majburiyatlar va umumbashariy shartnomaviy tizim doirasida tahlil etildi.

Zamonaviy dunyo uchun global xavflar ichida iqlim o‘zgarishi birinchi o‘rinda turibdi

Bu jarayon nafaqat tabiatga, balki inson hayotining barcha sohalariga ta’sir qilmoqda: suv resurslari tanqisligi, havo ifloslanishi, cho‘llanish, migratsiya va hatto oziq-ovqat xavfsizligi kabi muammolar shundan kelib chiqmoqda.

Orol dengizi qurishining oqibatlari umuminsoniy fojia sifatida e’tirof etildi. Bu holat BMT Nizomi va 1972 yildagi Stokgolm deklaratsiyasida mustahkamlangan “chegaralararo ekologik zarar yetkazmaslik” prinsipi bilan chambarchas bog‘liq. O‘zbekiston amalga oshirayotgan keng ko‘lamli tiklanish ishlari – xalqaro hamjamiyat oldidagi majburiyatlarning bajarilishini ta’minlaydigan huquqiy mexanizm sifatida baholanishi mumkin.

Orol muammosi – insoniyat oldida turgan haqiqiy ogohlantirish qo‘ng‘irog‘i

O‘zbekiston uchun iqlim o‘zgarishi muammosi hayotiy ahamiyatga ega. Orol dengizi qurishi butun dunyoda ekologik fojia sifatida e’tirof etilgan. Qurib qolgan dengiz tubidagi tuz va chang minglab kilometrga tarqalmoqda, bu esa aholi salomatligi va qishloq xo‘jaligiga ta’sir ko‘rsatadi. Mamlakatimizda bu hududni tiklash, ko‘chat ekish va yashil qoplamalar yaratish ishlari izchil davom etmoqda. So‘nggi yillarda Orol tubida 2 million gektar yerga sho‘rga chidamli o‘simliklar ekilib, 2030 yilga qadar hududning 80 foizida yashil qoplamalar yaratilishi rejalashtirilgan.

Suv resurslari – umuminsoniy manfaat va hamjihatlik masalasi

Davlatimiz rahbari BMT tuzilmalari bilan mintaqada qator yangi loyiha va dasturlarni amalga oshirishni, jumladan, EKOSOS va YUNKTAD shafeligida Markaziy Osiyo davlatlarining iqtisodiy taraqqiyoti masalalariga bag‘ishlangan xalqaro forum o‘tkazish, YUNIDO bilan sanoatda “yashil” texnologiyalar mintaqaviy xabini tashkil etish, mintaqamizda suv resurslaridan oqilona foydalanish, “yashil” makon barpo etish hamda demografik barqarorlikka erishish bo‘yicha dasturlarni qabul qilishni taklif qildi.
 

Suv resurslarining tanqisligi bugungi kunda insoniyat uchun eng katta muammolardan biriga aylandi. Toza ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyoj tobora ortib bormoqda. Shu bois, O‘zbekistonda “Suvni tejash bo‘yicha Butunjahon forumi” o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Suvdan oqilona foydalanish masalasi 1997 yilgi “Xalqaro suv yo‘llaridan notijorat maqsadlarda foydalanish huquqi to‘g‘risida”gi Konvensiya, shuningdek, 2010 yilda BMT Bosh Assambleyasida insonning toza ichimlik suviga bo‘lgan huquqi alohida e’tirof etilgani bilan uyg‘un. O‘zbekistonning tashabbusi xalqaro huquqdagi mavjud mexanizmlarni mustahkamlashga qaratilgan amaliy qadam sifatida namoyon bo‘ldi.

Iqlim o‘zgarishi sababli migratsiya masalasi huquqiy jihatdan hali ochiq qolmoqda

Davlatimiz rahbari nutqida, iqlim o‘zgarishi sababli kelib chiqadigan migratsiya jarayonlari xalqaro huquqda hanuzgacha aniq normalar bilan tartibga solinmaganligini ta’kidladi. Bugungi kunda “1951 yilgi Jeneva Konvensiyasi” faqatgina qochqinlar maqomi bilan bog‘liq munosabatlarni qamrab oladi. Ammo iqlim migrantlari masalasi hech bir xalqaro shartnomada aniq belgilanmagan. O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan “Global pakt” tashabbusi shu huquqiy bo‘shliqni to‘ldirish va xalqaro majburiyatlarning yangi turini shakllantirish zarurligini ko‘rsatadi.

Yashil tashabbuslar – milliy va xalqaro qonunchilik uyg‘unligi

“Yashil makon” loyihasi, barqaror rivojlanish maqsadlariga uyg‘un islohotlar, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalardan insoniyat manfaati yo‘lida foydalanish – bularning barchasi xalqaro ekologiya huquqi va milliy qonunchilik uyg‘unligining namoyon bo‘lishi sifatida qaraladi. Bu yo‘nalishda O‘zbekistonning tashabbuslari BMTning 2030 yilgacha bo‘lgan Barqaror rivojlanish dasturi bilan to‘liq uyg‘unlik kasb etadi.
 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT 80-sessiyasidagi nutqi ekologik muammolarni hal qilishda xalqaro huquqning rolini yanada mustahkamlash zarurligini ko‘rsatdi. Prezident tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar – suvdan oqilona foydalanish, iqlim migratsiyasi bo‘yicha huquqiy mexanizm yaratish, Orolbo‘yini tiklash ishlari – xalqaro huquqiy tizimda yangi normalar shakllanishiga turtki bo‘ladi. Demak, O‘zbekiston bugun nafaqat milliy miqyosda ekologik xavfsizlikni ta’minlash, balki global huquqiy tartibga solishda ham faol ishtirokchi sifatida maydonga chiqmoqda. Bu esa mamlakatimizning xalqaro nufuzini mustahkamlash bilan birga, insoniyat taqdiriga daxldor bo‘lgan masalalarda huquqiy kafolatlarni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Olim Narzullayev,

eskpert

O‘zA

Powered by GSpeech